Oʻktam Ismoilov: tibbiyot sohasida har bir talabaga amaliyot zarur

0
504
marta koʻrilgan.

Tibbiyot institutlari talabalari oʻz yashash hududlariga amaliyotga yuborilmoqda. Amaliyotning maqsad va sabablari haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi Fan va taʼlim boshqarmasi boshligi Oʻktam Ismoilov izoh berdi:

– Har bir talabaga amaliyot zarur. Ayniqsa bizning sohamizda talaba faqat nazariyani oʻrganib hech qachon shifokor boʻla olmaydi. Tibbiy taʼlim azaldan amaliyot bilan birga olib borilgan. Ayni paytda bu masala kun tartibiga chiqqani ham aniq sabablarga, huquqiy asosga ega. Maʼlumki, Oʻzbekiston prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi. Unda shunday band bor:

2021 yil 1 yanvardan boshlab qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanadi. Bunda, ushbu chora-tadbirlar mavjud shtat birliklari doirasida amalga oshiriladi.

Bu bandning mavzuga aloqador jihati shundaki, koʻpchilik talabalar amaliyotdan uzoqlashdilar, oʻzlarining kelajakdagi potensial ish joylari boʻlgan oilaviy poliklinikalarga bormaydilar. Farmonda talabalarning amaliyotga uzviy biriktirilishi ham koʻzda tutilgan.

Hujjatga asosan vazirligimizning maxsus buyrugʻi ham chiqarilgan. Bir soʻz bilan aytganda, butun dunyo tajribasi shuni koʻrsatadiki, shifokor amaliyotsiz shifokor boʻla olmaydi.

Yigirma kun davom etishi moʻljallangan bu amaliyot Qashqadaryo viloyati misolida boshlandi va bosqichma-bosqich hamma hududlarda davom ettiriladi. Qashqadaryoda boshlanishiga sabab, davlat rahbarining viloyatga tashrifi davomida aholini roʻyxatdan oʻtkazish, antropometrik koʻrsatkichlarini aniqlash va salomatligini tekshirish topshirigʻi berilgan. Bu jarayonga barcha soha xodimlari singari oʻsha hududlik yuqori kurs talabalari, klinik ordinatorlar va magistrlar ham jalb qilinmoqda.

Bu amaliyot uchun haq toʻlanadimi, unga borish majburiymi, degan savol tugʻiladi. Pandemiya davrida tibbiyotga jiddiy yuklama tushdi, yangi-yangi vazifalar berilyapti, katta islohotlar amalga oshirilyapti. Bunday jarayonlardan professor-oʻqituvchilar va talabalarning chetda qolishi toʻgʻri emas. Amaliyot uchun talabalarning yoʻlkiralari toʻlab beriladi. Ammo ularning vaqtincha faoliyati uchun haq toʻlash koʻzda tutilmagan. Shuningdek, barcha qatnashishi shart boʻlsa-da, kasallikka chalinganlar, homiladorlar va boshqa uzrli sabablarga koʻra talaba amaliyotga jalb qilinmasligi mumkin. Sabablarni taʼlim muassasalari rahbariyati oʻrganib chiqadi va xulosa chiqaradi.

Eng muhimi, talabalar oʻzlari yashaydigan hududda, ota-onalari bagʻrida amaliyotni oʻtaydilar va bu ham ularga katta tajriba maktabi boʻladi.

Manbaa: Vazirlik rasmiy kanali – @ssvuz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.