Ismoil Poʻlatov – yosh matematik, Respublika «Yosh olimlar kengashi» aʼzosi

0
425
marta koʻrilgan.

Qorakoʻl tumani xalqaro matematika maktabi oʻquvchisi  Ismoil Poʻlatov  11-sinfni oltin medal bilan yakunladi. 

Ismoil 2003 yilda Buxoro viloyatining Jondor tumanida tugʻilgan. 2016 yili Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumani xalqaro matematika maktabining 8-sinfiga oʻqishga qabul qilindi. Mazkur maktabga qabul qilingach, qisqa vaqt ichida sinfdagi aʼlochi oʻquvchilar safidan oʻrin oldi.

Ismoil aniq fanlarga yoshligidan qiziqqanligi bois iqtidorini tuman, viloyat, respublika va xalqaro olimpiadalarda namoyon etib, gʻolib boʻldi. 2017 yil xalqaro olimpiadaning viloyat, respublika saralashlarida faxrli oʻrinlarni egallab, Hindistonning Lakhnau shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro matematika musobaqasida yakka tartibda kumush va jamoa tarkibda ham kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, viloyat fan olimpiadasida, «Moskva Uchinchi ming yillik» xalqaro olimpiadasida, «Lomonosov» fanlar festivalida, «Kenguru-2018» olimpiadasida ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi viloyat va Respublika kengashlarining tavsiyalari asosida «Yosh olimlar kengashi» aʼzolik sertifikatiga ega boʻldi. Matematika fani boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoasi va «Yosh olimlar kengashi» aʼzosi boʻlishga ham muvaffaq boʻldi.

Iqtidorli oʻquvchi 2019 yilda fan olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli 1-oʻrinni egalladi. Shu bilan birga «Buxoro ochiq matematika» olimpiadasida 3-oʻrinni egalladi. Qolaversa, matematika fanidan oʻtkazilgan “SEAMO” olimpiadasining saralash Respublika bosqichida ishtirok etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Oʻtgan yili noyabr oyida «MIFI» xalqaro olimpiadasi gʻolibi boʻldi. Bu yil «MFTI» xalqaro olimpiadasida  3-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Bilimdon oʻquvchi Ismoildek salohiyatli va iqtidorli yoshlar soni koʻpayaversin.

G. ShIRINOVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.