Fayzli iftorlikda yurtimizdagi ahillik namoyon boʻldi

0
31
marta koʻrilgan.

25 mart kuni barcha hududlarda ehson dasturxonlari yozilib, iftorlik marosimi oʻtkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida oʻtgan iftorlikda ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari xalqimizni va jamiki musulmon ummatini muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.

– Ushbu sharofatli oyda goʻzal diyorimizda mana shunday fayzli iftorlik marosimini el-yurtimiz bilan birgalikda oʻtkazish nasib etgani uchun mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz, – dedi Prezident.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya hamma ishda asosiy dasturga aylanmoqda. Fuqarolarning huquqlari, vijdon erkinligi taʼminlanayotgani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda. Muqaddas dinimiz buyurgan xayrli amallar – ahillik va hamjihatlik, mehr-saxovat, sabru qanoat, axloq-odob, ilmu maʼrifat fazilatlari jamiyatimizda tobora mustahkam boʻlib bormoqda.

Islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur oʻrganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, ulugʻ allomalarimizning boy merosini toʻplash va keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, shu maqsadda poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Bu ulkan ilmiy-maʼnaviy loyiha necha ming yillik taraqqiyot yutuqlarini oʻzida mujassam etib, islom sivilizatsiyasi yurtimizda aynan ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va maʼrifat asosida rivojlanganini tasdiqlaydi, yoshlarimizni buyuk kashfiyotlarga ruhlantiradi.

Samarqandda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasi qurilishi ham jadal davom etmoqda. Buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid bunyod etilmoqda. Bu ikki muhtasham obida joriy yilda ochilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 14 martdagi qaroriga muvofiq, bu yil Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. U zotning Samarqanddagi muborak qadamjosi yanada obod qilinadi, boy ilmiy merosi va moturidiylik taʼlimoti xorijiy olimlar bilan hamkorlikda oʻrganiladi.

Yurtimizdagi turli millat va din vakillari oʻrtasida ahillikni kuchaytirish maqsadida shu yil sentyabrda yana bir tadbir – Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti forumi” oʻtkaziladi. Bu xalqaro anjuman turli diniy eʼtiqod vakillari oʻrtasida oʻziga xos maʼrifiy muloqot maydoni boʻladi.

Konstitutsiyamizga muvofiq, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat maqomiga ega boʻlib, xalqchil va insonparvar siyosat yuritilmoqda. Xususan, oʻtgan yilning oʻzida koʻmakka muhtoj insonlarga 16 trillion soʻmlik moddiy yordam va nafaqalar berilgan. Kam taʼminlangan oilalarga mansub 51 ming nafar bola bogʻchaga joylashtirilgan, ularning 176 ming nafar aʼzosiga tibbiy koʻmak koʻrsatilib, 182 ming nafari ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan.

“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali 94 mingga yaqin kam taʼminlangan oilalarga davolanish, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal toʻlovlar bilan bogʻliq 130 milliard soʻmlik xarajatlar qoplab berilgan.

“Ayollar daftari” doirasida 3,5 million nafar xotin-qizga 5 trillion 700 milliard soʻmlik yordam ajratilgan. “Yoshlar daftari” joriy etilganidan buyon 1 million 300 ming nafar ehtiyojmandga 1 trillion 700 milliard soʻmlik ijtimoiy yordam koʻrsatilgan.

Bundan tashqari, yurtimiz hojilarining tashabbusi bilan kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ehtiyojmand oilalarga 6 milliard 300 million soʻm miqdorida moddiy yordamlar koʻrsatilgan.

Yurtni obod qilish, koʻchat ekib, bogʻ yaratish ham savobli ish. “Yashil makon” umummilliy loyihasi aynan shu maqsadga qaratilgan. Hozirgi bahor mavsumining oʻzida diniy soha xodimlari tomonidan 10 ming tupdan ziyod daraxt, 32 ming tupga yaqin gul ekildi, masjid va ziyoratgohlar atrofi obod qilindi.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”ga oid davlat dasturi doirasida tabiatparvarlik koʻlami yanada kengaymoqda. Yaqinda Xiva shahrida oʻtkazilgan Konfessiyalararo kengash majlisida yurtimizdagi diniy konfessiyalar vakillari mazkur davlat dasturida faol ishtirok etish boʻyicha murojaatnoma qabul qildi.

Ushbu iftorlik marosimida ham xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar hamda diniy konfessiyalar vakillari jamlangani yurtimizdagi bagʻrikenglik va totuvlikning yana bir ifodasi boʻldi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida dunyodagi vaziyatga ham toʻxtalib oʻtdi. Aksariyat ziddiyat va mojarolar aynan islom dunyosida sodir boʻlayotgani afsus bilan qayd etildi.

Notinchlik oʻchoqlari istalgan paytda kengayib ketishi mumkinligi, musulmon mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash uchun birdamlik va islom ummati hamjihatligini yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ekani taʼkidlandi.

Buning uchun, birinchi navbatda, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan saqlash, ilm-maʼrifatga yoʻnaltirish eʼtibor markazida turishi kerak.

Shu haqda gapirar ekan, Shavkat Mirziyoyev Bahouddin Naqshbandning “Qoʻling mehnatda, diling Allohda boʻlsin”, degan oʻgitini yodga oldi. Yoshlarimizni mana shunday ruhda tarbiyalash, ularni mehnat va kasbga oʻrgatish juda muhim ekanini taʼkidladi.

Ayni kunlarda “Ramazon – saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi” shiori ostida yurtimizdagi 9 ming 500 ga yaqin mahallada kam taʼminlangan oilalarda iftorlik dasturxonlari yozilib, ularning holidan xabar olindi. Bunday xayrli ishlar inson qadrini ulugʻlash, pok maqsadli barcha yurtdoshlarimizni yanada birlashtirishga xizmat qiladi.

– Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Yaxshilarning ishi – yaxshilik qilishdir”. Chindan ham, bu hayot aynan ezgulik va yaxshilik tufayli doimo yorugʻ va bardavomdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Niyatlar ijobat boʻladigan muborak Ramazon oyida, Qadr kechasi arafasida turib, ezgu tilaklar aytildi.

Qurʼoni karimdan tilovat qilindi. Alloh taolodan butun dunyoda tinchlik, yurtimizda farovonlik, mehr-oqibat barqaror boʻlishini soʻrab, duolar oʻqildi.

Yurtimizning barcha hududlarida oʻtgan iftorlik tadbirlarida nuroniylar, ziyolilar, turli din va konfessiyalar vakillari, nogironligi bor va ehtiyojmand kishilar, jami 60 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.