OLTIN KUZ, XAZONREZGI: MUAMMO VA YECHIMLAR

0
1280
marta koʻrilgan.

Daraxtlarning inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishda ahamiyati juda ham katta. Manzarali daraxtlar ekilgan bogʻda yarim soatlik sayr  kilish bir necha xil turdagi dori vositalari oʻrnini bosadi.

Kuchli sanitar sifatida daraxtlar va butalarning yashil yuzasi is gazini yutib, inson xayoti uchun zarur boʻlgan kislarodni chikaradi. Daraxtlar ham barcha tirik mavjudodlar kabi oʻziga xos quvvat manbaiga ega. Chunki inson daraxtlardan taralayotgan iforlardan bahramand boʻlib, kayfiyati koʻtariladi. Tabiiy tabiblarimiz hisoblanmish daraxtlar insonni asablarini tinchlantiradi, moddalar almashinuvini meʼyorlashtiradi. Salomatligimiz qalkoni sifatida yoz oylarida yurak kasalliklari, yuqori qon bosimi bor insonlar emanzorlarda, nafas olish yoʻllari kasalliklari bor insonlar qaragʻayzorlarda sayr qilsa sogʻliklari tiklanadi.

Bundan tashqari katta yoshdagi bitta daraxt bir mavsumda bir yilda oʻn kishi isteʼmol qiladigan miqdorda kislorod ishlab chiqaradi. Bir gektar daraxtzor bir kunda 220-280 kg. karbonat angidrid yutadi va 180-220 kg. kislorod chikaradi. Daraxtzorlar havodagi chang miqdorini kamaytiradi va shovqinni pasaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, oʻsimlik dunyosi tabiatning issiqlik va radiatsion muvozanatini boshqaradi, havoning namligini taʼminlaydi, zaharli tutunlarni va shamollarni saqlab qoladi. Jumladan, daraxtlar turli xil shovqinlarni kamaytirish xususiyatiga ega. Bundan tashqari ochiq ekin maydonlari atrofida ekilgan daraxtlar yerni shamol degradatsiyasidan himoya qiladi. Daraxtlar iqlim moʻtadilligini asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumki, shaharlar hududida turli tashqi taʼsirlar tufayli oʻziga xos ekotizim yuzaga kelib, mavjud tabiiy muhit tubdan oʻzgaradi.

Shaharlar maydonlarini bezatishda, ularga chiroyli va shinam koʻrk berishda yorqin ranglarda gullaydigan buta oʻsimliklarning ahamiyati beqiyos boʻldi. Ushbu va koʻpgina butalarning bebaho sifati shundaki, ular nafaqat tez oʻsuvchi va shaharning oʻziga xos ekologik sharoitlariga moslashuvchanligi bilan, balki juda manzaraliligi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatimizda aholi punktlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, ekologik talablarga qatʼiy rioya qilish, atrof muhit musaffoligini taʼminlash va inson salomatligi uchun maqbul boʻlgan oʻsimlik va daraxt turlarini ekish, ularni parvarish qilish borasidagi ishlarda barchamizni faol boʻlishimiz hamda tashabbuskorlik koʻrsatishimiz, bu yoʻnalish boʻyicha turli targʻibot ishlarini amalga oshirishimiz bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

Aslida tabiat oʻz muvozanati va mohiyatiga koʻra toʻkis va bekamu kust yaratilgan. Ayniqsa, mamlakatimizda toʻrt faslning barqaror almashinuvi, ularning har biridagi joziba kishini hayratga soladi. Umuman olganda  yurtimizning har fasli, har kunida oʻzgacha sehr va moʻjiza bor. Yurtimizga sokinlik ila kirib kelayotgan kuz nafasi allaqachon ruhiyatimizda, kayfiyatimizda sezilgan.

Eʼtirof etish joizki, daraxtlar insoniyatning toʻlaqonli yashashi uchun hayotiy ahamiyatga ega. albatta. Yashil olam shahar havosini 2-8 darajaga salqinroq qiladi. Bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi.

Daraxtlar har doim tabiatga, insoniyatga foyda keltirgan. Soyasi jonga, mevasi tanga darmon. Lekin biz bilamiz-ki, har bir faslning oʻz xususiyati bor. Oltin kuz fasli kelishi bilan daraxtlar oʻzining yashil olamini xazonrezgilikka boʻshatib beradi. Ayni kuz faslida aholi tomonidan xazonrezgi mavsumida yuqorida aytib oʻtilgan manzarali va mevali daraxtlardan toʻkilayotgan barglarni yigʻish toʻplash va olib borib tashlashni tashvishga soladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar tomonidan shox-shabbalarning yoqib yuborish ham kuzatiladi.

