Qadim Surxon vohasining insoniyat tamaddunida tutgan oʻrni beqiyos. Koʻplab tarixiy qadamjolari, betakror tabiati, mehmondoʻst odamlari, hayvonot va nabotot olami bilan maʼlumu mashhur boʻlgan ushbu zamin bugungi kunda dunyo sayyohlarini oʻziga maftun etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 5—10 aprel kunlari Surxondaryo viloyatida boʻlib oʻtadigan «I Xalqaro baxshichilik sanʼati» festivaliga 86 davlatdan baxshi-shoir, oqin, jirovlar, xorijiy davlat vakillari, folklorshunos olim, nufuzli sanʼat namoyandalari hamda ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda.
Termiz shahrining asosiy koʻchalari va tadbir oʻtkaziladigan asosiy maydon bayramona bezatilgan. OAV xodimlari uchun Matbuot markazi shay holatga keltirilgan. Shuningdek, Termiz xalqaro aeroporti, Temir yoʻl vokzali va festival oʻtkaziladigan Sanʼat saroyi hududi tayyor.
Har ikki yilda bir marta Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida oʻtkazilishi belgilangan mazkur yirik anjuman dostonchilik sanʼatini yanada yuksaltirish, milliy anʼana va urf-odatlarimizni, qadimiy nafis sanʼatimizni keng targʻib etishga qaratilgan.
Festivalda yosh isʼtedod sohiblarining ishtirokiga ham alohida eʼtibor berilgan. Jumladan, Termiz ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabining dutorchi qizlar ansambli ham tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek bu yerda har bir viloyatning oʻziga xos paviloni ham mavjud. Masalan, Samarqand paviloniga Registon majmuasini eslatuvchi ark orqali kirib kelinadi. Kiraverishda samarqandlik dorbozlar oʻyiniga koʻzingiz tushadi, ularning yonida esa samarqandlik hunarmandlar, kandokar ustalar, zardoʻzlar, kashtachilar, kulollar, dunyoga mashhur ”Konigil” qogʻozlari ustaxonasi kabi viloyatning oʻziga xosliklari aks etgan.
Oʻzbekiston madaniyat vazirligi matbuot kotibi