Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 may kuni “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosini sifatli tashkil etish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlar tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, 2018 yil 7 iyunda Prezident qarori bilan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi qabul qilingan, barcha tashkiliy, moliyaviy choralar belgilab berilgan edi. Joriy yil 7 martda bu boradagi yana bir muhim hujjat – davlatimiz rahbarining “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga muvofiq maqsadli jamgʻarmalardan qoʻshimcha 5 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Umuman, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun joriy yilda tijorat banklari orqali barcha hududlarga 6 trillion 200 milliard soʻm yoki 700 million dollardan ziyod resurslar ajratildi.
Yigʻilishda ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish qoniqarsiz tashkil etilgani yoki oʻz holiga tashlab qoʻyilgani taʼkidlandi. Jumladan, mart-aprel oylarida tikuvchilik, hunarmandchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish, maishiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish maqsadlariga yillik mablagʻlarning 19 foizi ajratilgan xolos.
– Bu raqamlar tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, pul ajratish uchun masʼul boʻlgan rahbarlar yil yakunini kutib oʻtirganidan dalolat beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Oqibatda aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini taʼminlash, oilalarning moddiy farovonligini yaxshilash kechikmoqda.
Kreditlar ajratish va oʻzlashtirishni jadallashtirish, sektorlar rahbarlari, tijorat banklari va jamoat tashkilotlarining bu boradagi masʼuliyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Kam taʼminlangan oilalarga alohida eʼtibor bergan holda, ularni tadbirkorlikka oʻrgatish talab darajasida olib borilmayotgani qayd etildi.
Yigʻilishda Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari faoliyati tahlil etilib, ularga yuklatilgan vazifalar – boʻsh turgan maydonlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, binolarni ishlab chiqarish va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish uchun tadbirkorlarga ajratish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani koʻrsatib oʻtildi.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosi joylarda mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgan uchun Respublika komissiyasi rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari rahbarlari ogohlantirildi.
Videoselektorda mazkur dastur ijrosini sifatli taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.
Dastur ijrosini joylarda bevosita tashkil etish uchun har bir hududga respublikadan masʼullar biriktiriladi. Ular viloyat va tumanlarga shaxsan borib, ishlar holatini joyida oʻrganadi. Toʻrtta sektor rahbarlari bilan dasturni sifatli amalga oshirish choralarini koʻradi.
Imtiyozli kreditlarga ehtiyojni aniqlash boʻyicha uyma-uy yurish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunga iqtisodiy kompleks xodimlari bilan birga Xalq qabulxonalarining joylardagi vakillari, mahalla raislari, xotin-qizlar, Yoshlar ittifoqi va kasaba uyushmalari vakillari jalb etiladi.
Prezidentimiz sarflangan mablagʻ yaxshi samara berishi, oilalarga farovonlik olib kirishi uchun uni maqsadli ajratish zururligini taʼkidladi. Shu bois joylardagi sektorlar rahbarlari murojaat qilgan har bir tadbirkorning roʻyxati asosida ularga kredit ajratilishi va maqsadli foydalanilishi uchun masʼul boʻladi. Viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari hamda soliq idoralari rahbarlari dastur doirasidagi tovarlarning muddatida va sifatli yetkazib berilishiga koʻmaklashadi.
Tadbirkorlikni rivojlantirishda hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, anʼanaviy hunarmandlik yoʻnalishlarini inobatga olish ham muhim. Misol uchun, Rishton tumanida kulolchilik, Margʻilonda ipakchilik, Chustda doʻppi va pichoqchilik, Oltiariqda bogʻdorchilik va uzumchilik yoʻnalishlari uchun zamin bor. Shu kabi imkoniyatlardan foydalanib, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida tadbirkorlikni rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻz biznesini ochish istagi koʻpchilikda bor. Lekin buning uchun zarur uskunani qayerdan olishni hamma ham bilmaydi. Shu bois yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda har bir hududda doimiy ishlovchi mini-texnologiyalar koʻrgazmalarini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlat veterenariya qoʻmitasiga zotli chorva mollarini olib kelib, aholiga yetkazib berish vazifasi topshirildi.
Ommaviy axborot vositalari orqali oilaviy tadbirkorlikni targʻib etish, muvaffaqiyatli tadbirkorlar faoliyatini yoritish, sektorlar va mahallalarda seminarlar oʻtkazish lozimligi qayd etildi.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosi va yigʻilishda berilgan topshiriqlar boʻyicha mutasaddilar axborot berdi.