Energiya samaradorligini oshirish tadbirlari boʻyicha axborot berildi

0
22
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni energiya resurslarini iqtisod qilish, isteʼmol samaradorligini oshirish hamda ulardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Energiya resurslarining eng koʻp sarfi, avvalo, iqtisodiyot tarmoqlariga toʻgʻri keladi. Eski davrlarda qurilgan zavodlar ekologiya va energiya samaradorlik talablariga javob bermagan. Yillar davomida modernizatsiyaga yetarli eʼtibor berilmagan. Baʼzi joylarda elektr va gaz kunlab boʻlmagan. Sanoat korxonalarida isteʼmol va yoʻqotishlar koʻp boʻlgan.

Shu bois soʻnggi yillarda iqtisodiyot sohalari energiya samaradorlik jihatidan yangilanmoqda. Yirik korxonalar va energetika tarmoqlari kesimida alohida dastur amalga oshirilmoqda.

2030 yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyot 2 karra oʻsishi kutilayapti. Bu energiya resurslariga boʻlgan talabni hozirgidan 1,5 karra oshiradi. Shuning uchun yangi loyihalarni ishga tushirib, quvvatni koʻpaytirish bilan birga energiyani tejash choralarini koʻrish zarur.  

Yigʻilishda mutasaddilar shu boradagi ishlar va kelgusi rejalar toʻgʻrisida axborot berdi.

Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, oʻtgan yilgi tajribani davom ettirib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari olimlar ishtirokida ilmiy asosda oʻrganilmoqda. Xususan, Samarqand, Sirdaryo va Jizzaxdagi oʻrganishlarda 870 million kilovatt soat elektr va 420 million kub metr gazni iqtisod qilishning yangi imkoniyatlari aniqlandi. Masalan, bu viloyatlardagi kichik va oʻrta sanoat korxonalarida 35 mingga yaqin eskirgan uskunalarni tejamkoriga almashtirib, yiliga 385 million kilovatt soat elektr va 50 million kub metr gaz tejash mumkin.

Tuman va mahallarda energiyani iqtisod qilish boʻyicha imkoniyatlar juda koʻp. Masalan, 300 ta mahallada 100 megavattli kichik quyosh stansiyalari barpo qilib, shu yilning oʻzida 45 million kub metr gaz tejasa boʻladi. Bundan tashqari, kanal va soylarda quriladigan mingdan ziyod mikro GESlar hisobiga qoʻshimcha 175 million kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi.

Koʻchalarni yoritishga ham yiliga 200 million kilovatt elektr sarflanayapti. Quyosh panelli chiroqlar oʻrnatilsa, isteʼmol 2 karra kamayadi.

Shu kabi imkoniyatlar hisobidan, bu yil 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz va 2,6 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish boʻyicha qoʻshimcha reja olindi.

Davlatimiz rahbari, birinchi navbatda, yirik sanoat korxonalarida zamonaviy tejamkor uskunalar oʻrnatish, energiya isrofini kamaytirish zarurligini taʼkidladi. Hukumatga bu sohada yangicha ijro va nazorat tizimida ishlash topshirildi.

Ishxonalar va uy-joylarda energiyani tejash madaniyatini oshirish ham muhim. Elektr va gazni behudaga yoqib qoʻymaslik, quyosh panellari va boshqa muqobil manbalardan foydalanish ham ancha hajmni tejaydi.

Fargʻona vodiysi viloyatlarida aholi zich joylashganini hisobga olib, ularni energiya bilan taʼminlashda alohida yondashuv ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy etilishi koʻzda tutilmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.