Ilias Iliadis: “Bu jamoaga murabbiy boʻlib kelish men uchun katta sharaf”

0
241
marta koʻrilgan.

Oʻzbek dzyudosi oʻz tarixida yangi davrni boshdan oʻtkazmoqda. Balki bu hol siz-u bizga ushbu davrda yashayotganimiz uchun bilinmas, ammo vaqt oʻtib barchasi aks etadi. Hozir Oʻzbekiston terma jamoasida murabbiylik qilayotgan gretsiyalik Ilias Iliadis terma jamoaga “yangi ruh” olib kirmoqda.

Boshqa mahalliy murabbiylarga hurmat saqlagan holda aytish mumkinki, Iliadis oʻz mashgʻulotlari bilan dzyudochilarimizni qaytadan kashf qilmoqda. Mashgʻulotlarni kuzatar ekanmiz, yangicha yondashuv, uning oʻzbek tilida ham soʻzlayotganiga guvoh boʻldik. Eʼtiboringizga afsonaviy dzyudochi bilan oʻtkazgan intervyumizni havola qilamiz:

– Kelishingizdan avval oʻzbek dzyudosini qanday tasavvur qilgan edingiz-u, hozir qanday?
– Oʻzbek dzyudosi haqida butun dunyo biladi. Bu yerdan koʻp karra Olimpiada sovrindorlari, jahon chempioni boʻlgan Abdullo Tangriyev, Rishod Sobirov kabi afsonaviy dzyudochilar chiqqan. Oʻzbekistonda oʻziga xos dzyudo anʼanasi bor. Bu jamoaga murabbiy boʻlib kelish men uchun katta sharaf. Endi men bu anʼanani davom ettirishim kerak.
– Oʻzbek dzyudochilari qaysi tomoni bilan kuchli edi va qaysi jihatlarni rivojlantirish kerak?
– Men bir gapni koʻp takrorlaganman. Har bir Olimpiadada dzyudo oʻzgaradi. Biroq bunga qaramasdan oʻzbek dzyudosi oʻzining texnikasi va jismoniy tayyorgarligi bilan chiroyli boʻlib kelgan. Hozir umuman boshqacha dzyudo ketyapti. Ayni paytda texnikaning oʻzi yetarli boʻlmay, jismoniy kuch va tayyorgarlik koʻp narsani hal qilib yuboryapti. Hozir jamoa bilan shu tomonlar ustida ishlamoqdamiz.
– Hozir butun dunyoda tarqalib borayotgan koronavirusning IJF (Xalqaro dzyudo federatsiyasi) va bizning jamoaga taʼsiri qanday?
– Jahondagi yetakchi dzyudochilar ham, bizning polvonlar ham oddiy odam. Butun dunyo boʻylab amal qilinayotgan qarorga biz ham boʻysunamiz. Ammo bu bilan boʻshashib qolmaymiz. Oʻzimizning ichki mashgʻulotlar davom etadi. Oradagi vaqtda ancha motivatsiya va kuch yigʻib olamiz.
– Maygacha boʻlgan musobaqalarning bekor qilinishi rejalaringizga halaqit bermaydimi?
– Ha, koʻp rejalar oʻzgarib ketdi. Lekin nima ham qilar edik, bu hayot. Bugunni oʻylab yashash kerak. Chunki ertaga nima boʻlishini bilmaymiz. Bugun oʻz ishimizni qilaylik, ertaga nima boʻlishini koʻramiz.

