Xorazm. Urganch shahridagi Yoshlar markazida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlangan anʼanaviy “Eng ulugʻ, eng aziz” Respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Bu yil viloyat tanloviga ijodkorlar tomonidan 5 ta yoʻnalish boʻyicha toʻrt yuzga yaqin ishlar taqdim qilindi.
Tanlovga taqdim etilgan ishlarda mamlakatimiz mustaqillik yillarida barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishilgani, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, xavfsizlik va barqarorlik taʼminlangani, Vatanimizning qudrati va salohiyati, xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori tobora ortib borayotgani, yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohot va oʻzgarishlarning mohiyati va ahamiyati, aholining, ayniqsa yoshlarimizning ongu tafakkuri, siyosiy saviyasi, ijtimoiy faoliyati oshib borayotgani, qishloq va shaharlarimiz obod boʻlib, yurtimizning qiyofasi tubdan oʻzgarayotgani aniq va taʼsirchan hayotiy misollar asosida aks ettirilgan.
Asarlarda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila-tadbirkor”, “Yoshlar-kelajagimiz”, “Beshta ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning maʼno-mazmuni keng targʻib qilingan. Mamlakatimizda ijtimoiy- iqtisodiy sohalarda amalga oshiralayotgan yaratuvchanlik ishlari, zamondoshlarimiz fidoyiliklari jamiyatimizda millatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat muhiti tobora mustahkamlanib borayotgani, betakror merosimiz, boy tariximiz, Vatan taqdiri, yurt istiqboliga dahldorlik tuygʻusi maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismiga aylanayotgani atroflicha yoritilgan.
Gʻoliblarni taqdirlash tadbirida viloyat hokimi F.Ermanovning tabrik soʻzini viloyat hokimligi bosh mutaxassisi R.Ahmedov oʻqib eshittirdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi D.Bekchanova, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari G.Ibodullayeva, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Oʻ.Matqurbanov, sanʼat arbobi, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi aʼzosi, Urganch davlat universiteti professori, akademik Otaxon Ollaberganov soʻzga chiqdilar.
Tashkilotchilar va hayʼat aʼzolari ishtirokida gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalar va diplom bilan taqdirlandilar. Tasviriy sanʼat yoʻnalishida ishtirok qilgan barcha ijodkorlarga, yoshlarga sertifikat bilan birga “Xorazm” nashriyotida chop qilingan kitoblar taqdim qilindi.
Tadbir soʻngida Urganch davlat universiteti professori, akademik Otaxon Ollaberganovning tasviriy sanʼat sohasidagi umidli yoshlar uchun mahorat darsi, taniqli shoir va yozuvchilarning yosh isteʼdodlar bilan mushoira kechasi oʻtkazildi.
Gulyor PALVANOVA