Gʻoʻza qator oralariga ekilgan soyalar gulladi

0
607
marta koʻrilgan.

 Andijon viloyatida gʻoʻza qator oralariga ekilgan soyaning Fortuna navi unib chiqqanidan 26 kun oʻtgach, Baliqchi tumani dalalarida gulladi. Shuni aytish lozimki qanchalik kech ekilgan boʻlishiga qaramasdan birinchi marta soya oʻsimligi gʻoʻza qator oralaridan jilmayib, bizga mana men hosil bermoqchiman degandek gulga kirdi. Ushbu tajribalar boshlanganida turli xil fikrlar, mulohazalar kelib chiqqan edi.

Prezidentimiz 21 may kuni Andijon viloyatiga qilgan tashriflarida viloyatning fermer xoʻjaliklarida boʻlib, gʻoʻza rivojini koʻzdan kechirar ekan,  90 sm kenglikda ekilgan paxta dalalarini kuzatib,  oziq-ovqat zahirasi muammolarini hal qilishda  erdan unumli foydalanish butun dunyoda dolzarb masala ekanligini taʼkidladilar. Viloyat boʻylab qishloq xoʻjaligi masalalarini oʻrgangan Davlatimiz rahbari gʻoʻza qator oralariga  ertapishar soya navlarini ekish boʻyicha Andijon tajribasini yaratish borasida koʻrsatmalar berdi. «Bugunning fermeri albatta, daromad olishi lozim, bundan tashqari tuproq unumdorligini saqlab qolish uning bosh vazifasidir, chunki yerni biz avlodlarimizga meros qilib qoldiramiz. Soya ekilsa, eng birinchi maqsad tuproq unumdorligi oshadi  va biz  odamlarni ish bilan taʼminlashga hamda oziq-ovqat zahiralarimizni  mustahkamlashga erishamiz, — deya qishloq xoʻjaligi mutasaddilariga bir qator vazifalar belgilab berdilar. —  Gʻoʻza qator oralariga soya ekishdan asosiy maqsad- bir maydondan ikki marta hosil olish va tuproq unumdorligini tiklashdir.

Ana shundan soʻng tezlik bilan viloyatda mutassadi tashkilotlar yordamida ertapishar soya navlari urugʻi xorijdan keltirildi, viloyatda soya navlari urugʻlarini ekish mumkin boʻlgan gʻoʻza maydonlari aniqlandi. Maʼlumki, viloyatda chigitlar asosan mart oyida plenka ostiga ekilgan edi, bugungi kunda maqbul dalalarni tanlab topish masalasi muhim boʻldi. Bir qator mutaxasislar bilan maslahatlashib gʻoʻza ekilgan dalalar koʻzdan kechirilib eng kech ekilgan maydonlar tanlab olindi. 

 Aslida bu ikki ekin parvarishi va agrotexnikasi bilan bir-biriga nisbatan oʻxshash xisoblanadi. Soya ham gʻoʻzaga oʻxshab tik oʻsadi, boʻyining balandligi navlariga qarab oʻzgaradi va 50 sm dan 200 sm. gacha boʻladi. Biz gʻoʻza qator oralariga ekkanimizda albatta ertapishar, past boʻyli gʻoʻza navlarini tanlab oldik. Soyaning ham ildizi gʻoʻza ildiziga oʻxshab oʻq ildiz boʻlib, barglari ham sathi kattaligi bilan bir biriga oʻxshashdir.

Bugungi kunda Andijon viloyatida gʻoʻza qator oralariga ekilgan soyalar gulladi. Gʻoʻza qator oralariga Serbiya seleksiyasiga oid boʻlgan Fortuna, Favorit, Merkur, Tayfun va Rossiya seleksiyasiga oid bir qator ertapishar soya navlari urugʻi ekildi. Soya maysalari 1 iyunda undirib olinsa, demak avgust oyining birinchi oʻn kunligida pishib yetiladi.

 Soya urugʻlarni aslida chigit ekish bilan birdaniga ekilganda  mutaxasislarga katta qiyinchilik tugʻdirmasdi, ammo biz soya urugʻlarini ekishga kirishganimizda dalada oʻsib turgan  gʻoʻzalar boʻyining uzunligi 15-17 sm. edi. Bundan tashqari dalalarga ekilgan gʻoʻzalarning ayrimlarida qator orasi kengligi 60 sm, yana birlari 76 va 90 sm. kenglikda ekilgan edi. Har bir fermer oʻzidagi mavjud texnika vositalariga qarab oʻz chigitlarini ekishgan va parvarish qilishmoqda edi. Endi bizning oldimizda ushbu gʻoʻza qator oralariga soya urugʻlarini oqilona joylashtirish masalasi turardi. Dastlabki ishlarda albatta soya urugʻlari qoʻl bilan ekishga kirishildi, ammo mashina traktor parki xodimlari va ilgʻor fermerlar bilan bilan maslahatlashib qator orasi 76 va 90 sm boʻlgan maydonlarda soya urugʻlarini texnika yordamida ekildi.   Soya urugʻlari gʻoʻza qator oralariga  4-5sm. chuqurlikka tashlandi. Ayrim maydonlar endigina sugʻorilgan boʻlsa, shu maydonlarda tuproqdagi nam bilan soya urugʻlari 4-5 kunda unib chiqdi. Qayerdaki maydonlar sugʻorilmagan boʻlsa, bunday maydonlarga suv quyish lozim edi. Ammo bizning soya maydonlarni sugʻorish boʻyicha tavsiyalarimiz fermerlarga unchalik yoqmasdi, chunki ular gʻoʻzalarini gʻovlab ketishidan ehtiyot qilishardi.