Darhaqiqat, yurtimizda kuz fasli kelishi bilan xazon mavsumi boshlanadi. Yaʼni sargʻaygan daraxt barglari yerga gilam qatori toʻkiladi va barglarni yigʻib ayrim xonadon, mahalla, korxona va tashkilotlar hududlarida xazonlarni toʻplab yoqib yuborish holatlari kuzatiladi.

Keling,  yonayotgan xazonning nechogʻlik zararli ekanini statistik maʼlumotlar orqali koʻraylik. Bir tonna xazon yoqilganda, atmosfera havosiga 30 kg uglerod oksidi ajralib chiqadi. Bundan tashqari, inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi boshqa moddalar, yaʼni oltingugurt angidridi, qurum, azot oksidi va murakkab tarkibli organik birikmalar – dioksinlar ham tashlanadi. Xazondan chiqayotgan tutun atmosfera tarkibidagi kislorod miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa chala yongan xazon oʻzidan zaharli gaz chiqazadi. Undan ajralayotgan tutun atmosferada toʻplanib, havoga karbonat angidrid gazini chiqazadi. Zararli moddalarga toʻyingan havodan nafas olgan kishining nafas yoʻllari, koʻzi hamda markaziy asab tizimi shikastlanadi. Shu bilan birga, organizmda oʻpka saratoni, bronxial astma kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishi xavfi ortadi. Xazonni yoqishdan kelib chiqadigan zararli tutun, ayniqsa, bolalar, yurak qon tomir va nafas olish yoʻllari xastaliklariga chalingan hamda allergiyasi bor insonlarga koʻproq salbiy taʼsir etadi.

Shuni unutmaslik kerakki, koronavirus pandemiyasi sharoitida atmosferaning turli moddalar bilan ifloslanishi, ushbu kasallik bilan kasallanganlar, tuzalib chiqqanlar uchun esa nihoyatda zararlidir.

Atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga qatʼiy rioya qilish atrof-muhit musaffoligini taʼminlash va inson salomatligini himoyalashda alohida ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, fuqarolar, mahalla faollari sogʻlom ekologik vaziyatni saqlash ishlaridan chetda qolmasligi lozim.

Olib borilayotgan tadbirlar natijasi yildan-yilga xazon va shox-shabbalarni hamda oʻsimliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish holatlari kamayib borayotganligini koʻrsatmoqda. Biroq, bu orada amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator vazifalar ham mavjud. Ular bir necha omillarga bogʻliqdir.

Birinchidan, tegishli mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan xazon yoqishning oʻz vaqtida oldini olish boʻyicha chora-tadbir amalga oshirish lozim. Daraxtlardan toʻkilgan xazonlarni yigʻib mutasaddi  tashkilotlar koʻmagida shahar tashqarisiga tegishli joylarga tashlash.

Ikkinchidan, kesilgan shox-shabbalarni qayta ishlash natijasida turli xildagi qurilish materiallari va briketlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish.

Uchinchidan, daraxtlardan toʻkilgan xazonlarni alohida ajratilgan holda yigʻib olish natijasida ulardan oʻgʻitlar tayyorlash yoʻlga qoʻyish mumkin.

 Toʻrtinchidan, aholi punktlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishda, ekologik talablarga qatʼiy rioya qilish va tumanning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda atrof muhit musaffoligini taʼminlash va inson salomatligi uchun maqbul boʻlgan oʻsimlik va daraxt turlarini ekishga alohida eʼtibor qaratish.

 Beshinchidan, mahallalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida ekologik hasharlar oʻtkazilib, avvalo ekologik tozalagini taʼminlash, chiqindixonalarni ozoda saqlash, bunda ayniqsa, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish.

Oltinchidan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, ommaviy axborot vositalari orqali ular oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borish ekologik qoidabuzarliklarni oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, bu borada olib borayotgan amaliy ishlarimiz ekologik farovonlikni taʼminlash, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasi, kelajak avlodlarning musaffo muhitda yashash huquqini kafolatlashga xizmat qilishi lozim.

Umida KAMILOVA, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan  xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati,

Erkin OMONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi katta referenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.