Har gal “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning gʻolib va sovrindorlari bilan tanishganimda, “Nega hujjat topshirmadik, ular safida “Tong yulduzi” ham boʻlishi mumkin edi-ku”, degan ginaxonlik koʻngildan oʻtar edi.
Bu yil esa qalb xohishiga quloq soldik, aql murabbiy boʻldi, kerakli xujjatlarni tanlovga taqdim etdik, gʻolib boʻldik, quvondik, xursandchiligimizga atrofdagilarning sherik boʻlishi bizni yanada suyuntirdi.
Toʻgʻri, kimlar uchundir “Tong yulduzi” kichkinagina bolalar nashri. Ammo millat bolasining kelajagi uchun qaygʻuradigan, elim, yurtim deb kuyunadigan, shu muqaddas Vatan taqdiri uchun jon kuydiradigan yaxshi insonlar uchun “Tong yulduzi” gazetasi bolalarning katta nashri!
Bugun quvonchimizning cheki yoʻq. Sababi, “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning bosma nashrlar yoʻnalishi boʻyicha “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” nominatsiyasida “Tong yulduzi” gazetasi 3-oʻringa loyiq topildi.
Shuningdek, shu yilning 6 may kuni bolalar nashri Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik Memorandumini imzolagan boʻlsa, kechagina Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligi munosabati bilan gazetxonlarimiz oʻrtasida “Inson huquqlari – bolalar nigohida” tanlovini eʼlon qildik.
Bu kabi ezgu ishlarimiz bardavom boʻlishi uchun bizga yanada qoʻshqanot boʻlgan, yutuqlarimizdan oʻzimizdan-da koʻproq suyungan mehri daryo ustozlarimiz, hamkasblarimiz, doʻstlarimiz, gazetxonlarimizga katta rahmat.
Shu oʻrinda tanlovni yuksak saviyada tashkil etishga harakat qilgan, bor kuch va mahoratini ishga solgan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga hamda “Tong yulduzi” gazetasini ushbu nufuzli mukofotga loyiq koʻrgan Hakamlar hayʼatiga minnatdorlik bildiraman.
GUJUM.UZ jamoasi bolalarning sevimli gazetasi jamoasini yuksak mukofot bilan qutlaydi. Kelgusi ijodiy ishlarida yanada ulugʻvor yutuqlar tilaydi!