Matematik lingvistika nima? Yohud matnlarning son tahlili xususida 1-maqola

0
1215
marta koʻrilgan.

 

Bugun koʻpgina tilshunos olimlarimiz oʻrtasida lingvistika bu biror gepotezani faqat soʻz va jumlalar bilangina isbotlash yoki nazariyani takomillashtirish, degan dunyoqarash mavjud. Aksariyat filologiya sohasidagi dissertatsiyalarimizda ham  tadqiqot asosan sharhlash, dalil keltirish va tahlil etish asosida olib borilib, biror bir fikr, gʻoya, nazariyaga misollar orqali ishontiriladi. Lekin jahon lingvistika ilm-fanida esa maʼlum bir gepotezani aniq eksperimental tahlil va amaliy empirik tadqiqot asosida “isbotlash” (ishontirish emas!) yoki nazariyani ishlab chiqish allaqachon amalayotga kirgan. Lingvistika sohasida bunday metod matnlarning  matematik tahlili, statistik tahlili, kvantativ tahlili (“kvant” inglizchadan tarjimada “son”, “miqdor” degan maʼnoni bildiradi), matematik lingvistika, statistik lingvistika, kvantativ lingvistika kabi nomlar bilan ataladi.

Oksford on-layn lugʻatida matematik lingvistikaga shunday taʼrif beriladi: “Lingvistikaning  matematik modellashtirish metodi orqali amalga oshiriladigan ilmiy tahlil yoʻnalishi matematik lingvistika deb ataladi”.  

Jahonda filologiyasi tadqiqoti tarixida  mazkur metod  XIX asrning oxirlaridan  boshlab qoʻllana boshlangan. L.A.Sherman ingliz nasriy asarlarida  jumlalarning uzunligi haqida 1888 yilda ilmiy ish eʼlon qiladi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab, ijod qilgan  V.A.Bogoroditskiy, A.M.Peshkovskiy, M.N.Peterson kabi  filologlar rus tilidagi qaysi harflar va tovushlarning nutqda tez-tez qoʻllanishiga doir tadqiqotlar olib borganlar. Mazkur yoʻnalish XX asrning boshlarida shvetsariyalik tilshunos olim Ferdinand de Sossyur va kelib chiqishi polyak-rus tilshunos olim Ivan Aleksaandrovich Boduen de Kurtenelar ilk bor tilga olganlar. Keyinchalik XX asrning 50-yillariga kelib xorij tilshunosligida mazkur yoʻnalish amaliyotga keng kirib keldi.

Bugun Moskvada Kvantitiv lingvistika boʻyicha Xalqaro Assotsiatsiya ham mavjudki (1994 yilda nemis olimlari G.Altman va R.Keler tashabbusi bilan tashkil etilgan), bu esa jahon lingvistika ilm-faniga mazkur yoʻnalishning keng kirib kelayotganiga ishoradir.  Germaniyada “Kvantitiv lingvistika” jurnali  1994 yildan beri chop etilib turibdi. Bugun dunyoning koʻpgina oliy oʻquv yurtlarida mazkur yoʻnalish boʻyicha kurslar oʻqitiladi. Sankt-Peterburg Davlat Universitetining Filologiya fakultetida esa “Matematik lingvistika” kafedrasi ham faoliyat olib boradi.

AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi rivojlangan davlatlarda himoya qilingan dissertatsiyalarda mana shu yoʻnalishi yetakchilik qiladi, gepotezalar aniq raqamlarda, aniq eksperimental tahlil va aniq empirik tadqiqot orqali isbotlanadi.  Zero, empirik tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan nazariya yoki isbotlangan gepotezaning xonada ish stoli ustida oʻylab chiqilgan nazariya yoki isbotlangan gepotezadan farqi ancha salmoqlidir. Matematik yoki statistik lingvistika kompyuter eksperimentiga asoslangan yoʻnalish boʻlib,  natijasi katta amaliy ahamiyatga ega ekanligi bilan ajralib turadi.

Mazkur metodning afzalliklari:

  1. Tadqiqot obyektiv xarakterga egaligi hamda tadqiqot natijalarini tekshirib koʻrish imkoniyati mavjudligi;
  2. Katta hajmdagi obyektni oʻrganish va tadqiqot natijalarini xolis mezonlar asosida xulosalash imkoniyati mavjudligi;
  3. Individual tadqiqot natijalarini boshqa tadqiqotlar natijalari bilan aniq mezonlar, aniq raqamlar va aniq metodlar asosida qiyoslash mumkinligi.

Rus olimi B.N.Golovinning fikricha, filologiya sohasidagi tadqiqotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun son va sifat tahlili birgalikda olib borilishi kerak. Tilshunoslikda kvantativ tahlilni koʻpincha matnlarning uslubi, janrlari, mualliflarini klassifikatsiyalashda, shuningdek, soʻz va jumlalar strukturlarini (misol uchun soʻz va jumlalar uzunligi, maʼlum bir soʻz va grammmatik birliklarni  matnda tez-tez qoʻllanish darajasi) tahlil qilishda qoʻllaniladi.

Mamlakatimiz tilshunos olimlari oʻrtasida tilshunoslik ilmiy ishlarida statistik tahlil olib borilganda  filologik tadqiqot emas, balki sotsiologik tadqiqot, degan qarashlar mavjud. Lekin, til bilan bogʻliq muammolarni filologiya sohasi oʻrganmasa qaysi soha oʻrganadi?!

Matematik modellashtirish asosida amalga oshiriladigan tahlil natijalari, u xoh iqtisodiyot, xoh sotsiologiya, xoh filologiya sohasida boʻlsin, katta amaliy ahamiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Bizda ham ilmiy tadqiqotlarni jahonda tan olingan “toshi ogʻir”  metodlar orqali amalga oshirish vaqti kelmadimikan?!

 

OYDIN SAʼDULLAYEVA,

OʻZDJTU TADQIQOTCHISI

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.