Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov: Fuqarolar manfaatlari, huquqlari taʼminlanishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda

0
157
marta koʻrilgan.

2017 yil 10 aprelda davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. 

Oʻtgan bir yilda farmon ijrosi doirasida qanday ishlar qilindi? Sohada inson huquqlarini taʼminlash, xususan, tergov tizimi, jazoni ijro etish muassasalarida qanday oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda? 

Bu savollarga javob olish maqsadida OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-mayor Poʻlat Bobojonov bilan suhbatlashdi. 

– Prezidentimizning ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan farmoni tizimda islohotlarning tamoman yangi bosqichini boshlab berdi, – deydi P.Bobojonov. – Farmonda tizimni isloh qilishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida ichki ishlar organlarini aholiga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatadigan, har bir xodim «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni oʻz xizmat burchi, deb biladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional tuzilmaga aylantirish vazifasi belgilab berildi. 

Xoʻsh, xalq manfaatlariga xizmat qilish nimani anglatadi? 

Bu tushunchaning doirasi keng boʻlib, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Vatanimiz taqdiri va kelajagi, xalqimizning baxtu kamoli kabi olijanob maqsadlar yoʻlida barchamiz belni mahkam bogʻlab ishlashimizni, bor aql-zakovat, bilim va tajribamizni, yurtimizga mehr va sadoqatimizni safarbar etishimizni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ham oʻz ichiga oladi. 

Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktikasiga eʼtibor kuchaytirilgani jinoyatchilik kamayishiga zamin yaratdi. Osoyishtalik barqarorligi jamiyat rivojiga xizmat qilmoqda. Bu esa, birinchi navbatda, fuqarolarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda. 

– Islohotlar davomida ichki ishlar organlarida jinoyatlarni tergov qilish jarayoniga qanday yangiliklar kiritildi? Ular qanday natija bermoqda? 

– Ichki ishlar vazirligining barcha sohaviy xizmatlari qatori tergov tuzilmalarida ham tub islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda. 

Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti va uning joylardagi boʻlinmalarida soʻroq qilish jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio-video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan zamonaviy maxsus xonalar tashkil etildi. 

Bu, eng avvalo, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda. Inson shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishi hamda qonuniy manfaatlari cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik, tergov qilish jarayonida dalillarni toʻplash va mustahkamlashda dalillar maqbulligi talablariga qatʼiy rioya qilishga eʼtibor kuchaydi. Jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari kabi noqonuniy usullarni qoʻllashni bartaraf etishga qaratilgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. 

Ayniqsa, voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohlarga tergov jarayonida koʻrsatilishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlar, ularning stress holatiga tushib qolishi, ruhiyati jarohatlanishining oldini olish uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Xonalar oʻrtasida oʻrnatilgan “gezella” oynasi gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining jabrlanuvchi va guvohlar, jumladan, voyaga yetmaganlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqasini chegaralagan holda, soʻroq qilish, shaxsni tanib olish va boshqa tergov harakatlarini oʻtkazish imkonini bermoqda. Bunday xonalarda voyaga yetmagan shaxsning koʻrsatuvlari videoyozuvga olinadi hamda tergov va sud jarayonlarida uni qayta soʻroq qilmasdan ushbu videoyozuv orqali tanishib chiqish mumkin boʻladi. 

Tergov jarayonlarini isloh qilishda Prezidentimizning 2017 yil 30 noyabrdagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Mazkur farmonda protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan olingan koʻrsatuvlardan jinoyat ishlari boʻyicha dalil sifatida foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qoʻllagan holda olingan koʻrsatuvlar ham ana shular qatoriga kirishi alohida koʻrsatilgan. 

Ichki ishlar organlari tergov idoralarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash maqsadida barcha shahar-tuman-tarmoq ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalaridagi xizmat kompyuterlariga jami 1 ming 832 ta veb-kamera oʻrnatildi. Ushbu qurilmalar orqali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlari jarayonlarini qayd qilib borish amaliyoti joriy etildi. 

Shuningdek, protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining koʻrsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlandi. 

Ushbu farmonda qoʻyilgan vazifalar mazkur sohaga oid qonun normalarini qaytadan koʻrib chiqish va takomillashtirishni taqozo qildi. Xususan, 2018 yil 4 apreldagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 230-1 va 230-2-moddalar bilan toʻldirildi. Tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlari materiallari boʻyicha dalillarni hamda tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) uchun javobgarlik belgilandi. 

Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllaganlik, yolgʻon xabar va guvohlik berganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. 

Oʻz navbatida, jinoyat-protsessual qonunchiligiga ham fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan dalillarga oid qator yangi talablar kiritildi. 

Yuqoridagi talablar ichki ishlar organlari tizimida faoliyat koʻrsatayotgan barcha surishtiruvchi, tergovchi, ekspert va boshqa masʼul xodimlarga tushuntirildi. Bunday holatlarga yoʻl qoʻygan har qanday xodim tegishli javobgarlikka tortilishi qatʼiy belgilandi. 

– Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, jazo oʻtayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? 

– Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, jazo oʻtayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlashning ishonchli mexanizmlarini joriy etish borasida bir necha yoʻnalishda, jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish borasida ham ish olib borilmoqda. Ulardan biri – bu oʻzini hozirgacha samarali vosita sifatida namoyon qilgan videokuzatuv tizimidir. Uning yuqori profilaktik xususiyati va taʼsirchanligini alohida taʼkidlash lozim. 

