Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev brifingda Komsomol koʻli oʻrniga yangi suv ombori qurilishi haqida gapirdi.
– Toʻliq modernizatsiya qilingan koʻl va uning plyaji maydoni 33 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻ 2017 yilda taʼmirlash uchun yopilgan edi. Uning hududida Magic City koʻngilochar majmuasi, shuningdek, Yozuvchilar xiyoboni ochildi. Endi navbat toshkentliklarning sevimli dam olish maskanlaridan biri boʻlgan koʻlga yetib keldi.
Milliy bogʻdagi suv ombori Toshkent shahri hududida oʻtgan asrning 30-yillarida eski loy karerasi oʻrnida yaratilgan ikkinchi yirik sunʼiy suv ombori boʻlib, toshkentliklar tomonidan hashar usulida amalga oshirilgandi. Endilikda ham avvalgidek anhor kanali suvlariga ulanadi. Suv muntazam yangilanib turadi, – dedi shahar hokimi.
VESTI. UZ saytida berilgan ushbu xabarni oʻqib, men ham juda xursand boʻldim. Chunki, farzandlarim, keyinchalik nevaralarim bilan u yerga borardik hordiq chiqarardik. Bolalar choʻmilish joylari ham alohida ajratib qoʻyilgan edi. Nevaralarimga ana shu joyda suzishni oʻrgatganman. Har bir bolaning suzishni bilishi bu hayotiy zaruratdir. Undan tashqari inson terisi orqali ham nafas olib, ruhiyati koʻtariladi. Suzganida esa yurak faoliyati quvvat oladi. Sogʻlom boʻlishida har tomonlama koni foyda. Albatta, u maskan hamma kira olishi mumkin boʻlgan va barcha qulayliklar mavjud joy boʻlishini istardik.
Ushbu yangilik ham inson qadri, istagi ulugʻ ekanligini ifodalaydi. Endilikda havfli hududda, Boʻrijar GES yonida choʻmilayotgan kishilar soni ham kamayadi, deya umid qilamiz.
Yangilik barchaga qutlugʻ boʻlsin!
R. ZARIPOVA