Ezgu amallarning qanoti bor

0
240
marta koʻrilgan.

Xiva shahridagi “Gilamchi” va “Gazchi” mahallalarining odamlari obod qishloq dasturi doirasidagi bunyodkorliklardan mamnun.  Chunki, ezgu ishlar, ulugʻvor islohotlar ularning hayoti va turmush tarzida aks etmoqda. Farzandlarining kelajagi taʼminlanmoqda.

“Obod mahalla ayollari faol va tashabbuskor” tadbirida qatnashib, xotin — qizlar bilan suhbatlashar ekanmiz, mahalla koʻchalari, uylar oraligʻidagi ichki yoʻllar asvaltlanib, koʻpqavatli uylar oldidagi beoʻxshav qurilmalar olib tashlanganligini, koʻp qavatli uylarning tomi tunika bilan yopilib, fasad qismi boʻyalib, yoʻlaklar taʼmirlanganligini, derazalari zamonaviy romlarga almashtirilganini  quvonch bilan taʼkidlashdi. Asosiysi bunyodkorlik davom qilmoqda.

-–“Gilamchi” va “Gazchi” mahallalarida asosan koʻpqavatli uylar joylashgan. Mahallalar uchun namunali guzar qurilmoqda.  Bu yerga aholiga xizmat koʻrsatadigan 2 nafar vrach va uch nafar hamshiradan iborat tibbiyotxona, militsiya tayanch punkti, xususiy uy-joy  mulkdorlari shirkati, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchalari, jumladan kutubxona joylashadi. Shuningdek, bolalar maydonchasi qurilmoqda. Bularning bari xotin-qizlarning ogʻirini yengil qiladigan oilalarning farovonligiga, mahallaning obodligiga munosib hissa qoʻshadigan amallar. Bugungi kunda odamlarimizning qarashi ham oʻzgaryotganligi meni quvontiradi. Ulkan islohotlardan ruhlangan  kattayu kichik hududni ozoda tutishga, oʻz mahallasini yuksaltirishga  intilmoqdalar,– deydi Xiva shahar xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, shahar  hokimi oʻrinbosari Leninza Otajonova.

Shuningdek, mahallalarda kam taʼminlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning xonadonlarini taʼmirlashga ham koʻmaklashilmoqda. “Bizning mahallamizda 46 ta koʻp qavatli uylar mavjud. Unda 662 xoʻjalik, 779 oila,  2901 nafar aholi yashaydi. Odamlarning turmush tarzi obod qishloqqa munosib boʻlishi lozim. Shuning uchun kam taʼminlangan oilalarning toʻrt nafarining xonadonini taʼmirlash uchun 15 milliondan mablagʻ ajratdik. Koʻpgina oilalarga gaz plitalari, elektropechlar armugʻon etdik. Baʼzi kam taʼminlangan oilalarning bolalariga yozgi oromgohda dam olib kelishlari uchun yoʻllanmalar ajratdik”,– deydi  «Gilamchi» mahallasi mutaxassisi  Anabiyi Abdullayeva.

Eng asosiysi mahallada aholining mehnat bilan bandligiga alohida etibor berilmoqda. Ayni kunda tikuvchilik va gilamchilik sexlari ishlab turibdi. Ularning har birida 10 nafardan yigit –qizlar ish bilan taʼminlangan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan oʻn toʻrt nafar ayol mahallani obodonlashtirish va tozalash ishlariga jalb qilinib, ish bilan taʼminlandi.

Ayni kunda yaratilgan imkoniyatlar sabab mahallada tadbirkorlik va tashabbuskorlik yanada kuchaydi.  Tadbirkorlar safi kengaydi. Bitta mahallaning oʻzida 21 nafar tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Ikkita goʻzallik saloni, ikkita sartaroshxona, 2 ta tikuvchilik sexi, oʻndan ortiq savdo doʻkoni, oltita oshxona, ikkita apteka ishlab turibdi. Faollarning amaliy koʻmagi bilan 11 ayol bankdan kredit olib tadbirkorlikni boshlab yuborishdi.

Mahalla bolalarining kelajagiga– maʼnan, ruhan, jismonan sogʻlom boʻlib oʻsib ulgʻayishlariga ham alohida eʼtibor berilyapti. Mahallada ikkita maktabgacha taʼlim muassasi faoliyat yuritayapti. Bu yerda ingliz va rus tillari oʻrgatiladi. Yana yoshlar uchun ikkita oʻquv markazi ishlab turibdi. Yaqinda “Azbuka” bolalar taʼlim markazida bayram tadbiri oʻtkazildi. Unda 5-7 yoshgacha hamda 7-15 yoshgacha boʻlgan har bir guruhda 25 nafar  bola oʻz isʼtedodini namoyon qildi. Ular rasm chizish, ruscha va inglizcha sheʼrlar aytish, “Sholgʻom ” ertagining sahna koʻrinishini namoyish etish kabi tanlovlarda oʻzaro bellashdilar. Tadbirni kuy-qoʻshiqlar bilan yakunladilar.

Hududdagi oʻzgarishlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar bilan tanishib, beixtiyor ezgu ishlarning qanoti bor, ular qanot qoqib, obod mahallalar yanada koʻpayaversin degim keldi. Zero, yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu amallardan, ulugʻvor islohotlardan maqsad– mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, odamlarni rozi qilish, ularga zamon talablari darajasidagi sharoitlarni yaratib berishdir.

Raʼno ZARIPOVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.