Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat bojxona qoʻmitasi mutasaddilari ishtirokida «Yagona darcha» bojxona axborot tizimiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda «Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori ijrosiga doir masalalar muhokama qilindi.
Ushbu qarorga asosan 2020 yilning 1 fevralidan boshlab, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish nazarda tutilgani taʼkidlandi. Xususan, 2020 yilning 1 yanvaridan eʼtiboran mazkur tizim www.singlewindow.uz elektron manzilida ishga tushirilgan.
«Yagona darcha» bojxona axborot tizimiga Davlat bojxona qoʻmitasi, «Oʻzstandart» agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, «Oʻzdavkarantin» inspeksiyasi kabi vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari integratsiya qilingani qayd etildi.
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Baxtiyor Rahimov soʻzlariga koʻra, «Yagona darcha» — boshqaruv falsafasi boʻlib, uning doirasida hukumatning anʼanaviy tuzilmalari fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining talab-ehtiyojlariga toʻliqroq javob bera oladigan yangi dastaklarga transformatsiya boʻladi.
«Maqsadimiz axborot almashinuvi uchun yagona interfeysni yaratishdan iborat, — dedi boshqarma boshligʻi Nurbek Salomov. — Bu muhim maʼlumotlar bazasi orqali tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari davlat xizmatlaridan One-Stop Service tamoyili (xizmatlardan bir joyda foydalanish) boʻyicha foydalanadi».
Sodda qilib aytganda, endi tadbirkorlar oʻz idoralaridan chiqmasdan turib, internetdagi www.singlewindow.uz manzilida joylashgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlarni olish uchun ariza yuborishsa, kifoya.
Arizaga javoban berilgan hujjatlar va sertifikatlar mazkur portal orqali bir vaqtning oʻzida ham tadbirkorga, ham bojxona organlariga bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etiladi.
Maʼlum qilinishicha, hozirda 4,7 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidan foydalanmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot xizmati