«El-yurt umidi» jamgʻarmasi direktori oʻrinbosari Javohir Ahmedov: Bir nafar talabaning xorijda tahsil olishi 75 ming dollarga tushadi

0
455
marta koʻrilgan.

Prezidentimizning 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga alohida vazifalar belgilangan.

Farmonda belgilangan vazifalar, ularning ahamiyati va ijrosi yuzasidan OʻzA muxbiri “El-yurt umidi” jamgʻarmasi direktori oʻrinbosari Javohir Ahmedov bilan suhbatlashdi.

– Mazkur farmon jamgʻarmamiz faoliyatini tubdan takomillashtirishga asos boʻladigan hujjat boʻldi, desak adashmagan boʻlamiz, – deydi J.Ahmedov. – Xususan, jamgʻarmaning 3 ta taʼlim dasturi asosiy taʼlim dasturlari sifatida eʼlon qilinadigan boʻldi. 2021 yildan boshlab bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari jamgʻarmaning asosiy taʼlim dasturlari, deb hisoblanadi. Shu dasturlar asosida xorijdagi nufuzli universitet, ilmiy markaz va kompaniyalarda taʼlim olish tashkil etiladi.

Jamgʻarmaning 4 asosiy yoʻnalishi mavjud. Birinchisi, bu davlat va jamiyat boshqaruvi, ikkinchisi, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq sohasi tizimi, uchinchisi, taʼlim, soliqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalar, toʻrtinchisi, iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari yoʻnalishlari kesimida tanlov kvotalari eʼlon qilinadi. Jamgʻarmaning asosiy taʼlim dasturlari bilan bir qatorda uning yoʻnalishlari ham belgilab olindi. Ilk bor bakalavriat dasturi asosida xorijdagi nufuzli universitetlarga 3 yildan 4 yilgacha boʻlgan muddatda taʼlim olish tashkil etildi. Magistratura dasturida 1 yildan 2 yilgacha, doktoranturada esa bu koʻrsatkich 1 yildan 4 yilgacha boʻlgan muddatlarni oʻz ichiga olishi mumkin.

Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur farmon bilan jamgʻarmaning taʼlim dasturidan tashqari maqsadli stajirovka dasturlari tashkil etilishi belgilandi. Maqsadli stajirovka bu respublikamizdagi barcha vazirlik va idoralarning ustuvor mutaxassisligida eʼlon qilinadi. Ularning buyurtmalari bilan jamgʻarma yirik-yirik xorijiy kompaniyalar bilan stajirovka dasturlarini tashkil etib beradi.

– “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tashkil etilgandan buyon qancha talaba yoki davlat xizmatchisini xorijga malaka oshirishga yubordi?

– Jamgʻarmamiz tashkil etilganiga 2 yil boʻldi. Mana shu muddatda mingga yaqin yosh mutaxassislarimizni magistratura, doktorantura, stajirovka va malaka oshirish dasturlari doirasida dunyoning rivojlangan 30 dan ortiq mamlakatlarida taʼlim olishi va stajirovka oʻtashi tashkil etildi. Bugungi kunda 932 nafar mutaxassisimiz mamlakatimizga qaytib kelib, 200 dan ortiq soha va yoʻnalishlarda, vazirlik idoralarda faoliyatini davom ettiryapti. “El-yurt umidi” jamgʻarmasini bitirib kelgan nomzodlarga vazirlik va idoralarda talab yuqori boʻlmoqda.

– “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan malaka oshirishga yuborilgan xodim uchun davlat tomonidan qancha mablagʻ ajratiladi?

– 2021 yilda tasdiqlangan davlat byudjeti parametrlariga koʻra, jamgʻarma dasturlarini moliyalashtirish uchun 62 milliard soʻm ajratilgan. Shu bilan birga, mazkur farmon bilan vasiylik kengashiga 2 oy muddatda 1 talabaga ketadigan xarajatlarni tasdiqlash boʻyicha topshiriq berilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, jamgʻarmamiz tomonidan xorijga yuborilgan stipendiantlarimizning barcha xarajatlari – oʻqishi, yashashi, transport xarajatlari qoplab beriladi. Ilgari top 500 talik reytingga kirgan oliy taʼlim muassasalari moliyalashtirilgan boʻlsa, mazkur farmon bilan top 300 talik reyting moliyalashtiriladi. Aytish joiz, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining qanchalik reytingi yuqori boʻlsa, shunchalik oʻqish qiymati ham yuqori boʻladi. Oʻtgan yillarda 1 nafar talaba xorijda tahsil olishi uchun 75 ming dollargacha mablagʻ toʻliq moliyalashtirilgan. Talaba oʻqishni tamomlab qaytib kelganidan soʻng 7 yil davomida ishlab berish sharti qoʻyilgan. Hozirda bu borada oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Xorijda oʻqigan stipendiant qandaydir sabablarga koʻra oʻqishdan chetlashtirilsa yoki davlat tashkilotida ishlay olmasa, bu jarayonda jamgʻarma tomonidan qilingan xarajatlar qanday qoplanadi?

– Juda dolzarb mavzuni koʻtardingiz, avvalo, stipendiant gʻolib boʻlganidan keyin u bilan toʻrt tomonlama shartnoma imzolanadi. Shartnoma shartlarida shu masala kiritiladi.

Jumladan, stipendiant uzrli va uzrsiz sabablarga koʻra talabalar, magistrlar yoki doktorantlar safidan chetlashtirilgan holatda, birinchi navbatda, stipendiantga sarflangan barcha xarajatlarni qaytarish haqida vasiylik kengashiga qaror chiqaramiz. Vasiylik kengashi qarorni tasdiqlaganidan keyin sudning qarori bilan stipendiantdan ushbu xarajatlar qoplanadi.

– Chet elga oʻqishga yuborilgan kadr Oʻzbekistonga qaytib kelishni xohlamadi. Oʻqishni tugatganidan keyin oʻqigan mamlakatida ishlashni xohladi. Bunaqa jarayonlarda qanday yoʻl tutiladi?

– Toʻgʻri, xorijda tahsil olayotgan talabalarimizning baʼzilari xorijiy davlatlarga mahliyo boʻlib yoki yuqori maosh taklif qilsa, fikri oʻzgarishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida 4 tomonlama shartnoma imzolayapmiz. Mazkur shartnomada ota-onasiga agar farzandi chet eldan qaytib kelishni istamasa, sarflangan xarajatlarni qoplab berish shartini qoʻyamiz.

OʻzA muxbiri Shahnoza MAMATUROPOVA suhbatlashdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.