Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 yanvar kuni aholini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi kunlarda yurtimizga sovuq havo oqimi kirib keldi. Energiya va issiqlik taʼminotida uzilishlar kuzatildi. Davlatimiz rahbari bu masalaga chuqur toʻxtalib, tezkor choralar koʻrilishini taʼkidladi.
– Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning holatini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan oʻtkazayapman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buni har bir rahbar his qilishi kerak. Bu yilgi sovuq butun tizimning ahvolini, qishga tayyorgarlik yengil-yelpi boʻlganini koʻrsatdi. Endi bunday davom etishi mumkin emas. Yuzaga kelgan vaziyatni oʻnglash uchun tezkor choralar koʻramiz.
Yigʻilishda tabiiy gaz va elektr taʼminoti, kommunal sohadagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi.
Masalan, Toshkent shahrida oʻnlab mahallalarda elektr va gaz taʼminotida uzilishlar boʻlgan. Ayrim transformator va past kuchlanishli tarmoqlar ortiqcha yuklamaga bardosh berolmay ishdan chiqqan.
Buning sababi qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama boʻyicha aniq hisob-kitob qilinmagan. Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagan. Ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgan.
Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik koʻrmagani uchun Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayev lavozimidan ozod etildi.
Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev qatʼiy ogohlantirildi, shuningdek, respublikadagi bir qator tuman va shahar hokimlariga hayfsan berildi.
Talimarjon issiqlik stansiyasining energiya blokini taʼmirlash va elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlamagani uchun energetika vaziri oʻrinbosari Sh.Xodjayev va “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati rahbari F.Abdurahmonov vazifasidan ozod qilindi. Shuningdek, “Oʻztransgaz”, “Oʻzbekneftgaz” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlariga intizomiy jazo va sinov muddati belgilandi.
Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Oxirgi oylarning oʻzida neftgaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bu sohalardagi korrupsiyani yoʻq qilish, avtomobilga gaz quyish shoxobchalaridagi oʻgʻriliklarga chek qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlar belgilandi.
Bosh vazir va energetika vaziriga barcha imkoniyatlarni ishga solib, mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarga zudlik bilan energiya yetkazib berish vazifasi qoʻyildi. Xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilib,
boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Iqtisodiyot va moliya vaziriga energetika sohasi korxonalarida hisob-kitoblarni tartibga solish va moliyaviy masalalarni hal qilish boʻyicha topshiriq berildi.
Energiya taʼminotidagi uzilishlarning sabablari va koʻrilayotgan choralarni xalqimizga oʻz vaqtida tushuntirib borish kerak. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan yolgʻiz qariyalar, koʻp farzandli ehtiyojmand oilalarga yordam beriladi, ogʻir hollarda ular issiq joylarga koʻchiriladi.
Dehqon bozorlarida sharoitlarni yaxshilab, mahsulotlar bezarar saqlanishi va narx-navo barqarorligini taʼminlash ham muhimligi taʼkidlandi.
Energetika korxonalari rahbarlari va hokimlarga kelgusida bunday vaziyatga yoʻl qoʻymaslik uchun hozirdan aniq choralarni belgilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda energetika vaziri va hokimlar joylarda kuchaytirilgan tartibda olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.