– Jamoada kim sizning sevimli shogirdingizga aylandi?
– Hammasi. Mana, qoʻlimizdagi 5 ta barmoq. Men qanday qilib birini ikkinchisidan koʻproq yoqtiraman deya olaman? Men uchun hammasi bir xil. Shunchaki, ularning xarakteri turlicha. Xuddi oilada ham turli xarakterga ega aka-ukalar boʻlganidek. Murabbiy boʻlar ekansan, ularning tabiatini oʻzgartirishing ham talab etiladi.
– Federatsiya tomonidan siz istaganchalik sharoitlar yaratib berilmoqdami?
– Albatta. Bu borada hech qanday muammo boʻlgani yoʻq. Barcha oʻz ishiga professionallarcha yondashgan holda ishlayapti. Hatto davlat rahbarining eʼtiborini alohida aytib oʻtmoqchiman. Olimpiada siklida mamlakat Prezidentining qoʻllab-quvvatlashi sportchiga juda katta kuch beradi. Faoliyatim davomida koʻp davlatlarda boʻldim. Lekin Oʻzbekistondagidek sharoitni hech qayerda uchratganim yoʻq. Shu jihat meni bu mamlakatda ishlashimga undadi va koʻplab davlatlar orasida Oʻzbekistonni tanladim.
– Keling, endi jahon dzyudosiga ham oʻtib koʻramiz. Yaponiya terma jamoasi -66 kilogramm vazn toifasidagi ishtirokchisidan tashqari barcha vaznlardagi vakillarini eʼlon qildi. Sizningcha, ular bu vaznga kimni qoʻyishadi?
– Bu men uchun qiziq emas. Raqiblarga hurmat saqlagan holda shuni aytamanki, qolgan jamoalarning tarkibi meni qiziqtirmaydi. Meni oʻzimning jamoamdan boshqasi bilan ishim yoʻq. Qaysi vaznga kimni qoʻyishlari ham mening ishim emas. Men uchun hammalari birdek raqib.

– Teddi Rinerning Parijdagi magʻlubiyatiga qanday qaraysiz? Bu kutilgan voqelikmidi yoki tasodif?
– Bu meni ajablantirgani yoʻq. Teddi ham inson. Bir narsani tushunmayman, odamlar bundan juda vahima yasab yuborishdi. Oʻsha kun uning uchun emas ekan. Dzyudochi boʻlganim uchun uni ham tushunaman. Hech kim gʻalaba bilan abadiy qololmaydi. Teddi men uchun afsonaviy dzyudochi va shunday boʻlib qoladi ham. Bitta magʻlubiyat uning shuhratini toʻka olmaydi. Masalan, futbolda Braziliya oʻz uyidagi jahon chempionatida 1:7 hisobida yengilgan. Nima, braziliyaliklar kuchsiz boʻlib qoldimi bu bilan?! Bu ham shunga oʻxshash vaziyat.

– Ayni holatda qizlarimizdan ikki nafari yoʻllanma zonasida turibdi. Litsenzion davr yakunlanguncha uchinchisini ham qoʻlga kiritishimiz mumkinmi?
– Hamma narsa boʻlishi mumkin. Agar oʻzimga ishonchim boʻlmasa, bu gaplarni aytmagan boʻlar edim. Biz olib borayotgan mashgʻulotlar bilan koʻp narsaga erishsa boʻladi. Har kuni shunday tempda ketmoqdamiz. Nasib qilsa, mavsum oxirida qizlarda ham uchinchi yoʻllanmani olishimiz mumkin.
– Mashgʻulotlarda koʻrdikki, oʻzbek tilini ham ancha-muncha oʻrganib olibsizmi?
– Juda unchalik emas (kuladi). Shogirdlarimga kurash payti zarur boʻladigan kerakli soʻzlarni oʻrganib olganman. Lekin bu bilan oʻzbekchani bilib oldim deya olmayman.
– Sizningcha, jahonda avval va hozirgi davrda eng kuchli dzyudochi kim?
– Bu men uchun ham juda qiziq savol. Bilasizmi, men uchun ajralib turadigan odam yoʻq. Dzyudo tarixida ham, hozir ham har bir vazn toifasida oʻziga yarasha kuchlilar bor. Ularning barchasini hurmat qilaman. Birini ikkinchisidan ajrata olmayman.

 Ilias Iliadis  haqida maʼlumot: 1986 yil 10 noyabr kuni Gruziyaning Axmeta shahrida grek oilasida tavallud topgan. Gretsiya terma jamoasi aʼzosi. 2004 yil Afinada oʻtkazilgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida -81 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritib, dzyudo tarixida eng yosh (17 yosh) Olimpiada chempioniga aylangan. London-2012 Olimpiadasi bronza medali sohibi. Tokio (2010), Parij (2011) va Chelyabinsk (2014)da oʻtgan jahon chempionatlari gʻolibi. Shuningdek, JCHlarning 2 karra kumush va 1 bor bronza medali sovrindori. Pekin-2008 yozgi Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimida Gretsiya terma jamoasining bayroqdori boʻlgan.

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot markazi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.