Ijtimoiy tarmoqlarda koʻpincha ishlamaydigan qonunlardan nolishadi. Aybdor yana Qonunchilik palatasi.
Qonunlar qabul qilingunga qadar quyi palatada uncha-muncha chigʻiriqdan oʻtishga toʻgʻri keladi. Qoʻmita, ishchi guruh, beshta fraksiya va 150 deputat. Osonmas bu maydon ichra qonunni himoya qilmoq…
Endi masalaning poʻst kallasiga kelsak. Qonun ishlamayaptimi endi bu uchun ijro hokimiyatidagilar javob berishsin.
Oliy majlisdagilar kundoshingiz emas.
Keling men ham 100 minglab saylovchilarning vakili sifatida mulohazalarimni bildiraman. Oxirgi paytlar taʼbimni xira qilib yurgan holat alkogol va tamaki mahsulotlaridan jamoat joylarida foydalanayotganligi.
Xoʻsh bu boʻyicha qonunchilikda nimalar bor?
Bu boʻyicha Oʻzbekistonda ijobiy qadamlar bor.
Birinchidan— tamaki mahsulotlari reklamasi taʼqiqlandi.
Ikkinchidan-“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va istimol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonun 2011 yilda qabul qilingan. Ammo, bu qonunda mazkur yoʻnalishdagi huquqbuzarliklar uchun sanksiyalar nazarda tutilmagan.
Uchinchidan— 2015 yilda jamoat joylarida tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilganlik uchun jarimalar oshirilgan.
2018 yilda “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishni cheklash toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingan va belgilangan choralar ustidan nazorat qilish maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning
248-moddasiga muvofiq Ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan.
Toʻrtinchidan – 2016 yil sogʻliqni saqlash vaziri tamaki va alkogol mahsulotlari isteʼmolidan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotlari uchun maxsus ajratilgan joylar va inshootlar haqida xabardor qiluvchi yozuvlar bitilgan taxtachalarni tayyorlash va joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi qoidani tasdiqladi. Hujjatda belgilanishicha yozuv taxtachalarini tayyorlash va yopishtirish bino yoki obektdan foydalanayotgan ish beruvchi yoki yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan tashkil qilinadi.
Savol: Ijro qanday?
Har bir qonunning ishlashi uchun birinchi navbatda sharoit kerak. Qonun loyiha sifatida kiritilganda loyiha qabul qilingach, ijro uchun nimalar qilishimiz kerak degan savolga qonun tashabbuskorida ham nazorat yuklatilgan organda ham javob boʻlishi kerak aslida. Ha bu javoblar qonunni himoya qilayotganda bor, lekin, ijroga kelganda u vaʼdalar yolgʻon boʻlib chiqmoqda.
Tamaki va alkogol mahsulotlarining isteʼmoli cheklangani yoʻq va uning zararli ekanligi mahsulotning oʻzida yozilgan boʻlishi kerak, degan talab ham bor. Jamoat joylarida foydalanish taqiqlandi.
Savol: Natijasichi?
Uyda chekilmasin oila aʼzolariga, bolalariga zarar yetadi (tibbiyotning ogohlantirishi). Jamoat joylarida, bolalar maydonchasi, kafe-restoranlarda, yoʻl-yoʻlakay chekilmasin, aks holda jarimalar borligidan ogohlantirildi. Yolgʻon boʻlmasin bu qonun normalari qabul qilingach, juda qisqa muddat bir necha oylargina ishladi, kimningdir esiga tushganida toʻgʻrirogʻi.
Nega? Savolga hamma joyda ham javob yoʻq.
Aslida asosiy ayb ijroda. Qaysi bolalar maydonchasida, qaysi bogʻda chekmang degan yozuvlarni yoki kimningdir jarimaga tortilganini koʻrgan yoki eshitgansiz? Qani qonunning kuchi. Nega chekish uchun maxsus joylar haligacha tashkil etilmadi. Hamma narsada dunyo tajribasi deymiz. Rivojlangan mamlakatlarning deyarli barchasida chekish uchun maxsus joylar bor va albatta, jarimalar ham yuqori. Eng asosiysi ijro ham joyida. Maktab atrofidan qachon tamaki mahsulotlari savdosi yigʻishtiriladi, istirohat bogʻlarida, ayrim kafelarda qachon sogʻliqni saqlash vaziri qabul qilgan qoidalarga amal qilib, nazoratni oʻrnatadi?
Hurmatli ijrochilar!
Qonun ishlashi uchun sharoitni yarataylik va boshqalarga gap olib kelmay zimmamizdagi vazifani bajaraylik, albatta oʻrnak boʻlib.
Jamoatchilik nazorati esa hali ham muhim. Jarimaga torttirishga yordam berish emas, bir-birimizga eʼtiborli boʻlishimiz, javobgarlik mavjudligidan ogohlantirish orqali, soʻnggi chora esa, albatta, qonuniy hal qilish.
Qonunlar ishlash uchun qabul qilinadi. Ijroda esa ular yashashdan mahrum etilishi emas, umri uzoq boʻlishi taʼminlanishi shart.
Umida Rahmonova, Qonunchilik palatasi deputati
Manbaa: Umida Rahmonova telegramm kanali
Tahririyatdan: Deputat Umida Raxmonovaning kuyinchakligiga tasanno! Darhaqiqat, hamma gapida jon bor. Biroq, Oliy Majlis qoʻmitalarining ish rejasida «nazorat-tahlil» degan yoʻnalish ham bor. Qaysi qonun odamlar hayotiga chuqur kirib bordi-yu, qay biriga eʼtibor yoʻq. Ushbu yoʻnalish yaʼni nazorat — tahlil kuchaytirilib, palatada muhokamaga qoʻyilib, tegishli tashkilotlar jalb qilinsa, yanada samaraliroq boʻladi natija, deb oʻylaymiz. Deputatlarda ana shu imkoniyat bor.