Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisi 2021 yil 9 noyabr kuni boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi cenat. uz rasmiy veb- saytida.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi aʼzolari, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda Qaroqalpoqiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi aʼzolarining ishtiroki ham onlayn tarzda taʼminlandi.
Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Yigʻilishda davlat rahbarining Prezidentlik lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida ilgari surilgan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan 7 ta ustuvor vazifalar, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga eʼtibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan ham munosib baholab borilayotganligi, xususan, Jahon odil sudlov loyihasi tomonidan yuritiladigan Huquq ustuvorligi indeksining 2021 yil hisobotida Oʻzbekiston 19 pogʻonaga yuqoriladi, yaʼni 139 ta mamlakat orasida 89-oʻrindan 70-oʻringa koʻtarilgani eʼtirof etildi.
Qayd etilganidek, soʻnggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqildi, bu illatga qarshi kurashishda tashkiliy-huquqiy asoslar mustahkamlandi, qonun hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tizimi takomillashtirildi.
Oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash, kapital qurilish hamda davlat xaridlari sohalarini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari qabul qilinib, ular ustidan taʼsirchan parlament nazorati oʻrnatildi.
Xususan, oliy taʼlim va kapital qurilish sohalaridagi bir qator tartib-taomillar soddalashtirildi, inson omili kamaytirildi, ayrim xizmatlarning raqamlashtirilishi hisobiga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etildi.
Yigʻilishda davlat rahbarining 2021 yil 6 iyuldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022 yillarga moʻljallangan Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi muhokama qilindi.
Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O. Iminov «Oliy taʼlim sohasida «korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish holati toʻgʻrisida gapirdi. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi, Milliy kengash aʼzosi Kapital qurilish sohasida «korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish holati toʻgʻrisida gapirdi.
Majlisda Respublika Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Milliy kengash aʼzosi A. Toshqulov hamda qurilish vaziri B. Zokirovning hisobotlari tinglandi va ularga oliy taʼlim va kapital qurilish sohalarini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish boʻyicha 2022-2023 yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining oʻrinbosari Umida Toʻxtasheva «Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021 — 2022 yillarga moʻljallangan Davlat dasturi»ning ijrosi toʻgʻrisida gapirdi.
Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.
gujum.uz