Mudofaa vazirligi harbiy orkestr jamoasining bayram munosabati bilan poytaxtimizning gavjum goʻshalarida aholiga bayram dasturi taqdim qilishi goʻzal anʼanaga aylanib ulgurdi.
Bu gal sayyor tantanani Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli davom ettirdi. Harbiy sanʼatkorlarning Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlab metroning “Doʻstlik” bekatidan boshlangan ijodiy konserti uning barcha yoʻnalishlarini oʻz ichiga qamrab oldi.
Mazkur ijodiy sayohat metropoliten mijozlari ishdan qaytayotgan qulay paytda uyushtirildi. Badiiy dastur davomida Ikkinchi jahon urushi davri jangovar kuy-qoʻshiqlarini mohirlik bilan ijro etgan sanʼatkorlar davraga oʻsha davr ruhiyatini olib kirishdi. Shuning uchun ham ularning chiqishlari barchani, yoshu qarini hayajonga soldi.
Ha, aslida dunyoda yoqimli kuydan zavqlanmaydigan, uni sevib tinglamaydigan inson yoʻq. Negaki, kuyda ulugʻ hikmat, hayot otligʻ qudrat va chek-chegarasiz mehr-muhabbat yashirin. Sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlarga ular bilan birgalikda raqsga tushayotgan va bundan zavqlanayotgan poytaxt ahli-yu mehmonlari bu kunni uzoq vaqt yodlarida saqlashi, shubhasiz.
Kapitan Gulnora HOJIMURODOVA