Ayni kunda butun dunyo ahli kabi oʻzbek xalqi ham tahlikali vaziyat, ogʻir va sinovli kunlarni boshidan kechirmokda. Ana shunday sinovli damlarda mamlakatimiz ahli koronavirus balosini daf qilishda bir tanu bir jon boʻlib, hamkorlikda harakat kilayotgani quvonarlidir.
Aslida boshga sinovlar tushganda yaxshilar jipslashadi, ezgulik, yaxshilik yoʻlida birlashadi, bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi. Xalqimiz sinovli kunlarda hamisha jipslashganini tarix ham isbotlab turibdi.
Ayni sinovli kunlarda xalqimizning maʼnaviy qadriyatlarini eʼzozlab yashayotgan mehr- oqibati, saxovati va himmati yuksak fazilatli insonlar oʻzligini namoyon qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining toʻliq ishlashini taʼminlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash masalasiga yana eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari ayni kunda vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi va halqimiz farovonligi yoʻlida bir tanu bir jon boʻlib yashashga chaqirdi. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi. Mamlakatimizda Prezidentimizning tashabbusiga labbay deb javob beradigan tadbirkorlar, fidoyi insonlar juda koʻpligi kishini quvontiradi.
«BIZNES AZIYA» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan karantin boshlanganidan beri 200dan ortiq kam taʼminlangan va muhtoj oilalarga yordam berildi. Jumladan, Yakkasaroy tumanidagi “Belariq” mahallasiga 30 ta jamlama, ushbu tumanning “Armugʻon” mahallasiga 70 ta jamlama, Chilanzar tumanidagi “Nafosat” mahalla ahliga 36 ta jamlama, Toshkent viloyatidagi Kibray tumani»Seleksiya» mahallasiga 45ta jamlama oziq — ovqatlar armugʻon qilindi. Yigirma uch turdagi mahsulotlar jamlamasi ichidan kungaboqar yogʻi, tuz, shakar, un, chay, guruch, “Losk” kir yuvish kukuni, suyuq sovun, lapsha, vermishel kabi oilada kundalik ishlatiladigan mahsulotlar oʻrin olgan.
Ushbu tashkilotga “Armugʻon” mahallasi fuqarolar yigʻini kengashi raisi N. Uzoqov mahalladoshlari nomidan tashakkurnoma yoʻlladi:
– Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas boʻlgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish bizning milliy qadriyatlarimizdan biridir. Ana shunday paytda sizning tashkilotingiz ogʻirimizni yengil qildi. Armugʻon etilgan oziq-ovqatlardan mahalladoshlarimiz juda xursand, bari oʻz minnatdorchiligini bildirishyapti. Men shu qiyomat qarz habarni yetkazmoqdaman.
Ana shunday tashakkurnomalar Chilanzordagi «Nafosat» mahallasi kengashi raisi Sh. Adamboyev, Yakkasaroy tumanidagi “Belariq” mahalla yetakchisi B. Isroilovdan ham keldi.
“Olloh savob yoʻlida birni bergan kishiga mingni beradi” deyiladi Hadislarda. Yaratgan egam saxovatpesha tadbirkorlarimizning biriga mingni qoʻshsin! Yurt obodligi yoʻlidagi ularning saʼy harakatlarida Yaratgan egam madadkor boʻlishida tilakdoshmiz.
Saxovatpesha, fidoyi insonlar bor ekan xonadonlarimiz tinch, yurtimiz obod boʻlishiga ishonamiz. Chunki, barchaning qalbi va tilida bitta iltijo: Ollohim, kasallikni boshimizdan arit, barchamizni oʻz panohingda asra!
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist