Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida “Eng yaxshi bolalar qahramoni/qahramonlar guruhi” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Unga 270 nafar ijodkordan mingdan ziyod rasmlar kelib tushdi.
Asarlarning 17 tasi koʻrik-tanlovning yakuniy – final bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. Finalchilarning 10 nafari onlayn ovoz berish yoʻli bilan saralangan boʻlsa, qolgan 7 nafari tashkilotchilar tomonidan tanlab olindi.
Hakamlar hayʼati baholariga asosan, birinchi oʻrin 172 ball toʻplagan Tohir Islomovning “Buyuk bolakaylar” personajlari eng yaxshi ish deb topildi va muallif tashkilotchilar tomonidan 10 million soʻm pul mukofotiga ega boʻldi.
Ikkinchi oʻrin 152 ballga loyiq koʻrilgan “Tursunboy va Qoʻchqorvoy” personaji uchun Xurshid Tursunboyevga nasib qildi va muallifga 6 million soʻm pul mukofoti topshirildi.
Uchinchi oʻrin 145 ball toʻplab, 4 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlangan Leyla Moʻminovaga “Anora” personaji uchun berildi.
“Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan ushbu yoʻnalishda bir qator loyihalarni amalga oshiryapmiz, – dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot xizmati rahbari Hikmatilla Ubaydullayev. – “Eng yaxshi bolalar qahramoni/qahramonlar guruhi” koʻrik-tanlovi ham ana shularning biri. Oʻylaymanki, bugun biz oʻzbekistonlik bolalar uchun sevimli personajlar, bir-biridan chiroyli milliy qahramonlarning yaratilganiga guvoh boʻldik. Tanlovga taqdim etilgan barcha ishlardan imkon qadar foydalanishga harakat qilamiz. Ushbu qahramonlar yaqin kelajakda multfilm, ertak va hikoya qahramoni boʻlib bolalar orasiga, ularning qalbiga kirib boradi”.