Joriy yilning 3 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasining Fan va taʼlim vazirligi tomonidan mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruh aʼzolari ishtirokida onlayn videokonferensiya oʻtkazildi.
Videokonferensiyada Respublikamizda oliy taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga eʼtibor qaratilib, Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy materiallarni oʻquv jarayoniga keng joriy qilish,yuqori malakali oʻqituvchi va olimlar bilan tajriba almashinuvini tashkillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda bajarish, fan-taʼlim-ishlab chiqarish integratsiyasini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim muassasalari Filiallari va ularning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi hukumati oʻrtasida hamkorlik «KELISHUV» loyihasi bandlari muhokama etildi hamda tegishli kelishuvlarga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3153 sonli «Toshkent viloyati sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan topshiriqlarga asosan Toshkent viloyati Olmaliq shahrida Rossiya Federatsiyasining Milliy tadqiqot texnologik universiteti filialini tashkil etish koʻzda tutilgan. Onlayn videokonferensiyada ushbu Filial faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar ham muhokama etildi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi