Elektromobil tarmogʻini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi

0
54
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuni elektromobil ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda avtomobilsozlik boʻyicha katta tajriba va infratuzilma bor. Bugungi kunda 8 ta zavodda oʻnlab turdagi avtomobillar, yoʻlovchi va yuk mashinalari, qishloq xoʻjaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda. Yana 2 mingdan ziyod korxonada kooperatsiya asosida butlovchi va ehtiyot qismlar tayyorlanmoqda.

Oʻtgan yili dekabrda boʻlgan yigʻilishda davlatimiz rahbari elektromobillar hayotga tez kirib kelayotganini taʼkidlab, bu sohani oʻzlashtirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Joriy yil yanvarda Xitoyga davlat tashrifi chogʻida Prezidentimiz “BYD” kompaniyasining bosh qarorgohida boʻldi. Ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni yigʻish boʻyicha loyiha boshlandi. Kompaniya rahbari bilan muzokara chogʻida yaqin istiqbolda ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 ming donagacha yetkazish boʻyicha fikr almashilgan edi.

Bu zamon talab qilayotgan yoʻnalish. Soʻnggi uch yilda Oʻzbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar koʻpaygan. 2023 yilda import qilingan avtomobillarning 35 foizini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.

Shu bois mutasaddilarga bu yoʻnalishdagi marralarni kengroq olib, loyihalarni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. “BYD” kompaniyasi hamkorlarini jalb qilib, elektromobillar uchun butlovchi qismlarni oʻzlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur yangi tarmoqda raqobatbardosh boʻlish uchun, eng avvalo, innovatsiya va ilgʻor texnologiyalar kerak. Shu bois Turin politexnika instituti, muhandislik markazlari, ilmiy institut va laboratoriyalarni oʻzaro bogʻlaydigan yaxlit tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, bu soha rivojlanishi bilan mutaxassis va ishchilarga talab ortadi. Yaqin uch yilda bu talab 10 mingga yetishi mumkin. Shuning uchun malakali kadrlar tayyorlashni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqilishi belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.