Evrika – kashfiyot quvonchi

0
387
marta koʻrilgan.

Nevaram Dilnura Saʼdullayeva Toshkent shahridagi “Evrika” xususiy maktabning 1-V sinfida taʼlim oladi. Xususiy maktablar tashkil etilgani ishlaydigan onalar uchun juda qulay imkoniyatlar yaratmoqda.

 Ota-onalar ishdan chiqib bolalarini uyiga olib ketishadi. Ungacha bolalar darsdan keyin hovuzga choʻmilish, raqs, matematika, chet tili kabi mashgʻulotlarda qatnashadi. Besh mahal ovqatlantirishadi. Davlat, jamoat ishlariga vaqt topa olgan onaning ham koʻngli tinch, bola ham turli  xil koʻngil ochar va taʼlim tarbiyaga koni foyda boʻlgan mashgʻulotlar bilan band boʻladi. Davlat hisobidagi maktablarni ham ana shu darajaga olib chiqish kerak. Ana shunda elimiz, yurtimiz farzandlarimiz faoliyatidan katta samara oladi.

 Dilnura onasi  bilan har shanba respublika bolalar kutubxonasiga boradi. Kitob oʻqishni juda yaxshi koʻradi. Ushbu  maʼrifat maskani keyingi olti oyda kutubxonaga kelayotgan 1-sinf bolalari oʻrtasida tanlov oʻtkazdi. Mazkur tadbir ikki shart asosida boʻlib oʻtdi. Birinchisi, kutubxonaga  eng koʻp kelgan oʻquvchi kim? Ikkinchisi, oʻqiganlarini qisqa gapirib berish. Ushbu yoʻnalishlardagi bellashuvda  Dilnura uchinchi oʻrinni egalladi.  Faxriy yorliq va  nomi yozilgan  medalion-nishon olishga sazovor boʻldi.

Kutubxonaning bolalarga eʼtibori meni ham quvontirdi. Chunki, ushbu taqdirlash nevaramning shodligiga shodlik ulashdi, ruhiyatini yuksaltirdi, kitobga boʻlgan qiziqishini yanada mustahkamladi.

 Dilnura qizim oʻzi oʻqiyotgan maktabning birinchi sinf oʻquvchilari orasida boʻlib oʻtgan tanlovda ham bir minutda yetmishdan ortiq  soʻzni oʻqishga erishib, oʻqituvchisining maqtoviga sazovor boʻldi. Ana shunday tanlovlar tez-tez oʻtkazilib turishi maqsadga muvofiq ekanligini nevaramning sevinchlarida, intilishlarida, saʼy-harakatlarida koʻrdim.

Fizika darsliklariga kirgan Arximed qonuni uning asoschisi nomi bilan ataladi. Arximed oʻz kashfiyotini oʻylab  topganida xursandligidan beixtiyor “evrika” “topdim” deya hayqirgan ekan. Farzandlarimiz orasidan  Arximeddek, Al-Xorazmiydek, Fargʻoniydek, Beruniydek allomalar oʻz mehnati bilan jahon ahlini lol qoldiradigan kashfiyotchilar chiqishida tilakdoshmiz.

Mamlakatimiz Prezidenti soʻzlari bilan aytsak: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”! Shuning uchun ham  zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Albatta, bu oila, maktab, mahalla  va boshqa taʼlim-tarbiyaga daxldor barcha tashkilotlarga bogʻliqdir. Halqimiz “birlashgan oʻzar” deb bejizga taʼkidlamagan. Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan yangi tashkil etilayotgan Oila va mahallaga daxldor vazirlik ham koʻpgina tashkilotlarni birlashtirib taʼlim- tarbiyaga munosib hissa qoʻshadi, degan umiddamiz.

Raʼno Zaripova, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.