Navoiy shahar Yoshlar markazida Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bagʻishlangan “Alisher Navoiy ijodi sanʼat va madaniyat kesimida” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, moʻyqalam ustalari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy yashagan davr madaniyati, sanʼati, ulugʻ shoir ijodi, asarlarida badiiy qahramonlar tasviri, obrazli ifodalar kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Navoiy shahridagi sanʼat galereyasida “Hazrat Alisher Navoiyning bebaho xazinasi” nomli respublika rassomlari koʻrgazmasi ish boshladi. Navoiyxonlik oyligi doirasida davom etadigan mazkur koʻrgazmada mamlakatimizning taniqli rassomlarin bilan birga yosh ijodkorlarning ijodiy ishlari namoyish etilmoqda.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida Oʻzbekiston xalq rassomi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Alisher Navoiyning ijod yoʻli, asarlarida vatanparvarlik va maʼrifatparvarlik gʻoyalari, goʻzallik va ezgulik tuygʻulari uygʻunligi, yoshlar tarbiyasida tutgan oʻrni xususida soʻz yuritdi.
Tadbir doirasida Navoiy asarlari qahramonlari siymosini yaratish boʻyicha yosh rassomlar oʻrtasida oʻtkazilgan viloyat koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.