Shu yilning 8-11 iyun kunlari Toshkentda akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida 18 ta fandan Respublika olimpiadasining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi.
Fan olimpiadasining yakuniy bosqichida akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 448 nafar, umumtaʼlim maktablarining 611 nafar oʻquvchisi — jami 1059 nafar ishtirokchi oʻzaro bellashdi.
Akademik litsey oʻquvchilari 18 ta fandan 15 tasida ishtirok etib, ularning 23 nafari faxrli oʻrinlarni egalladi. Jumladan, fizika, matematika, ximiya, biologiya, tarix, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti, ingliz tili, nemis tili, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan akademik litsey oʻquvchilari asosiy sovrinli oʻrinlarni egallashdi.
Qozoq, tojik tillari hamda davlat va huquq asoslari fanlaridan yakuniy bosqichda umumtaʼlim maktab oʻquvchilari ishtirok etishdi va gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi.
Fan olimpiadasining respublika bosqichida 1-, 2- va 3- oʻrinlarni egallagan iqtidorli oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi 226-sonli qarori bilan oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari hamda qoʻshimcha imtihonlarsiz kirish imtiyoziga ega boʻldilar.
Manba: Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot xizmati