Xamir plastikasi – bu ekologik toza, juda egiluvchan va yengil shakl berish mumkin boʻlgan oʻyinchoq. Gohida ularning maqsad va foydasini barcha ham anglayvermaydi.
Ashyoning egiluvchanligi oʻquvchi-talabalarga ishning davomida koʻp oʻzgarishlar kiritishga imkon beradi, bu esa ularning hissiy holatida ijobiy aks etadi, oʻz tasavvuridagi manzara yoki shaklni yaratishida qiyinchilik tugʻdirmaydi.
Amaliyot oʻtkazilganda: Oʻquvchi-talabalarlarga xayoliga kelgan birinchi obraz yoki manzarani yaratish topshirigʻi berildi. Topshiriq bajarish jarayonida talabalarning yaqqol faollashuvi kuzatildi. Qiz bola talabalar oʻgʻil bola talabalardan faolroq boʻlgani aniqlandi. Qizlar, asosan, gul, savat va qushlarning shaklini yasashgan boʻlsa, oʻgʻil bolalar xamirdan toʻlaqonli shakllar yaratishda bir oz qiynalishdi. Ular koʻproq inson qiyofalarini yaratishdi.
Natijada, mazkur tajriba insondagi tasavvur qilish qobiliyati, qoʻl motorikalarini shakllantirish hamda xotira jarayonlarini kuchaytirishi maʼlum boʻldi. Shuningdek, u insondagi mavjud ruhiy zoʻriqish (stress)larning oldini olishga ham yordam beradi.
Shohista Samarova, Chirchiq davlat pedagogika universiteti Psixologiya kafedrasi mudiri