«Aldagani bola yaxshi»mi yoxud TVda 45 daqiqalik film oraligʻida qancha reklama berish mumkin?

0
194
marta koʻrilgan.

TVda isteʼmolchilar huquqlari taʼminlanyaptimi? Ushbu savolga javob topish maqsadida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylangan deputatlari tomonidan joylarda «Reklama toʻgʻrisida»gi qonunning ijrosi oʻrganildi.

Oʻrganishlar asosida bu borada yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar umumlashtirildi, jamoatchilik fikri oʻrganildi, xulosa esa amaldagi qonunning hayotiyligini taʼminlash zarurati borligini ham koʻrsatdi.

Aholining aksariyat qismi ayni kunda telekanallarimizda reklamaning haddan tashqari koʻpayib ketganligidan norozi: yomoni – diqqatni boʻlishi, bitta reklamaning qayta-qayta takrorlanishi oqibatida asab buzilishi. Berilib film qahramonlari bilan voqea, hodisalar girdobiga ayni tushib turganingda toʻsatdan reklama qoʻyib yuborishadi yoki ekranning pastida esa yozuvlar, suratlar bodroqday boʻrtib chiqadi. Yana tagʻin harakatlanadi. Kimnidir koʻtarib kelib, tashlab yuborishadimi-yey. Fikrni boʻladi. Endi, hozir yozuvlarni oʻylab topishibdi. Nima emish, filmga birozdan keyin qaytarmish yoki qisqa muddatdan keyin qaytarmish. Xuddi-ki, «aldagani bola yaxshi». Reklamasi kinodan uzun.

BU BORADA QONUNCHILIKDA QANDAY NORMALAR MAVJUD?

Eʼtirozlar qanchalik darajada toʻgʻri? Bu borada qonunchilikda qanday normalar mavjud?

«Reklama toʻgʻrisida»gi qonunning 17-moddasi televideniye va radiodagi reklamaga bagʻishlangan. Unga koʻra, reklamaga ajratilgan vaqt koʻrsatuvning har bir soatiga 10 foizdan oshib ketmasligi kerak. Oddiy til bilan aytadigan boʻlsak, har soatda 6 minut reklama berilishi mumkin. Lekin qonunimizda bu talab koʻrsatuvning ixtisoslashtirilgan reklamaviy kanallariga tatbiq etilmasligi belgilab qoʻyilgan. Tabiiy savol tugʻiladi: bu kanallar qaysilari? Qonundan bu savolga javob topilmaydi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri ishlovchi qonunlar qabul qilinayotganligi eʼtiborga olinsa, qonunda ixtisoslashtirilgan reklamaviy kanallarni ochiqlashtirish kerakdir. Ularning xalq vakillari tomonidan belgilab berilishi esa qonuniylikni taʼminlaydi.

Mazkur moddada 45 minutdan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino va telefilmlar reklama uchun toʻliq 45 minutlik vaqt oraligʻida koʻpi bilan bir marta uzib qoʻyilishi mumkinligi mustahkamlab qoʻyilgan. Bu norma reklamaviy telekanallar uchun boʻlsa kerak! Negaki, kuzatishlar ayrim telekanallarda bu normaga umuman amal qilinmayotganligini koʻrsatdi. Film nari borsa, yarim soat davom etgani holda kamida ikki-uch marta uzilib, reklama qoʻyiladi.

Shuningdek, 17-moddaga muvofiq dasturlarning reklama qismlari tovushini teleradio dasturning tovushiga nisbatan balandroq qilish taqiqlanadi. Ammo amalda-chi? Reklama boshlanishi bilan birdan televizor ovozining shangʻillab balandlab ketishi, asablar tarang holda ovozni pasaytirish uchun pultni qidirib qolish odatiy holga aylandi.

Qonunda reklama koʻrsatuvlarning boshlanishi oldidan va (yoki) ular tugaganidan soʻng joylashtirilishi mumkinligi belgilangan. Ammo u majburiy tus olgan. Shundan kelib chiqib, qonunda majburiyligini belgilash maqsadga muvofiqdir. Mana shu joyda reklama uchun koʻproq vaqt ajratilsa, diqqatni boʻlish, fikrni chalgʻitish, asabni egovlashning oldi olingan boʻlar edi.

Mazkur moddada ishlashi gumon boʻlgan normalar ham mavjud. Masalan, 10 minutdan ortiq davom etadigan telekoʻrsatuvlarga mualliflik huquqi egasi bilan kelishmasdan turib reklama joylashtirilishi mumkin emasligi haqidagi norma. Yaxshi norma, lekin unga qanchalik darajada amal qilinmoqda?

YANA BIR GAP…

Telekoʻrsatuvlarning boshlovchilari, diktorlari va boshqa qatnashchilari reklama uchun ajratilgan vaqtdan tashqari paytda mahsulotni bilaturib namoyish qilish yoki uning isteʼmol xususiyatlarini bevosita yoki bilvosita tavsiflash huquqiga ega emas.

Televideniye va radio xodimlariga axborot niqobi ostida reklama bilan shugʻullanish, yaʼni mahsulot ishlab chiqaruvchining rekvizitlarini, joylashgan manzilini, telefon raqamini, mahsulotning tijorat belgilarini koʻrsatish taqiqlanadi. Bugungi kunda ushbu moddaga zid holatlarni telekanallardan istagancha uchratish mumkin. Boshlovchi ust-boshidagi kiyimidan tortib, qoʻlidagi yoki stoli ustida turgan idishi orqali ham ayrim mahsulotlarni reklama qilmoqda. Koʻrsatuv homiylari sifatida eslatish orqali ham qator mahsulotlar reklama qilinmoqda.

Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalar davrasiga moʻljallangan koʻrsatuvlarda reklama taqiqlanishi, bu taqiq ijtimoiy reklamali axborotga tatbiq etilmasligi belgilangan. Birinchidan, sir emaski, «Bolajon» kanalida tijoratga oid har xil shirinlik va saqichlar reklamasi avj olgan. Ikkinchidan, bu normada axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi eʼtiborga olinmagan, chunki tasnifda 14 yosh koʻrsatilmagan.

Uchinchidan, boshqa kanallarda berilayotgan ayrim koʻrsatuvlarda ushbu axborot mahsulotining yoshga oid toifasi belgisi bolalar ham koʻrishi mumkinligiga ruxsat etsa, unda bu koʻrsatuvda ijtimoiy reklamali axborotni qamrab olgan reklamadan boshqa reklama berish mumkin emas, degan xulosani beradi. Koʻrinib turganidek, mazkur norma tahrirga muhtoj.

Telekanallarda harakatlanuvchi satrlardan faqatgina reklama payti foydalanish mumkin. Telekoʻrsatuvlar namoyish etilayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrlardan foydalanish boʻyicha taqiqqa amal qilinmayotir. Bu yerda nafaqat satrlardan, balki oddiy va animatsiyali suratlardan ham foydalanilmoqda. Albatta, bu reklama emas, anons deyish mumkin. Ammo anons nima? «Reklama toʻgʻrisida»gi qonunda anonsning huquqiy asoslari oʻz yechimini topishi kerak.

Doniyor Toshboyev, OʻzMTDP Markaziy kengashi boʻlim boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.