Yuqoridagi farmon eʼlon qilingandan buyon oʻtgan vaqt mobaynida mavjud vaqtincha saqlash hibsxonalari 1 ming 814, tergov hibsxonalari 123, maxsus qabulxonalar 25 hamda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar uchun moʻljallangan reabilitatsiya markazlari 283 zamonaviy videokuzatuv vositasi bilan jihozlandi. Kuzatuvni amalga oshirish va maʼlumotlarni qayd etish uchun zarur miqdorda monitor va serverlar oʻrnatilib, toʻliq foydalanishga topshirildi. 

Ushbu videokuzatuv vositalaridan 965 tasi shaxslarni vaqtincha saqlash kameralariga, 327 tasi tergov harakatlarini oʻtkazish va advokatlar bilan uchrashuv xonalariga, 364 tasi yoʻlaklarga, 161 tasi mahbuslar sayr etadigan hududlarga, 307 tasi muassasalar atrofiga hamda 121 tasi shaxsni koʻzdan kechirish joylariga va oshxonalarga oʻrnatilgan. Koʻrib turganingizdek, butun muassasa hududida mahbuslarga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qoʻllashning oldini olish choralari koʻrilgan. 

IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufidagi 1-tergov hibsxonasi misolida oladigan boʻlsak, bu yerda jami 357 videokuzatuv moslamasi oʻrnatilgan. Zamonaviy uslubda bunyod etilgan, xalqaro standartlar talablariga toʻliq javob beradigan ushbu muassasada advokatlar, tergovchilar uchun alohida-alohida xonalar ajratilgan. Mazkur xonalar 67 kuzatuv kamerasi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, tanib olish xonasi, ekspertiza tadqiqoti uchun namunalar olish xonasi, guvohlar uchun xona mavjud. 

Muassasada mahbuslar yaqinlari bilan uchrashishi uchun yetarlicha joy ajratilib, barchasi jihozlangan. Fuqarolarni qabul qilish xonasi ham ishlab turibdi. Mahbuslarning kameralarida ularning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va boshqa ehtiyojlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan. 

Tergov hibsxonalaridagi tergovchilar xonalariga videokameralar oʻrnatilishidan asosiy maqsad, tergov harakatlarini oʻtkazish jarayonida noqonuniy usullar qoʻllanishiga yoʻl qoʻymaslikdir. Ayni paytda bu jinoyat protsessi ishtirokchilari tomonidan tergovchini asossiz ravishda turli noqonuniy xatti-harakatlarda ayblash kabi holatlarning ham oldini oladi. 

Advokatlar xonasining videokameralar bilan jihozlanishi esa qonunga zid harakatlarning oldini olish bilan birga, ularning xavfsizligini taʼminlashni ham koʻzlaydi. Shuningdek, muqaddam sudlanib, sud tomonidan oʻta xavfli retsidivist deb topilgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni soʻroq qilish uchun maxsus xonalar tashkil etilgan. 

Maʼlumot oʻrnida shuni ham aytish kerakki, oʻrnatilgan videokuzatuv vositalari, monitor va serverlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasi hisobidan 5,2 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. 

Bundan tashqari, 2017 yil mobaynida Toshkent viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarining mahkumlar yotoqxonalariga 50 ta, Navoiy viloyatidagi bunday muassasalarning mahkumlar yotoqxonalariga esa 34 ta zamonaviy videokuzatuv moslamasi oʻrnatilib, ishga tushirildi. Bundan koʻzlangan maqsad, jazoni oʻtayotgan shaxslar ichki tartib-qoidalarga rioya etishini uzluksiz nazorat qilib borish hamda ular bir-birining va muassasa xodimlari mahkumlarning haq-huquqini poymol qilishining oldini olishdir. Hozirgi kunda boshqa jazoni ijro etish muassasalarida videokuzatuv moslamalarini oʻrnatish ishlari davom etmoqda. 

Tergov hibsxonalarining kirish darvozasi va yoʻlaklarga, mahbuslarning kameralariga ham videokuzatuv vositalari oʻrnatildi. Bunda nafaqat mahbuslar, balki tergovchi va advokatlarning ham xatti-harakatlari kuzatuv ostida boʻladi. Mansabdor shaxslar va muassasa xodimlarining hibsxonada saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan har qanday noqonuniy muomala-munosabati qayd etiladi va ularga nisbatan tegishli chora koʻriladi. 

Shu oʻrinda mulohaza uchun raqamlarga eʼtibor qaratsak. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali 2018 yilning birinchi choragida ichki ishlar organlariga taalluqli 22 ming 690 murojaat kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8 ming 835 taga kam, demakdir. Murojaatlarning kamayishiga tergov hibsxonalari va maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan, reabilitatsiya markazlariga keltirilgan shaxslar, shuningdek, jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan tizimli choralar ham muhim omil boʻlgan, deb hisoblaymiz. 

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bundan buyon Oʻzbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim oʻtkazish, boshqa gʻayriinsoniy zoʻravonlikka mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir «buyurtmasi»ni bajargan har qanday shaxs, kim boʻlishidan qatʼi nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi. 

Zero, har qanday fuqaro, u mahkum boʻladimi yoki mahbus, avvalo, insondir. Qolaversa, u ham shu xalqning, shu yurtning farzandi. Har bir shaxs jinoyat sodir etgan boʻlsa, qilmishiga yarasha qonunga muvofiq jazoga tortiladi. Lekin uni qiynashga, tahqirlashga, huquq va erkinliklarini poymol etishga hech kimning haqqi yoʻq. 

Aksincha, har qanday sharoitda ham fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlanishini taʼminlash ichki ishlar organlari xodimlarining asosiy vazifalaridan biridir. Soha xodimlari ushbu ezgu maqsad yoʻlida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. 

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.