Istiqlol timsoli

0
2909
marta koʻrilgan.

Biz yosh avlodlarimizni boshlagan buyuk ishlarimizning munosib davomchilari etib tarbiyalamoqchi boʻlsak, hech shubhasiz, qanday ogʻir, shu bilan birga, sharafli yoʻlni bosib oʻtganimiz, dunyo hamjamiyati tan olayotgan yuksak yutuq va marralarimiz tariximiz solnomasida oʻchmas iz qoldirishi, xalqimizning ongu tafakkurida muhrlanishi, milliy gʻoyamiz, mafkuramiz asosiga aylanishi shart.

Bu vazifani birinchi navbatda kim mahorat bilan amalga oshira oladi? Albatta xalq manfaati, Vatan taqdirini qalbidan, yuragidan oʻtkazib yashaydigan siz, hurmatli jurnalist daʼvatkor soʻzi, ibratli faoliyati bu borada hal qiluvchi oʻrinni tutadi, deb ishonaman. Islom Karimov

Istiqlol ijodimga qanot bagʻishladi, deydi Oʻzbekiston Respublikasi 1-darajali Davlat mukofoti

sovrindori Rustam Yermetov

Har bir davlatning oʻziga xos ramzi boʻladi. Xalqimiz baxt qushi – xumodek laylaklarni ham juda qadrlaydi. Laylak uya qurgan maskanga tinchlik, qut-baraka, osoyishtalik, ezguliklar, baxt-saodat kiradi, deb niyat qilishadi. Vatanimizning yuragi – “Mustaqillik” maydonidagi laylaklar bilan bezatilgan arka yurtimizning ramziy darvozasi! Mamlakatimizning ramziy darvozasining ulugʻvor kengliklarida osmon oʻpar balandliklarida oppoq laylaklar samo quchmoqda, Markaziy arkaning ikki tomonidagi kengliklarning ustida esa laylaklar bir oyogʻini koʻtarib orom olishyapti. Betakror manzaralar oldida lol qolib, oʻylanasiz, ular nega bitta oyoqda turib osoyishta uzoqlarga boqishyapti!? Parvoz qilayotgan laylaklar hamda bir oyogʻida orom olayotgan laylaklar timsolida goʻzal hayot falsafasi mavjud. Laylaklar baland uchadi va tinch yurtlarga maskan quradi. Qachonki, qoʻngan joyida oʻzini bexavotir sezsa, bir oyoqda turib dam oladi. Unda Vatan mustaqilligining parvozlari baland va shukuhli, yurtimiz osoyishta va qut-barakali boʻlishiga tilakdoshlik niyatlari mujassamlashgan. Darhaqiqat, tinchliksevar, elparvar yurtimiz odamlarining har biri mustaqil Oʻzbekistonning parvozi yuksak, yurtimiz tinch, xonadonlarimiz qut-barakali boʻlishini va kelajak avlodlar baxtli-saodatli yasashini istaydi.

Toshkentning markaziy maydonidagi uchta manument bir-biriga uygʻun boʻlib, koʻngillarga kuvonch bagʻishlab turibdi. Poytaxtning goʻzal markaziy maydoniga 1991 yil 5 sentyabr kuni “Mustaqillik” maydoni nomi berildi. U yerdagi totalitar davrdan qolgan ramzlar oʻrniga Mustaqil Oʻzbekiston xaritasi aks etgan yer sharining ramzi qoʻyildi. Bu timsol oʻzbek xalqi asr davomida orzu qilgan Mustaqil Oʻzbekiston davlati vujudga kelganini ifodaladi. “Mustaqillik” manumenti yonidagi “Baxtiyor ona” haykali yurtning qut-barakasi bahordan boshlanganidek, yurt kelajagi sogʻlom va baxtiyor farzanddan boshlanishini ifodalaydi. Shuning uchun yurtimizda sogʻlom avlod tarbiyalash vazifasi mustaqillikning ilk yilidan-oq umumxalq harakatiga aylantirildi. Darhaqiqat, bugungi kunda har bir ona-bola Vatan gʻamxoʻrligini his qilmoqda. Ona va bola muhofazasiga boʻlgan eʼtibor yuksakligini butun jahon ahli tan olmoqda. “Baxtiyor ona” haykali ana shu hayot haqiqatini ifodalab turibdi. Laylaklar aks ettirilgan arka esa “Ezgulik” monumenti deb ataladi. Bir-biriga uygʻun uchta timsollar”Mustaqillik va ezgulik” manumenti sifatida yurtimiz odamlariing oppoq orzularini ifoda etadi. Darhaqiqat, oʻtgan 25 yil ichida poytaxtimizning bosh maydoni Vatanimizning tinchligi, elimiz odamlarining bunyodkorligi, baxt – saodati ramzi boʻlib qoldi.

