Gulbozor mahallasida turizm koʻchasi ochildi

0
124
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Gulbozor mahallasida boʻldi.

Har bir mahallaning oʻziga xos anʼanalari va imkoniyatlari bor. Ular “oʻsish nuqtasi”ga aylantirilib, ish oʻrinlari ochish va aholi daromadlarini oshirish manbai sifatida rivojlantirilmoqda.

Gulbozor Toshkentning tarixiy qismida, Chorsu bozori yonida joylashgan. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy turistlar koʻp keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirildi. Koʻcha va uylarda poytaxtning qadimgi koʻrinishini saqlab qolgan holda qoʻshimcha sharoitlar yaratildi.

Xususan, barcha kommunikatsiya tarmoqlari yer ostidan oʻtkazildi. Koʻcha boshida tarixiy darvoza qayta tiklandi. Oʻymakor ustunli katta ayvon, unga yaqin joyda hovuz barpo etildi. Milliy kashtachilik va hunarmandchilik ustaxonalari, novvoyxona, milliy oshxonalar, zargarlik doʻkonlari tashkil qilindi. “Non tarixi” va “Qadimgi Toshkentga sayohat” nomli koʻrgazmalar ochildi. Uch yulduzli mehmonxona ham bunyod etilmoqda.

Bu koʻcha Shayxontohur tumanida tashkil etilayotgan “turizm halqasi”ning bir qismi boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, bu yerda sayyohlar qadimiylik va milliylik muhitini his etadi.

Mahalla ahli davlatimiz rahbariga hududdagi oʻzgarishlar, odamlar hayoti haqida soʻzlab berdi. Bu yerda 2 ming 670 nafar aholi yashaydi. Savdo, hunarmandchilik va xizmat koʻrsatish rivojlangani natijasida mahalla ishsizlikdan holi hududga aylangan. “Xavfsiz hudud” tizimi joriy etilgan. Bu loyiha amalga oshirilganidan soʻng barcha xonadonning daromad topish imkoniyati ancha oshgani qayd etildi.

Prezidentimiz milliy kiyimlar va amaliy sanʼat mahsulotlarini koʻzdan kechirdi, ularni tayyorlayotgan hunarmand xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi sumalak saylida ishtirok etdi. Onaxonlar tinch-osoyishta yurtga bayramlar yarashishini, buning uchun Yaratganga behisob shukur qilishlarini aytishdi. Shavkat Mirziyoyev ularni muborak Ramazon kunlari bilan tabriklab, ezgu tilaklar izhor etdi. Xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab duolar qilindi.

Mutasaddilarga “turizm halqasi”ni davom ettirib, sohada bandlikni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Zamonaviy majmualar hamma joyda bor. Biz xorijiy sayyohlarni buyuk tariximiz bilan koʻproq jalb etishimiz mumkin. Shuning uchun bu yer kechayu kunduz faoliyat yuritadigan turistik markazga aylanishi kerak. Bunday etnografik maskanlarni koʻpaytirish, milliy qadriyatlarimizni namoyish etish, turli festivallar oʻtkazish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil 12 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoni qabul qilingan edi. Unga muvofiq, turizm maskanlarini koʻpaytirish, hududlarni oʻzaro bogʻlovchi turizm xizmatlarini yanada kengaytirish boʻyicha ish olib borilmoqda. Buning ijrosini Gulbozor misolida ham koʻrish mumkin.

Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxtlar, gul-chechaklar ekilib, mahallaga fayz qoʻshilmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.