Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi majlis bayonnomasida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni mamlakatimizda “Har bir bolaga mehr, eʼtibor” shiori ostida maxsus haftalik oʻtkazilib, keng nishonlanishi belgilangan edi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, “Sogʻlom avlod uchun” fondi, Respublika “Sen yolgʻiz emassan” bolalar jamoatchilik jamgʻarmasi, Toshknt shahri va viloyati hokimliklari hamkorligida “Toshkent-lend” bolalar istirohat bogʻida xayriya tadbiri boʻlib oʻtdi.
Bayram tadbirida Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi “Mehribonlik”uylari, SOS– Oʻzbekiston Bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari hamda Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari tizimida oʻz xizmat burchini bajarish vaqtida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalar farzandlaridan mingdan ortiq bolakaylar ishtirok etdi.
Tadbirning tantanali ochilishida “Sogʻlom avlod uchun” fondi raisi Svetlana Inomova barcha yigʻilganlarni bayram bilan tabriklab, uning tarixi haqida qisqacha gapirdi:”Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni 1949 yil Parijda boʻlib oʻtgan Ayollar xalqaro demokratik federatsiyasining kongressida taʼsis etilgan boʻlib, 1950 yildan boshlab nishonlanmoqda.
Nega ushbu kun, bolalarni himoya qilish kuni deb atalgan? Bolalarni aynan nimalardan himoya qilish kerak? Oʻsha paytlar – Ikkinchi jahon urushi endigina tugagan yillari – bolalarning hayoti, salomatligi va xotirjamligini asrash, ular uchun namunali turmush sharoitlarini yaratib berish masalasi juda dolzarb edi. Ammo turli tahdidlar, ekologik, siyosiy va ijtimoiy muammolar bilan yashayotgan zamonaviy dunyoda ham bolalar himoyaga muhtoj.
1949 yilgi Ayollar kongressining aynan 1 iyun kuni chaqirilishida oʻziga yarasha ramziy maʼno bor. Chunki, 1925 yil 1 iyun kuni Jenevada bolalarning farovon turmush kechirishi masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazilgan boʻlib, bu insoniyat tarixida bolalar masalalariga bagʻishlangan ilk xalqaro tadbir boʻlgan edi.
Shuningdek, bayramning oʻz ramzi bor. Oʻsish, rivojlanish, yangilanish, uygʻunlik va hosildorlik timsoli boʻlgan yashil rang ostida Yer kurrasi aks etgan, uning atrofida turfa tanli bolalar ifoda etilgan. Markazdagi Yer kurrasi zamin bolalarining umumiy uyini anglatadi. Undagi insoniyat bolalar uchun bagʻrikenglik, mehr-oqibat, ahillik bilan yashashga chorlanadi. Shuning uchun ham ushbu bayram bilan dunyo hamjamiyatiga bolalar muammolari eslatiladi, ularning himoyasi va barkamol avlod boʻlib yetishishi uchun kattalar zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatlar taʼkidlanadi. Vatanimizning barcha saʼy-harakatlari – siz bolajonlarning baxtli va osuda hayot kechirishingiz uchun”, deya soʻzini yakunladi u.
Bayram tadbirida istirohat bogʻidagi koʻngilochar atraksionlarning barchasi homiylar tomonidan bolalarga bepul tashkil etildi, muzqaymoq va salqin ichimliklar tarqatildi.
Shuni taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda har bir bolaga alohida eʼtibor beriladi. Sogʻlom avlodni tarbiyalash barchaning, butun jamiyatning, shu yurtda yashaydigan xar bir insonning asosiy ishi, insoniy burchiga aylangan. Bolalarga xushkayfiyat ulashgan bayram anʼanaviy boʻlib, har yili Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bagʻishlab oʻtkazib kelinayotgani ham buning tasdigʻidir. Bu kabi tadbirlar oʻziga xos sarhisob boʻlib, nafaqat bayram arafasida, balki, yil davomida oʻtkaziladi.
Javlon SAʼDULLAYEV Muallif olgan fotolar