Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ʼʼIjod maktablari: tajriba, tahlil va istiqbolʼʼ mavzuida respublika ilmiy-amaliy seminari boʻlib oʻtdi.
Adabiyot va sanʼat namoyandalari, olimlar, yosh isteʼdod egalari ishtirok etgan tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda adabiyotga, ijod ahliga berilgan imkoniyatlar haqida gapirdi.
Tadbirda Namangandagi Isʼhoqxon Ibrat, Jizzaxdagi Hamid Olimjon va Zulfiya, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Ibroyim Yusupov, Qashqadaryodagi Abdulla Oripov, Fargʻonadagi Erkin Vohidov, Andijondagi Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti hamda chet tillariga ixtisoslashtirilgan ijod maktablarining yuridik maqomini ishlab chiqish, mashgʻulotlarni takomillashtirish, tajribali pedagog-kadrlarni oʻqituvchi sifatida jalb qilish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
2019-2020 oʻquv yilidan Xivada Ogahiy, Gulistonda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablari tashkil etilishi, ularga isteʼdodli oʻquvchilarni qabul qilishga alohida ahamiyat qaratilishi kerakligi taʼkidlandi.
– Maktabimizda 13 ta fan va 5 ta ijodiy toʻgarak faoliyat koʻrsatmoqda, – deydi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi direktori Shohista Nurmatova. – Bu yil maktabimizga Prezident sovgʻasi – yangi avtobus topshirildi. Shu yil maktabimiz oʻquvchilarining ʼʼUmid gʻunchalariʼʼ nomli ilk sheʼriy toʻplami nashr etildi.
Ijod maktablarida taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar bilan muntazam ijodiy uchrashuvlar, mahorat saboqlari oʻtkazilishi bilan bir qatorda salohiyatli insonlar, olimlar va yosh ixtirochilar ishtirokida mahorat darslarini samimiy suhbat shaklida tashkil etish kerakligi taʼkidlandi.
Bu ijod maktablari oʻquvchilari qator tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 10-sinf oʻquvchisi Eʼzoza Alisherova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Ijod maktablari faoliyati haqida shoir Gʻayrat Majidning “Bunda bulbul kitob oʻqiydi” kitobi nashr etilgan.
Seminarda ijod maktablari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov soʻzga chiqdi.
Dilobar MAMATOVA, Otabek MIRSOATOV (surat), OʻzA