Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha tuzilmasini tuzish, uning qarorgohini esa Orolboʻyining ekologik fojiadan eng koʻp jabr koʻrgan tumanlaridan birida joylashtirish gʻoyasini ilgari surdi. Bu bejiz emas, albatta.
Yaqinda noyabr oyining 4-6 sanalarida Toshkentda boʻlib oʻtgan chang boʻroni jahonda atrof muhitga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish lozimligini anglatmoqda. Chunki, Ona Zamin bu bizning umumiy uyimiz. Haqiqatan ham keyingi paytlarda antropogen omillar natijasida tuproqlarning quruqlashib borishi, daraxtlarning koʻplab kesilishi, atmosferaga tashlanadigan turli xil gazlar — sanoat korxonalari va transport vositalari chiqindilari orqali atrof muhitning ifloslanish miqdori koʻpayib borayotganini koʻrsatmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Toshkent atmosferasiga yogʻilgan changlarning konsentratsiyasi xavfliligi jihatidan 30 martaga oshganligi maʼlum boʻldi, bunday holat keyingi 150 yilda kuzatilmagan.
Ushbu manzaralar va Orol boʻyi holatlari endilikda “Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish” fanini talabalarga jiddiy oʻqitishni talab qiladi. Ekologiya fanini oʻqitishda eng zamonaviy metodlardan foydalanib darslarni olib borish zarurligini koʻrsatmoqda. Endilikda Ekologiya fanini oʻqitishda uzluksiz taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish, va uni avvalo maktabgacha taʼlimdan boshlash kerak deb hisoblayman. Farzandlarda tabiatga muhabbat ruhini bolaligidan tarbiyalash kerak. Bogʻcha, maktab, maxsus taʼlim, oliy oʻquv yurtidagi saboqlardan atrof muhitga mehrli munosabatni singdirish kerak. Chunki, insonlar doimo tabiat bilan uygʻunlikda yashaydilar. Demak shunday ekan, ushbu fanni oʻqitishda yangi zamonaviy innovatsion metodlardan foydalanib dars soatlarni olib borishga, dars vaqtida tabiatga berilayotgan zarar, choʻllanish oqibatlari, tuproq degradatsiyasi, okeanlarda suv sathining koʻtarilishi, flora va faunaning kamayib borishi kabi holatlar aks ettirilgan video filmlar, slaydalar namoyish etilishi kerak. Yana bir asosiysi tabiat qoʻyniga chiqib bolalar , yoshlar atrof-muhitga berilayotgan salbiy oqibatlarni oʻz koʻzi bilan koʻrishi zarur. Oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqituvchi va talabalarni xorij mamlakatlariga yuborib ulardagi ekologiya boʻyicha oʻqitish usullari bilan tanishtirilsa juda maʼqul boʻlardi.
Dunyo mamlakatlari orasida yapon millati eng uzoq umr koʻradi, bunga sabab, Yaponiya xalqi ekologik qonunlar va tartiblarga rioya qiluvchi xisoblanadi. Yapon millatida ekologik ong, ekologik madaniyat va tushuncha toʻliq shakllangan. Ular oʻzlari yashab turgan tabiatni juda avaylaydilar.
Mamlakatimizda ushbu sohada qator ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsa-da “Ekologiya va tabiatni muxofaza qilish” fanini oʻqitishning nazariy va metodik asoslari muammosiga bagʻishlangan maxsus, keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlar amalga oshirilmagan, ekologiya va tabiatni muxofaza qilish fanini oʻqitishning metodik asoslari yetarli emasligi, ekologik taʼlim berishda xalqaro tajribalar va zamonaviy yondashuvlarning tadbiq etilmaganligi, ekologiya va tabiatni muxofaza qilish fanini oʻqitishning konseptual modeli yaratilmaganligi, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish fanini oʻqitishda inson salomatligini saqlash qaratilgan innovatsion taʼlim texnologiyalarini ishlab chiqish zarurligini koʻrsatadi. Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish fani boʻyicha tushunchalarni talaba oʻquv jarayonida olishi lozim, aks holda bu fanga eʼtibor qilmas ekanmiz, oʻzimiz yashayotgan Ona Sayyoramizni yaxshi bilmas va uni tushunmas ekanmiz, bu ishlar yaxshilikka olib kelmaydi. Ekologiya fanini oʻqitish boʻyicha belgilangan dars soatlari hali talabga javob bermaydi. Chunki, bugungi kunda zamonning rivojlanishiga qarab uning tarmoqlari juda kengayib bormoqda. Har bir soha boʻyicha bilimli mutaxasislar lozim, Buning uchun ularga auditoriyada dars berib, ekologik ong va madaniyatni shakllantirib, keyinchalik kelajak uchun maʼsul kadrlarni tarbiyalab borish kerak.
Yevropaning Glazgo shahrida joriy yilning 1-12 noyabr kunlari boʻlib oʻtgan Iqlim oʻzgarishiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ham atmosferaga tashlanayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirish barcha mamlakatlarning burch va vazifasi ekanligini jiddiy taʼkidlandi. Anjumanda yashil energiyadan samarali foydalanish, transport vositalarining tashlanmalarini kamaytirish hamda karxonalar chiqindilarini zararsizlantirish kabi vazifalarni har bir mamlakat oʻziga maqsad va vazifa qilib belgilab olishi lozimligi taʼkidlandi.
Demak, ekologiyaning musaffoligi Yer kurrasidagi har bir inson uchun zarurat hisoblanadi. Tabiat hammamizning onamiz, hadeb unga ozor beraverish oqibati aylanib oʻzimizga kaltak boʻlib tushadi. Turli kasalliklar kelib chiqadi, nafas oladigan havomiz, isteʼmol qiladigan oziq-ovqatlarimiz hammasi zaharli moddalar bilan toʻyinadi, ifloslanadi. Buning oldini olish har birimizning burchimiz
Husnobod Hushvaqtova, Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti Tabiiy fanlar kafedrasi mudiri, dotsent
Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish hammaning ishi. Chunki barchamiz shu yolgʻizgina tabiatda yashar ekanmiz uni saqlashimiz va asrashimiz zarur. Butun dunyo xalqi atrof-muhit haqida qaygʻurmoqda katta ishlarni qilishmoiʼda. Bizlardan baʼzilarimiz esa hali uyqudamiz, uygʻonib oʻzimiz yashaydigan Ona Sayyorani asrashga oʻrganaylik.Mamlakatimiz Prezidenti «yashil makon» tashabbusini bekorga koʻtarmadilar. Maqola oʻz vaqtida chiqqan, davr talabi endilikda EKOLOGIYADIR.