Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oxirgi uch yilda ushbu sohani tubdan isloh qilish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi. Shu davrda tarmoqqa ajratilgan mablagʻlar 3 barobarga oshdi. Uskunalarning uchdan bir qismi yangilandi. 850 tadan ziyod ilgʻor va innovatsion texnologiyalar joriy etildi.
Natijada qidirilayotgan qazilma boyliklari turlari 3 tadan 17 taga kengaydi. Ruda tarkibida aniqlanadigan elementlar soni 12 tadan 40 taga yetkazildi. 2019 yilda Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik kompleks ishga tushirilib, yer qaʼrini innovatsion usullarda oʻrganish yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, geologiya ishlarining boshlangʻich bosqichida zamonaviy GIS-texnologiyalari asosida dunyoda tan olingan Global-Mapper, Erdas, ENVI dasturlari va yuqori aniqlikdagi Landsat, Aster kosmosuratlaridan foydalanish joriy etildi. Bu usullar ancha chuqur qatlamlar haqida yuqori aniqlikda maʼlumot olish hamda katta hududlarni qisqa muddatda oʻrganish imkonini bermoqda. Eng muhimi, vaqt va xarajat tejalmoqda.
Yer osti suvlarini monitoring qilish va kadastrini yuritish ham takomillashtirildi. 250 ta kuzatuv qudugʻida yer osti suvi parametrlarini masofadan avtomatik oʻlchash qurilmalari oʻrnatildi.
Sohadagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joriy yilda geologiya-qidiruv ishlariga 1,6 trillion soʻm ajratildi.
Bugungi yigʻilishda mazkur ishlar hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalar jalb etish masalalari koʻrib chiqildi.
Yil yakuniga qadar oltin va kumush resurslari, mis va 8 turdagi noruda boyliklari zaxiralarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun texnikalarni yangilashni davom ettirish kerak. Masalan, zamonaviy uskunalarni qoʻllash hisobiga burgʻilash chuqurligini 800 metrdan 1200 metrga yetkazish, ish samaradorligini esa 1,7 baravarga koʻpaytirish mumkin.
Shu bois joriy yilda geofizika, burgʻilash, togʻ-kon va laboratoriyada qoʻllaniladigan 385 ta uskunani modernizatsiya qilish boʻyicha topshiriq berildi. Yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash, 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasi qoʻyildi.
Sohaning investitsion jozibadorligini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, davlatimiz rahbari buning uchun xalqaro standartlarni joriy etish kerakligini taʼkidladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, geologlarni JORC standartlari boʻyicha maʼlumot tayyorlashga oʻqitish muhimligi qayd etildi.
Oʻzlashtirish uchun tayyor 20 ta konga tajribali investorlarni jalb qilish, boshqa istiqbolli maydonlar boʻyicha sarmoyaviy loyihalarni shakllantirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Geologiya sohasi qishloq xoʻjaligi yerlarini suv bilan taʼminlashda ham muhim oʻrin tutadi. Xususan, quduqlar qazish uchun har bir tumanga maxsus texnikalar yetkazilishi belgilangan.
Yigʻilishda 3 ming gektarga suv chiqarish uchun 70 ta quduq burgʻilash boʻyicha vazifa qoʻyildi. Shuningdek, joriy yilda 200 ta yangi quduqda suv sarfini, 400 ta quduqda yer osti suv sathini onlayn monitoring qiladigan tizim joriy etish hamda er osti suvlari interaktiv xaritasini yaratish zarurligi taʼkidlandi.
Geologiya rivojida fundamental, ilmiy, innovatsion va amaliy tadqiqotlarning oʻrni katta. Shu bois yil yakunigacha 2,5 ming kvadrat kilometr maydonni kosmik tasvirlar orqali, 5 ming kvadrat kilometr maydonni aerogeofizika usuli orqali geologik oʻrganish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada hamda 31 yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari geologiya sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirishga doir qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi.
Shu asosda Geologiya fanlari universitetini tashkil etish boʻyicha ish olib borilmoqda. Uning oʻquv dasturlari Sankt-Peterburg konchilik universiteti va boshqa xorijiy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasi yordamida ishlab chiqilmoqda.
Bugungi yigʻilishda mazkur yangi universitet qoshida Geologiya muzeyini tashkil etish va uning faoliyatini oʻquv jarayoniga bogʻlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi.