Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 sentyabr kuni farmatsevtika tarmogʻida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yurtimizda farmatsevtika boʻyicha katta imkoniyatlar boʻla turib, undan toʻla foydalanilmas edi. Oxirgi yillarda bu tarmoq “drayver”lardan biri sifatida belgilanib, izchil rivojlantirib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 maydagi farmoniga muvofiq, Nukus, Zomin, Kosonsoy, Sirdaryo, Boysun, Boʻstonliq va Parkentda farmatsevtikaga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilgan edi. Oʻsha yili 7 noyabrdagi farmonga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tuzildi. Dorivor oʻsimliklar yetishtirish, ularni qayta ishlash, investitsiyalar jalb etib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun keng sharoitlar yaratildi.
Bularning natijasida soʻnggi besh yilda 71 ta yangi korxona tashkil etilib, 2 ming 500 dan ortiq turdagi dori vositalari, 241 turdagi tibbiy buyumlar va 78 turdagi tibbiy texnika ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobar oshdi.
Lekin bu natijalar hali yetarli emas. Bugungi kunda mahalliy korxonalar ichki bozor talabini natural hajmda 55 foizga taʼminlanmoqda, xolos.
Kelgusi besh yilda tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish, ichki bozorni taʼminlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Shu maqsadda 2022-2026 yillarga moʻljallangan istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.
Taqdimotda ana shu loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, jami 1,25 milliard dollarlik 104 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. Ularning natijasida 376 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanib, 84 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi hisob-kitob qilingan. Eng muhimi, 9 mingga yaqin kishi ish bilan taʼminlanadi.
Prezidentimiz bu loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini taʼkidlab, ularni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Taqdimotda mahalliy dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimiz hududida 750 turdagi dorivor giyohlar oʻsadi. Ulardan foydalanib, dunyo bozorida xaridorgir tabiiy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hamma sharoit yaratib berilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Prezidentining 2020 yil 10 apreldagi qarori bilan yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi, muayyan hududlar dorivor oʻsimliklar yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Bu yoʻnalishda 19 ta korxona ishga tushirildi.
Lekin 750 turdagi dorivor oʻsimliklardan faqatgina 70 tasi mahalliy korxonalar tomonidan faol ishlatilmoqda.
Prezidentimiz yurtimizdagi dorivor oʻsimliklarni chuqur qayta ishlash orqali eksportni 15 million dollarga yetkazish va 5 mingdan ortiq aholini ish bilan taʼminlash mumkinligini taʼkidladi. Mutasaddilarga shu yoʻnalishdagi klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyib, ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Bunda, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish uchun yer maydonlarini ajratish, urugʻchilikni rivojlantirish, agronomlarni tayyorlash, dorivor oʻsimliklarni qayta ishlash hamda isteʼmol bozorlarini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratish topshirildi.
Sohadagi yana bir yirik loyiha – “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteridir. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 28 yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu zamonaviy markaz Toshkent viloyatining Zangiota tumanida barpo etilmoqda. Xususan, farmatsevtika universiteti, farmakopeya markazi, ilmiy-tadqiqot markazi, ekspertiza markazi, laboratoriyalar, vivariy va ilmiy-tajriba ishlab chiqarish binosi qurilmoqda.
Shuningdek, bu yerda 140 million dollarlik 7 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda biofarmatsevtik dori vositalarini oʻzlashtirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Yurtimizdagi korxonalarda 3 mingdan ortiq nomdagi dori vositalari ishlab chiqarilayotgan boʻlsa-da, ular asosan bir komponentli, murakkab boʻlmagan dori vositalaridir.
Shu bois Prezidentimiz onkologik, gormonal, qon preparatlari, vaksinalar kabi innovatsion biotexnologik dori vositalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Sogʻliqni saqlash tizimi davlat xaridlari orqali mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, xalqaro standartlar asosida tayyorlanayotgan mahsulotlarni sertifikatsiyalashni soddalashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Ilm-fan va sanoat korxonalari kooperatsiyasini rivojlantirish, zamonaviy bilimlarga ega malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Sohani yanada rivojlantirish boʻyicha alohida dastur tayyorlash vazifasi qoʻyildi.