Bayramlarda, tantanali kunlarda poytaxtning Markaziy maydoni shukuhli davrimizni ifoda etadi. Yosh avlod, munis onalar, donishmand otalar, mehmonlar va yangi hayotga qadam qoʻyayotgan oppoq liboslardagi kelin – kuyovlar oq yaktakli laylaklar ifodalangan “Ezgulik arkasi”dan oʻtib, Oʻzbekiston xaritasi aks etgan “Mustaqillik” manumenti yonidagi “Baxtiyor ona” haykali poyiga gullar qoʻyib, taʼzim bajo keltiradilar. Hatto oddiy ish kunlarida ham ham bu goʻzal maskan saylgohga aylangan. Koʻkka boʻy choʻzgan favvoralar ostida sayl qilib huzurlanayotgan ona-yu bolalarni kuzatganda beixtiyor bir oyoqda turgan laylaklarga boqasiz. Naqadar uygʻun va uyqash betakror manzara! Bu onlar yurt tinchligini, xalqimiz hayoti osoyishtaligini, xonadonlar qut-barakali ekanligini ifodalab turgani bilan dillarni yanada ezguliklarga toʻldiradi. Ular abadiyat qasri boʻlib bolalarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib turibdi.

Mustaqillik maydonining yonida 2009 yilda muhtasham Oʻzbekiston xalqaro anjumanlar saroyi qad rostladi. Anjumanlar saroyining kumushdek tovlanayotgan mahobatli gumbazi ustida bir juft oppoq laylaklar magʻrur qoʻnim topgan. Ularni uzoqdan kuzatsangiz, goʻyo uzukka qoʻyilan durdek tovlanib turibdi. Goʻyo ular mamlakatimizga tinchlik, ijodkor olijanob xalqimizga baxt-saodat tilayapti. Shuningdek, xalqimiz, millatimiz asrlar davomida odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bagʻrikenglik kabi ezgu fazilatlarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelayotganini anglatib turibdi.

Yurtimizning goʻzaligiga goʻzallik, elimiz odamlarining quvonchiga quvonch qoʻshayotgan oq yaktakli laylaklarning haykaltaroshi Turon akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston Respublikasi 1-darajali Davlat mukofoti sovrindori Rustam Yermetov boʻladi. U ayni kunda Kamolliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarga dars berib. yoshlarga ustozlik qilmoqda. Biz u kishiga bir necha savollar bilan murojaat qildik:

– Laylaklar Mustaqillik maydonida, Anjumanlar saroyining gumbazida moʻjazgina koʻrinadi, siz ijod qilayotgan onlaringiz muhrlangan suvratlarga eʼtibor bersak, qator tirgak va ustunlar qoʻyilgan holda quruvchilardek ijod qilyapsiz. Albatta, bu zahmatli mehnat va ulugʻvor ijodkorlik ekanligini his qildik.

– Albatta, kuzatganingizdek, kichik maketlardan koʻra katta narsani yasash qiyin kechadi. Uni mitti modeldan ulugʻvor asl nusxaga yetkazish va mustahkam mis metalga oʻtkazish lozimligi haykaltaroshdan yanada koʻp mehnat va kuch – quvvat talab qiladi.

Ushbu goʻzalliklarning asosiy muallifi Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov boʻlib, ularning oʻy-fikrlari, yorugʻ gʻoyalari, donishmandona koʻrsatmalari, cheksiz eʼtibori va gʻamxoʻrligi asosida yaratildi. Ushbu mehnatim davomida xalqimizning har qadamiga, har bir parvoziga kamarbasta boʻlib turgan mustaqil davlatimizning donishmand yurtboshisi borligini yanada yaqindan his qildim.

Yurtimizning yuragi – mamlakatimizning bosh maydoniga olijanob xalqimizning mehnati mujassamlashgan. Ushbu ulugʻvorlikka kichkinagina mexnatim mahsuli qoʻyilganligi meni behad quvontiradi. Bu ulugʻvor markaziy maydonga kamtarona mehnatim singgani mening omadim, baxtim deb oʻylayman.

Nevaralarim, shogirdlarim bilan Mustaqqillik maydoniga tez-tez boraman. Baxtiyor kelin – kuyovlarni, milliy bayramlarimizni nishonlayotgan koʻzlarida quvonch porlayotgan yurt odamlarini, maydonni qiziqish bilan tomosho qilayotgan mehmonlarni koʻrganimda qalbim hapriqib ketadi. Ularga mehnatim maʼqulmi, ularning roziligini ola bildimmi deb koʻzimdan yosh chiqib ketadi. Zero, ularning bari pirovardida xalqimiz va ularning osoyishta hayot kechirishlari uchun yaratilgandir. Unday paytlarda Vatan mustaqilligini alqayman. Bolalarimga, shogirdlarimga “Shukr denglar, qanoat qilinglar, bu laziz damlarning qadriga yetinglar, qaroqlarim” deyman.

Biz suhbatlashib oʻtirganimizda turmush oʻrtogʻi oʻzlarining taʼbiri bilan aytganda”eng yaqin yordamchisi” Shohidaxon Yermetova yana yangi-yangi rasmlarni olib keldi. Ularning birida Koreya respublikasida boʻlib oʻtgan anjuman aks etgan. Rustam Yermetov ushbu anjumanda Oʻzbekiston davlati Mustaqil boʻlganligi uchun qatnasha olganligini eʼtirof etadi:

– Meni Koreyada boʻlib oʻtadigan haykaltaroshlarning anʼanaviy anjumaniga taklif qilishdi. Anjuman doirasida haykaltaroshlik koʻrgazmalari mavjud “bogʻi eram”ga olib borishdi. U maskanga barcha mamlakatlardan sanʼatkorlar yigʻilib, oʻz Vatanining haykaltaroshlik hunarini namoyish etishar ekan. Va mamlakat nomidan esdalik sifatida shu yerda yaratilgan asarini qoldirishar ekan. Ushbu ijodiy koʻrgazmaning yonida mamlakat ramzi – bayrogʻi qoʻyilar ekan. Barcha mamlakatlar qatorida bizning Oʻzbekiston bayrogʻi turganini koʻrganimda quvonchimga quvonch qoʻshilganini tassavur eta olmaysiz! Shuningdek, asarimning yoniga ikki tilda “Oʻzbekiston – Koreya” deb yozib qoʻydim. Eʼtibor bering, avval oʻzbek tilida soʻngra, koreys tilida bitilgan. – deydi u faxr bilan.

Haykaltarosh yozuvlarni, Oʻzbekiston bayrogʻini koʻrsatib, oʻzi yasagan qush timsolini bir – bir sharhlab quvonadi. “Hayotda oʻz oʻrningni topa olishing, mehnatingni qadrlanishi ijodkor uchun katta baxt deb bilaman. Bular haqida nevaralarimga soʻzlab berayotganimda, dunyoda bekor yashamadim, mustaqqillikka munosib hissa qoʻsha oldim deb quvonaman.” – deydi u.

Darhaqiqat, Rustam Yermetov aytganidek, ulugʻvor Vatan munosib xizmat qilish katta baxt. Zero, poytaxtdagi “Mustaqillik” maydoni – Vatan yuragi, istiqlol timsoli! “Ezgulik arkasi” esa mamlakatning ramziy darvozasi. Xalqimizga qanot, elga tirgak – pok orzular timsoli laylaklar esa unga uygʻunlashib, katta maʼno-mohiyatni oʻzida ifoda etadi. “Mustaqillik va zzgulik” manumentlari juda koʻplab kishilarning mehnatini, ijodkorligini ifoda etib turibdi. Bu maydon insonning buyukligini, azizligini, ijodkorligini, bunyodkorligini ifodalab turibdi. Taʼbir joiz boʻlsa, Bosh maydonimizdagi ezgulik, tinchlik, baxt-saodat, qut-baraka elchisi laylaklar goʻyo elimizning vatanparvar va mehnatkash kishilariing shukronasini bildirib turibdi.

Vatanimiz mustaqilligi baland uchayotgan laylaklardek yuksak parvozli boʻlaversin!

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.