Har bir tarmoq va hududda ijro intizomini mustahkamlash, rahbarlarning masʼuliyati va faoliyat samaradorligini oshirish – eng muhim vazifa

0
149
marta koʻrilgan.

Shu yil 29 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport-import, mahalliy byudjetga qoʻshimcha tushumlarni taʼminlash, qishloq xoʻjaligida gʻoʻza parvarishi, gʻalla oʻrimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi muhim tadbirlarni samarali oʻtkazish bilan bogʻliq bugungi kunda gʻoyat dolzarb boʻlib turgan masalalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.

Yigʻilishda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, videoselektor orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishda qishloq xoʻjaligi sohasining oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Mazkur tarmoqda 3,6 milliondan ziyod kishi mehnat qilmoqda, sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi izchil oshib bormoqda.

Shuning uchun ham 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu borada aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Hech shubhasiz, bularning barchasi pirovardida xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, qishloq joylarga sanoatning jadal kirib borishi va yangi ish oʻrinlari ochish uchun agrar sektor imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida keng imkoniyat yaratadi.

Oʻtgan bir yarim yil mobaynida eksportni ragʻbatlantirish va buning uchun zarur qulaylik va imtiyozlar yaratish boʻyicha qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi doirasida joriy etilayotgan yangiliklar, tarmoqlar hamda hududlardagi mavjud eksport salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha koʻrilayotgan amaliy choralar natijasida eksport hajmi oshmoqda. Jumladan, joriy yilning 25 mayiga qadar 4 milliard 576 million dollar hajmida eksport amalga oshirilgan. Shu oyning oxirigacha belgilangan prognoz koʻrsatkichlari bajariladi. 2017 yilning 5 oyiga solishtiradigan boʻlsak, eksport hajmi qariyb 21 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda 5 milliard 886 million dollarlik eksport amalga oshirilib, prognoz koʻrsatkichlari 100,9 foizga bajarilishi va 2017 yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 25 foiz oʻsishga erishish moʻljallanmoqda.

Davlatimiz rahbari yigʻilish ishtirokchilari eʼtiborini ana shunday ijobiy natijalarga qaratar ekan, ayni vaqtda ular mavjud imkoniyat va salohiyatga nisbatan ancha pastligini taʼkidladi. Ayrim tarmoq va hududlar rahbarlari bu borada oʻz masʼuliyatini yetarli darajada his etmayotgani, bu esa eksport hajmini koʻpaytirish boʻyicha rezervlar toʻliq ishga solinmasligiga sabab boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi. 

Yigʻilish kun tartibidagi masalalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari boʻyicha atroflicha tanqidiy tahlil qilinib, bu borada amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar belgilab olindi. Mahsulot va xizmatlarni eksport qilish boʻyicha joriy yilning oʻtgan davrida belgilangan rejalarni bajarmagan tashkilot va korxonalar, hududlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilish, qoloqlikning sabab va oqibatlarini aniqlab, ularni tezda bartaraf etish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga amaliy topshiriq va koʻrsatmalar berildi. 

Selektor yigʻilishida mamlakatimizda importni optimallashtirish ishlari mutlaqo qoniqarsiz ahvolda ekani qayd etildi. Joriy yilning 4 oyi mobaynida mamlakatimiz boʻyicha tovarlar importi 4 milliard 858 million dollarni tashkil etib, 2017 yilning shu davriga nisbatan 1 milliard 111 million dollarga yoki 30 foizga oshgan. Bunday holatga sabab boʻlgan omillar asosan import tarkibini oʻrganish va importni optimallashtirish boʻyicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani, yanvar-aprel oylarida komplekslar tarkibiga kiradigan korxonalar tomonidan yurtimizda ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan tovarlarni xarid qilish oʻrniga, chetdan shu turdagi 89 million dollarlik mahsulot import qilingani bilan bogʻliq ekani aytib oʻtildi. 

Ana shunday kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish va oldini olish yuzasidan masʼul shaxslarga aniq koʻrsatma va topshiriqlar berildi. 

Yigʻilishda bu yil mamlakatimizda yogʻingarchilik nisbatan kam boʻlgani, buning oqibatida aksariyat hududlarda suv tanqisligi yuzaga kelgani, bunday holat  suvdan oqilona foydalanishni taqozo etishi alohida taʼkidlandi. 

Shu maqsadda sholi ekiladigan maydonlarni 162 ming gektardan 94 ming gektarga qisqartirish, suv taʼminotida muammo boʻlmagan Sirdaryo viloyatida 7,5 ming gektar yerni Xorazm viloyati fermerlariga, Jizzax viloyatida 5,5 ming gektar yerni Qoraqalpogʻiston fermerlariga takroriy ekin sifatida sholi ekish uchun berish zarurligi qayd etildi. 

