Gʻalaba bogʻi – xotira va qadr-qimmat boʻstoni

0
400
marta koʻrilgan.

Xalqimiz bu yil 9 may – Xotira va qadrlash kunini oʻzgacha nishonladi. Davlatimiz rahbari  urush va mehnat faxriylari bilan yangidan bunyod etilgan Gʻalaba bogʻida va “oynai jahon” orqali diydorlashdi. Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar yurtdoshlarimizni tarixga yangicha nigoh bilan qarashga undaydi.

Masalan, shu paytgacha urushda Oʻzbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deya taʼkidlanardi. Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra olib borilgan oʻrganishlar natijasida aslida Ikkinchi jahon urushida 1 million 951 mingga yaqin vatandoshimiz qatnashgan ekan. Vaholanki, oʻsha paytda Oʻzbekiston aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan. Demak har uch oʻzbekistonlikdan bittasi urushda qatnashgan va bu raqamlar fashizm ustidan ustidan qozonilgan gʻalabada ota-bobolarimizning hissasi katta ekanini koʻrsatadi.

Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan bobolarimiz  va front orqasida fidokorona mehnat qilgan elimiz odamlarining    xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkentda serfayz va muhtasham Gʻalaba bogʻi, “Shon-sharaf” muzeyi va “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etildi. Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bagʻishlangan keng koʻlamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi.

Ushbu saʼy-harakat zamirida Oʻzbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida koʻrsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassamlashgan.

Oʻtganlarni xotirlash, safimizda yurganlarni esa doimo eʼzozlash milliy  qadriyatlarimizdan biridir. Ayni kunda yurtimizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat qilib, zaxmat chekkan faxriylarimiz bor. Albatta, yurtimiz tinchligi yoʻlida xizmat qilgan marhumlarni yod etish bilan birga hozirgi kunda ham oʻzining bilimlarini shogirdlariga oʻrgatayotgan mahalladoshlariga namuna boʻlayotgan fidoyilarning ahvolidan xabar olish ham har bir mahalladoshning farzidir.

Jumladan, poytaxtning Yunus Rajabiy mahallasi jonkuyarlari jangohlarda qon kechib jang qilganlar, front ortida ishlagan mahalladoshlari Sharipova Gulsun,  Abdullayeva Anastasiya, Alimov Marat, Asomov Erkin, Maminova Klavdiya,  Voronova Nina, Yakubjonova Xosiyat xonadonlarida boʻlib, bayram bilan qutlashdi. Otaxon va onaxonlarning urush va undan keyingi davrdagi mardonavor xizmatlari, yurt tinchligi va mamlakat ravnaqi uchun amalga oshirgan ishlari, hayotiy kechinmalari esga olindi. Keksalar yurtni, elni alqab duo qilishdi.

R. ZARIPOVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.