Iftixor mahallasi Chirchiqning iftixoriga aylandi

0
283
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 18 mart kuni Chirchiq shahrida boʻlganida Iftixor mahallasidagi ahvolni koʻrgan, odamlardan hududdagi muammolarni soʻrab, ularni hal etish boʻyicha vazifalar belgilagan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Shundan soʻng mahalla butunlay oʻzgardi. 16 ta koʻp qavatli uyning kommunal tarmoqlari va tashqi qiyofasi yangilandi. Uylar oldida bolalar oʻyingohlari, sport maydonchalari, avtoturargohlar tashkil etildi. Yoʻlaklar asfaltlanib, koʻchalarga yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Hudud obodonlashtirilib, maysazorlar barpo etildi. Mahalla fuqarolar yigʻini uchun yangi bino, kutubxona qurildi.

Prezident mahalla boʻylab yurib, bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.

Mahalladagi 300 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, 1 ming 250 oʻrinli 7-umumtaʼlim maktabi ham mukammal taʼmirlangan. Davlatimiz rahbari maktabdagi sharoitlar bilan tanishdi.

– Sizlar zamonaviy bilim olib, ertaga Yangi Oʻzbekistonning munosib vorislari boʻlib ulgʻayishingiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Yaxshi oʻqib, sogʻlom boʻlib ulgʻaysangiz, mening niyatim shu. Chunki, najot – taʼlimda, bilimda, – dedi Shavkat Mirziyoyev bolalarga.

Shu yerda mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbat boʻldi.

— Koʻp-koʻp shaharlarga, uzoq-uzoq qishloqlarga borib, odamlarni rozi qilishga harakat qilayapmiz. Chirchiqda ham odamlar qiynaldi, umidsizlikka ham tushib qolgandi. Mana, endi oʻzgarishlarni koʻrib, ishonch paydo boʻldi, “qilsa boʻlar ekan-ku!” deyapti. Uylar qurilyapti, suv, issiqlik tizimi yaxshilanyapti, bogʻlar tashkil qilinayapti. Bunday ishlar hali davom etadi. Chirchiqni odamlar kelib havas qiladigan shaharga, viloyatda namunaga aylantirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iftixor mahallasida 2 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bugungi kunda hududda barcha qulayliklarga ega 2 ming 500 xonadonli 39 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda. Keyingi bosqichda, bu yerda yana 3 ming 500 oilaga moʻljallangan 56 ta zamonaviy uy barpo etiladi.

Mazkur mahallaga yondosh hududda 50 ta 2 qavatli kottejlar ham qurilmoqda. Prezident ushbu uylarni kirib koʻrdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.