“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida oʻnlab korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda. Yaqinda bu yerda “BNBM Building Materials Central Asia” korxonasi ochildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi doirasida ushbu korxonani koʻzdan kechirdi.
Korxonaga 30 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyasi yoʻnaltirilib, yiliga 30 million kvadrat metr gipsokarton va 4 million kvadrat metr dekorativ gipsokarton ishlab chiqarish quvvati yaratildi. 200 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Shu yerda Fargʻona viloyatidagi yangi majmualarni ishga tushirish marosimi boʻldi. Bular — Beshariq tumanidagi “Fargʻona Yasin qurilish mollari”, Uchkoʻprik tumanidagi “Mollis” va “Proker”, Rishton tumanidagi “Chinor plyus – 2020”, Toshloq tumanidagi “Ekspo kollor prin teks”, Fargʻona tumanidagi “Bahodir Logʻon tekstil”, Oʻzbekiston tumanidagi “Sement xomashyo savdosi”, Qoʻshtepa tumanidagi “Global Tekstayl Infiniti” korxonalari, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam hamda kardiologiya ilmiy-amaliy markazlari filiallaridir.
Shundan soʻng, Prezident raisligida investitsiyalarni jalb etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi. Videoaloqa orqali uni Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ham kuzatib bordi.
Saylovoldi uchrashuvida aholi turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, viloyat iqtisodiyotiga faol investitsiyalar jalb qilib, aholi daromadlarini oshirish boʻyicha katta marralar olingani qayd etildi.
— Oldimizda hali yetti yil bor, bu ishlarni ertaga yoki keyingi yildan boshlaymiz, degan vazir yoki hokim qattiq adashadi. Chunki odamlarimiz saylovoldi dasturlarida koʻtarilgan har bir tashabbus boʻyicha aniq natijalarni bugundan kutayapti. Agar eng yuqoridan tortib, mahallagacha ish uslubi oʻzgarmasa, barcha darajadagi rahbarlar “har bir yangi kun – yangi imkoniyat” deb ishlashga oʻrganmasa, vaqtni boy berib qoʻyamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilish boʻyicha Fargʻona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning koʻrsatkichlari qoniqarsizligini koʻrsatib oʻtdi.
Misol uchun, Fargʻona shahrida oʻtgan yilning olti oyida bor-yoʻgʻi 25 million dollar investitsiya kiritilgan boʻlsa, joriy yilda ushbu raqam atigi 12 million dollarni tashkil qilmoqda. Margʻilon shahrida, Oʻzbekiston, Bogʻdod, Toshloq tumanlarida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi oʻtgan yilgi koʻrsatkichning yarmiga ham yetmaydi.
Bir paytlar sanoat boʻyicha peshqadamlardan biri boʻlgan Fargʻona hozir respublikada 12-oʻringa tushib qolgani koʻrsatib oʻtildi. Sanoat salohiyati yetarlicha ishga solinmayapti. Misol uchun, birinchi yarim yillikda sanoat hajmi Toshloqda 17, Qoʻqonda 3 foizga, Oltiariqda 1,3 foizga va Quvada 1,2 foizga kamaygan.
Aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlash boʻyicha ham ahvol yaxshi emas. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgan, xolos.
Viloyatda xizmatlar sohasi rivoji ham qoniqarli emas.
Umuman, viloyatda 2022 yilning olti oyida faoliyatini toʻxtatgan korxonalar soni 2,5 mingtani tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 14,5 mingtaga yetgan.
Yil boshida respublika boʻyicha 60 ta tuman toʻrtinchi va beshinchi toifalarga kiritilib, ularni iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha alohida dastur boshlandi. Fargʻonada ushbu toifalarga kirgan Furqat, Yozyovon va Soʻxdagi tadbirkorlar oʻtgan olti oyda 30 milliard soʻmlik soliq imtiyozlaridan foydalangan. Lekin mazkur tumanlarda natija koʻrinmayapti. Ahvol yaxshilanishi oʻrniga, ulardagi tadbirkorlar tushumi oʻtgan yilga nisbatan kamayib ketgan.
Sanoat zonalarida katta maydonlar boʻsh turganligi, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari ularni tadbirkorlarga taklif qilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.
— Shuncha boʻsh joylar turib, hokimlar sanoat zonalari uchun qishloq yerlari toifasini oʻzgartirish boʻyicha murojaat qilishdan charchamayapti. Eng achinarlisi, viloyatda ishlab chiqarish boʻlgan davlat obyektlarini xususiylashtirib, ular oʻrnida yakka tartibdagi uy-joylar qurib yuborish holatlari bor, — dedi davlatimiz rahbari
Bosh prokuratura, Kadastr agentligiga bunday holatlarni tekshirib, qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi. Bundan buyon, sanoat maqsadlari uchun moʻljallangan yerlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha qarorlar faqat Hukumat komissiyasi roziligi bilan amalga oshirilishi belgilandi.
Dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani, yashash joyidan yoki suvdan uzoq yerlar ajratilayotgani koʻrsatib oʻtildi. Oʻtkazilgan soʻrovlar natijasiga koʻra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam koʻrsatilmagan. Inflyasiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi.
Faoliyatidagi jiddiy kamchiliklari, ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun viloyat, shahar va tumanlar darajasidagi bir qator rahbarlar lavozimidan ozod qilindi.
Viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha har bir tuman va shaharga respublikadan masʼullar biriktirilgan. Ular tomonidan 2 milliard dollarlik qoʻshimcha zaxiralar aniqlangan va tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalar shakllantirilgan.
— Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilishi mumkin, — dedi davlatimiz rahbari.
Davlatimiz rahbari Quva va Beshariq tumanlari misolida ushbu imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.
Prezident Fargʻonada boshlangan ushbu tajribani barcha hududlarda yoʻlga qoʻyish uchun yil yakuniga qadar safarbarlik eʼlon qildi. Har bir tuman uchun yil yakunigacha kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilish vazifasi qoʻyildi.
Minimal isteʼmol xarajatlari miqdori 500 ming soʻmdan 570 ming soʻmga oshirilgani sababli Fargʻonada yana 9 ming oila kambagʻal toifasiga qoʻshildi. Shu bois mutasaddilarga ushbu oilalarning har biriga hokim yordamchilarini biriktirib, ularning daromadini oshirish choralarini koʻrish topshirildi.
Fargʻonada aholiga dehqonchilik uchun auksionga chiqarilib, talabgor aniqlanmagan 1 ming 157 gektar ekin yerlarini aholi uchun qulay hududlarga almashtirish, bu yerlarda kamida 15 ming ish oʻrni yaratishga koʻrsatma berildi.
Yigʻilish yakunida hudud va sohalar rahbarlari hisobot berdi.