Shunday paytlarda ularga ehtiyotlik bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Ammo gʻoʻza maydonlari kamroq suv bilan sugʻorildi va soya urugʻlari namni oʻziga tezlik bilan singdirib olib unib chiqdi. Fermerlarga va ishchilarga uzluksiz ravishda soya oʻsimligining ahamiyatini aytib tushuntirib borildi. Soyaning insonlarga oziq-ovqat, chorva mollariga ozuqa va tuproq unumdorligini oshirish ekanligi haqida qator seminarlar va qisqa suhbatlar oʻtkazildi.

 Haqiqatan, ilm va aql bilan ish yuritsak, har bir qarich yerdan unumli foyda­lanish va moʻl hosil yetish­tirish imkoniyatlari keng. Chunki bizning qishloq xoʻjaligida olib boriladigan yumushlarning ayniqsa yangiliklarni joriy qilish bir qator qiyinchiliklar bilan kechadi. Buni mamlakatimiz hudud­larida dehqonchilik ishlarini bajarish boʻ­yicha olib borgan koʻp yil­lik ilmiy izlanishlar va amaliy tajribalardan maʼlum.

Gʻoʻza qator oralariga soya ekish uchun birinchi navbatda ushbu yilda eng kech chigit ekilgan va  tuproqda urugʻning unib chiqishi uchun nam yetarli boʻlgan dala maydonlari tanlab olindi hamda  uch xil usulda soya urugʻlari ekildi. Keyingi vegetatsiya yillarida soya urugʻlari chigit bilan bir qatorda yoki birdaniga mexanizatsiya yordamida ekib ketiladi. Faqatgina bu yil soya urugʻlarini ekish va yigʻib olish uchun ayrim maydonlarda  ikki marta qoʻl mehnatini talab qilindi. Aks holda keyingi yillarda, faqat bir marta yigʻib olishda qoʻl mehnati ishlatiladi. 

 Soya urugʻlarining unib chiqishi uchun oʻz ogʻirligiga nisbatan 130-150 foyiz namlikni singdirib olishi lozim boʻladi. Soya urugʻlari bahorda ekilganda unib chiqishi uchun 7-8 kun vaqt ketadi, ammo dalada  soya takroriy ravishda ekilganda yoki tuproq harorati oshganda va nam yetarli boʻlsa 3-4 kunda unib chiqadi, qarab turibsizki 4 kunda soya maysalari qator boʻlib koʻrinadi. 

Viloyatning Jalaquduq tumanidagi  «Paxtakor massivi»da joylashgan «Yaxshi niyatli Firdavs» hamda «Nurli kelajak ramzi» fermer xoʻjaliklarida 24- may kuni ekilgan soya urugʻlari 28-29 may kunlarida toʻliq unib chiqdi. Baliqchi tumanidagi “Ol omad” va Sherali chek massivida “Sortepa rivoji” fermer xoʻjaliklarida koʻzni quvontiradigan soya koʻchatlari olindi. Xoʻjaobod tumanidagi “Koʻprik boshi” massivida “Mehnatkash”, va “Abduvali” fermer xoʻjaliklarida gʻoʻza qator oralaridagi soya maysalari parvarishiga katta eʼtibor berilmoqda.

Aslida ushbu yilda  gʻoʻza qator oralariga katta maydonlarda soya urugʻlari  turli xil usulda ekilib, tajribalar asosida sinab koʻrilmoqda va keyingi yil uchun aniq rejalar beligilab olinmoqda.                                                                               

 Respublikamizdagi mav­jud sugʻoriladigan 4 mil­lion gektar ekin maydo­nining 1 million 300 ming gektariga paxta ekiladi. Mana shu maydonlarda gʻoʻza qator oralariga soya ekish  tajribasi ommalashib boraversa, olina­digan hosil miqdori ikki baravar oshadi, aholini qoʻshimcha ish bilan taʼmin­lash imkoni paydo boʻladi, muhimi, tuproq unumdorli­gi oshadi va qoʻshimcha oziq-ovqat zahirasi tayyorlash imkoni vujudga keladi.

 Xulosada shuni aytamizmizki, albatta bu ishlarni oʻrganish borasida hali koʻp tajribalar olib boriladi, bu ishlar yildan yilga  mukamallashadi, Eng asosiysi soya bilan gʻoʻza qoʻshib ekilishi natijasida birinchidan tuproq unumdorligi oshadi, ikkinchidan fermerning oladigan daromadi koʻpayadi,  uchinchidan keyingi yillarda paxta xosildorligi gektariga 8-10 sentnerga oshadi. Harakatda barakat deydi xalqimiz. Shunga ishonamiz.

Dilorom YORMATOVA, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor 

 

 

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.