Suv tanqisligi kutilayotgan Qashqadaryo viloyatida takroriy ekin maydonlari 30 ming gektarga, Samarqand viloyatida 42 ming gektarga, Buxoro viloyatida 20 ming gektarga, Navoiy viloyatida 14 ming gektarga va Qoraqalpogʻistonda 10 ming gektarga kamaytirilishi maʼlum qilindi. Ushbu hududlarda suvni kam talab etadigan mosh, loviya va boshqa ozuqabop ekinlar ekish, ularni suv manbalariga yaqin yer maydonlariga joylashtirish kerakligiga eʼtibor qaratildi. Ana shu ishlarni oʻz vaqtida, samarali tashkil etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

Videoselektor yigʻilishida yurtimizda bu yil bahor oylarining salqin va quruq kelishi paxta yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani, natijada oʻtgan yilning shu davriga nisbatan gʻoʻza rivojlanishi ancha orqada qolayotgani, bu esa uning parvarishiga jiddiy eʼtibor qaratishni taqozo etishi haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Ayniqsa, bunday ogʻir sharoitda kultivatorlardan yuqori darajada samarali foydalanish, tuproqni chuqur yumshatish, mayda chopiq qilish, qishloq xoʻjaligi zararkunandalarga qarshi kurashish va nazorat ishlariga oʻta masʼuliyat bilan yondashishni talab etishi qayd etildi.

Shuningdek, bu yil paxta yetishtirishni moliyalashtirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratish, agrotexnik tadbirlarni vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun texnik vositalar tayyorligini hamda ularni muntazam ravishda dizel yoqilgʻisi bilan taʼminlash ishlarini tashkil etish yuzasidan tegishli vazirlik, idora va hududlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda mamlakatimizda 1 iyundan 1 iyulgacha “Gʻoʻzada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” eʼlon qilinishi boʻyicha kelishib olindi. Katta mehnat va xarajat bilan yetishtirilgan hosilni toʻla saqlab qolish maqsadida fermer xoʻjaliklari rahbarlari va ishchilari qishloq xoʻjaligi xodimlari va mutasaddilarining suvchi va mexanizatorlar, agrar soha olim-agronomlari bilan birgalikda barcha boʻgʻindagi deputatlarning ham safarbarligi va masʼuliyatini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi.  

Kun tartibidagi yana bir muhim masala – joriy yilda yetishtiriladigan gʻalla hosilini nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatda yigʻishtirib olish borasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar ham muhokama qilindi. 

Mamlakatimiz boʻyicha bu yilgi gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumida qatnashadigan mavjud 3 ming 106 ta yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlarini sifatli taʼmirlash va mavsumga vaqtida tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Bundan tashqari, 400 ta yangi gʻalla oʻrish kombayni ham joylarga yetkazilmoqda. Bu esa oʻrim-yigʻim ishlarini har yilgiga nisbatan bir hafta oldin yakunlash imkonini beradi. Buning uchun joylarda gʻalla oʻrim-yigʻimi otryadlarini tuzib, ularga kombayn, don tashish texnikasi, koʻchma taʼmirlash ustaxonalari va yoqilgʻi quyish agregatlarini biriktirib, oʻrim-yigʻim ishlarini grafik asosida tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Vazirlar Mahkamasiga tez kunlarda joriy yildagi gʻalla oʻrim-yigʻimi bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni oʻz ichiga olgan qaror loyihasini kiritish vazifasi topshirildi. 

Majlisda hududlarda byudjetga qoʻshimcha daromadlarni jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlarning holati ham tanqidiy tahlil asosida koʻrib chiqildi. Bu borada joriy yilning shu davri uchun belgilangan rejalar ayrim hududlarda bajarilmasdan qolayotgani tanqid qilindi. Natijada shu hududlarda soliq qarzdorligi oshib bormoqda. 

Joylardagi mahalliy hokimliklar, sektorlar rahbarlari hanuzgacha byudjetga qoʻshimcha daromad manbalarini aniqlash va jalb qilishdan koʻzlangan maqsadni chuqur tushunib yetmayotgani tanqid ostiga olindi. Bu borada moliya tashkilotlari tomonidan qoʻshimcha daromad manbalarini aniqlash boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazilmayotgani, faoliyat koʻrsatmayotgan yuridik shaxslar faoliyatini qayta tiklash oʻrniga faqatgina tashkilotni tekshirib, uning faoliyatini tugatish bilan cheklanayotgani asosiy sabablar sifatida qayd etildi. Har bir tarmoq va hududda ijro intizomini mustahkamlash, rahbarlarning masʼuliyati va faoliyat samaradorligini oshirish eng muhim vazifa boʻlib qolayotgani alohida taʼkidlandi.

Majlisda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan bildirilgan chuqur tanqidiy fikrlardan kelib chiqqan holda, sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni tezda bartaraf etish, belgilangan topshiriq va rejalarni vaqtida va samarali bajarish boʻyicha amaliy fikr va takliflar bildirdilar. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.