Yangi oʻquv yilida magistrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotasi 7 695 nafar boʻlib, buni 53,7 foizi davlat granti (4 131 ta), 46,3 foizi kontrakt (3 564 ta) toʻlovi asosiga moʻljallangan, deya xabar beradi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy telegram kanali.
Joriy yilda ilk marotaba bakalavriat bitiruvchilari, bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga turdosh boʻlmagan magistratura mutaxassisliklari boʻyicha ham tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
OTMlarga mavjud quvvatlari, moddiy-texnik bazasi hamda professor-oʻqituvchilari tarkibidan kelib chiqib oʻzlarida mavjud magistratura mutaxassisliklariga bazaviy toʻlov-kontrakt boʻyicha qoʻshimcha qabulni amalga oshirish huquqi berildi.
Bundan tashqari, OTMlar rektorlariga (filiallar direktorlari) yangi oʻquv yilidan chet el fuqarolarini toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini tegishli magistratura mutaxassisligi boʻyicha OʻzR fuqarolari uchun belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda belgilash huquqi berildi.