Xumora Ixtiyorova: SIZ – onajonim qabrda emas, qalbimdasiz!

0
165
marta koʻrilgan.

Onam men uchun kim boʻlganligini endi endi anglayapman…

U baayni ulkan, ulugʻvor va chiroyli daraxt edi… Och qolganimda meni shirin mevalar bilan siylardi… Hayotimda koʻngilsizliklar, aziyatlar boʻlganida… meni shamollardan va sovuqdan himoya qilardi. Ogʻir vaziyatlarda va holdan toyganimda… shu daraxt soyasida hordiq chiqarishim va kuch toʻplashim mumkin edi, inchunun u qudratli va kuchli boʻlib, chaqmoq va yashinlarga mardonavor dosh bera olardi. Tuhmat toshlari otilib, sindirishga uringanda ham magʻrur va tik tura olardi…

Bu mening Onam – Maryam Ixtiyorova edi!

Bizning uzundan uzoq suhbatlarimiz endi qayda??  SIZning kulgularingiz qani, Onajonim???

SIZning maslahatlaringiz, mehribonligingiz va halovat baxsh etishingizga qanchalar muhtoj ekanligimni bilsangiz edi…

SIZ – onajonim qabrda emas, qalbimdasiz! Yonimdasiz! Yuragimdasiz!

Muhtaram oʻquvchi, SIZ Oʻzbekiston xalq artisti, Ustoz sanʼatkor, mushfiqa Onam – Maryam Ixtiyorovaning xotiralari bilan tanishish arafasidasiz.

Afsuski, beshafqat ajal Onamni oramizdan olib ketdi va uning bitiklari nihoyasiga yetmay qoldi…

Onam hayotlik paytida koʻrgan-kechirganlari ushbu xotiralarda jamlangan ekan, uni oʻqish asnosida Onaizorimning hayoti haqida yanada toʻliq tasavvurga ega boʻlasizlar, degan umiddaman.

Ushbu kitob sanʼat tarixining muayyan qismini oʻz ichiga qamrab olgan. Shuning barobarida, mening ota-onam – Oʻzbekiston xalq artistlari – Baxtiyor va Maryam Ixtiyorovlar oilasi, jamiki bizni tark etgan ustoz sanʼatkorlarning ruhlarini xotirlab, duo va tilovat qilishingizlarni iltimos qilib qolar edim…

Barchangizga samimiy hurmat bilan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist,  Xumora IXTIYOROVA

 

Inson xotirasi – aziz!

Xumora Ixtiyorova onasi yozgan biroq,  oʻzi hayotligida chop etishga ulgurmagan kitobini  bosmadan chiqaribdi. Xumoraga tasanno! Onasining ishini davom ettiribdi. Har kimga ana shunday ota-onasini ishini bardavom qiladigan farzand ato qilsin, Allohim!

Kitobni chop etgan nashriyotning direktori Feruzaxon menga kitob haqida axborot berib, uni telegramm orqali joʻnatdi. Xumoraning asarga yozgan soʻzboshini oʻqir ekanman, har bir insonga ana shunday salohiyatli farzandlar nasib etsin, deya alqadim. Onajonini qadrlab ishini davom qildirgani uchun nihoyatda xursand boʻldim.

Meni ham yelkamdan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Nega shunday deyapman?. Bir guruh ijodkorlar va sanʼatkorlar  paxta dalalariga chiqdik. Ayni yigʻim- terim mahali  edi. Tushlik pallasida paxtakorlarning ruhiyatini koʻtarish, kayfiyatiga kayfiyat bagʻishlash kerak edi.  Barcha paxtakor ayollar dala chelida oʻtirib, tugunchagini ochib, tushlik qilishga tushishdi.  Salomlashdik. Qisqagina maqsadni tushintirdik. Kuy-qoʻshiqlar boshlandi. Bechora ayollarimiz-a, hatto dala shiyponida ham emas, tuproqda oʻtirib ovkatlanishayapti, paxta azizmi, inson, degan fikrlar koʻnglimdan oʻtardi.

Ushbu tadbirda  Maryam Ixtiyorova Abdulla Qodiriyning  “Oʻtgan kunlar” asaridagi bosh qahramon Kumush tilidan yozilgan dardli  qoʻshiqni kuyladi. Barcha ayollarning koʻzida yosh qalqidi. Goʻyo dunyo bir titradi, bir qalqidi. Dengizda boʻron turgandek, u zarb bilan pishqirib qirgʻoqqa urilgandek va yana orqaga qaytib ketgandek boʻldi. Dengizning shovullashini ham pishqirishini ham eshitgandek boʻldim.

Maryam opa qoʻshiq kuylayapti… Men paxtakor ayollarni kuzataman. Ularning koʻzlarida ham yosh qalqidi. Baʼzilari yuziga durdek dumalagan tomchilarni roʻmolini uchi bilan artib qoʻyishdi. Maryam opa qoʻshigʻini ”Zaynab bilan qoling, begim” deya yakunlaganida, bir zum jimlik choʻkdi, goʻyo bu qoʻshiq olamda dard koʻpligini, dala chetiga, tuproqqa tugunchagini yozib, osoyishta ovqatlanish baxtdek tuyilib ketdi. Hamma hayratda, sukunat… Kimdir shunday dardli qoʻshiqlar yaralishiga sababchi boʻlgan jadidlar sardori, oʻlimga mahkum etilgan, yuragi toʻpponchaga nishon boʻlgan, oʻzbek xalqining sevimli yozuvchisi  Abdulla Qodiriyni eslasa, kimdir oʻz hayotidagi past-tekisliklarni esladi-yov… Jimlikdan keyin birdan guldiros qarsaklar yangradi… Ushbu epizodni  hamon- hamon eslayman.

Oʻzbekiston televideniyesida ishlab, koʻplab artistlar haqida tele lavhalar va tele ocherklar yozgan ekanman-u, nega bu sanʼatkorga eʼtibor bermagan ekanman degan xayollarni kechirdim.  Tamaraxonim, Sora Eshontoʻrayeva, Mehri Abdullayeva, Kommuna Ismoilova, Berta Davidova, Gavharxonim Raximova…  Shuncha sanʼatkorlarni qalamga olibman-u, nega ularga eʼtibor bermadim?… Endi eʼtibor beraman.  Bu fikrimni beixtiyor oʻziga ham aytib yuboribman-da. Aytilgan soʻz otilgan oʻq. Biroq, kundalik ishlar, xizmatchilik va oila tashvishlari bilan xayolimdan koʻtarilib ketibdi. Maryam opa meni yoʻqlamadi, men uni yoʻqlab bora olmadim.

Keyinchalik yana bir tadbirda u kishi bilan uchrashib qoldik. “Raʼnojon, vaʼdaga vafo kani?” dedilar. Mohiyatni birdan anglamadim.  Chunki, hayolimdan butunlay koʻtarilgan ekan. Biz jurnalistlar har kuni har xil qahramonlar bilan uchrashamiz-da.

 Avvalo bir zum jim boʻldim. Soʻngra aytgan soʻzim esimga tushdi.  “Biz jurnalistlar koʻngil odami. Bir marta telefon qilib  shu gapni aytganingizda boshqacha boʻlardi. Barcha  kishilar ham jurnalistlarga intnrvyu berishni xohlayvermaydi.  Sizdan telefon boʻlmagach, ana shunday deb oʻylaganman” dedim men ham.

Maryam opa ana shunday oddiy, shon-shuxratlarga qizikmaydigan oʻz kasbiga,  oilasiga sadoqatli, farzandlariga mehribon ayol edi. Eng aosiysi oddiy ayollardek samimiy edi. Qizi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Xumora Ixtiyorovaning maqolasini oʻqib, unga qoʻshimcha qilib yelkamdan togʻ agʻdarilgandek boʻldi.

Oʻzbek xalqining sevimli sanʼatkori xayot boʻlganida bugun 85 yoshga kirgan boʻlardi. Eng asosiysi oʻziga munosib, oʻzidek mehnatkash, zahmatkash va izini bosa oladigan farzandlar tarbiyalab sanʼat olamiga yoʻllab ketdi.   Xumoraxonning muhtarama volidasi tavalludi kuniga bagʻishlab chop etgan kitobi  buning dalilidir.

Maryamxon opamizning oxirati obod boʻlib, yotgan joyi nurga toʻlsin. Jannatlarda kavsar suvlaridan ichib yursin.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.