Taklif: ”Yashil belbogʻlar“ yarataylik!

0
78
marta koʻrilgan.

Tahririyatdan: Coʻnggi yillarda mamlakatimizda ”Yashil makon“, ”Yashil iqtisodiyot“, ”Yashil energiya“,  kabi  atama va dasturlar paydo boʻldi. Jurnalistikamizda esa ”Yashil PR“ atamasi mavjud. Ushbu dastur-u atamalar  atrof muhitni asrashga qaratilgan. Joriy yil mamlakatimizda «Atrof-muhitni asrash va ”yashil iqtisodiyot“ yili» deb nomlangani ham bejiz emas. Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom YORMATOVA  magistral yaʼni shohkoʻchalar boʻyida ”yashil belbogʻlar“ yaratib, yashil maydonlar vujudga keltirish, jahonning ilgʻor tajribalaridan foydalanish kabi takliflarni bildirayapti.

Chunki, yer yuzida aholi soni koʻpayishi qator demografik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, global isishga olib keldi. Dunyo boʻylab havo harorati 1,5 daraja koʻtarilgani kuzatilmoqda. Shuningdek, qanchadan qancha unumdor maydonlar degradatsiyaga uchrab, ekin ekishga yaroqsiz holga keldi. Chuchuk suv tanqisligi  sezilmoqda, tuproq tarkibi buzilib, shoʻrlanmoqda. Aholi oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda. Muzliklar erib, yer ostidagi qazilma boyliklar, energiya manbalari kun  sayin kamayib, ayrimlari tugab borayotgani ham haqiqat.

Shu bois, bugun dunyoda sahrolarni yashillikka burkash loyihasi ustida ishlanmoqda. Tuproq choʻllanishi, degradatsiyaga uchrashining oldini olish uchun choʻllarga, sahrolarga daraxt ekilmoqda. Masalan, Xitoy oʻz hududidagi Taklamakon sahrosini yashillikka aylantirish borasida katta ishlarni boshladi. Uch ming kilometr uzunlikdagi maydonga 30 million tupdan ortiq daraxt ekildi va Sinszyan shahrining shimoli-sharqiy hududida yashil hudud barpo etilyapti. Bu joy Himolay togʻiga yaqin boʻlgani uchun sahroda qishda harorat 26 darajagacha sovib ketadi. Bundan tashqari, hududga Sibirdan ham qattiq sovuq kirib keladi. Yoz kunlari esa harorat 40 darajagacha isiydi. Sahroning yuqorisida mamlakatning gʻarbiy qismini suv bilan taʼminlovchi 10 ta katta muzlik joylashgan. Agar yashil hudud barpo etilmasa, muzliklar erib, Gʻarbiy Xitoy suvsiz qolishi mumkin. Shu muzliklar saqlab qolinishi uchun sahro yashillik bilan qoplanmoqda.

Daraxtlar yoki yashillik bor joyda salqin mikroiqlim yuzaga keladi, kislorod koʻpayadi. Zaharli moddalar kamayadi. Muzliklar erishining oldini olish va temir yoʻl oʻtgan infra tuzilmani saqlab qolish uchun xitoyliklar bu erda qamish va boshqa qurgʻoqchilikka chidamli daraxtlarni ekib parvarishlamoqda. Qamishning popuk ildizi katta hajmli boʻlib, atrofidagi koʻchadigan qum va tuzni ushlab qoladi. Xitoy Taklamakon sahrosida faqat daraxt ekib, yashil hudud barpo qilish bilan cheklanmay, qum barxani koʻchishi toʻxtagan joylarda quyosh panellari oʻrnatib, katta miqdorda elektr energiyasi ham olyapti. Temir yoʻlni qum barxanidan himoya qilish uchun yoʻl boʻylab 4-5 qator daraxtlar ekildi va ularni sugʻorish uchun yer tagidan suv olib, tomchilatib sugʻorish tizimi ishga tushirildi. Endi yashil maydonlarga qamish, akatsiya, turongʻi daraxtlarini ekishga kirishildi.

Saudiya Arabistoni ham oʻz hududidagi katta sahroni yashillikka burkashga bel bogʻlagan. Mamlakat loyiha asosida 2030 yilgacha 400 million tup daraxt ekib, hududga Afrikaning shimoliy va gʻarbiy hududidan tez-tez koʻchib keladigan qum barxani yoʻlini toʻsishni maqsad qilgan. Bu hududda 60 foiz aholi suv tanqisligidan aziyat chekadi. Shunga qaramay, 30 foiz maydonni tabiiy qoʻriqxonaga aylantirmoqchi. Kelgusida 50 milliard tup daraxt ekishni maqsad qilgan. Hozir 40 million gektar maydonni daraxt ekishga tayyorlash borasida reja asosida ishlar davom etmoqda. Keyinchalik 200 million gektar maydonni degradatsiyadan chiqarib, ekin ekishga yaroqli holga keltirish loyihasi tuzilgan.

Bundan tashqari, saudiyaliklar kam boʻlsa ham yomgʻir suvini toʻplashni yoʻlga qoʻygan. Ular bu ish bilan qadimdan shugʻullanib keladi. Buning uchun yarim oy shaklidagi katta maydonda chuqur qaziladi va yomgʻir suvi ana shu chuqurga toʻplanadi. Chuqurning tevaragiga daraxtlar ekiladi. Daraxtlar ildizi ana shu namlikda rivojlanadi. Shuningdek, saudiyaliklar yer ostidan suv olib, daraxtlarni tomchilatib sugʻormoqda. Mamlakatda yillik yogʻin miqdori bor-yoʻgʻi 100 millimetr. Shunday boʻlsa-da, ana shu ozgina yomgʻir suvini toʻplab, foydalanadi.

Nigeriya va yana bir necha davlat birgalikda Afrika qitʼasini ikkiga boʻlib, “yashil devor” loyihasini ishga tushirmoqda. Loyiha ishtirokchilari faqat daraxtlar emas, qurgʻoqchilikka chidamli joʻxori, kunjut, tariq kabi ekinlarni ham ekmoqda. Suv toʻplanadigan chuqurlar atrofida yashil oʻsimliklar, turli xil bir yillik va koʻp yillik oʻtlar tabiiy ravishda oʻsa boshlaydi. Sekin- asta hayvonlar va qushlar uchun ozuqa manbai vujudga keladi. Xullas, bugun koʻplab joylarda yomgʻir suvini toʻplaydigan qurilmalarni ishga tushirish ishlariga keng eʼtibor berilmoqda hamda u yerlarda ekish uchun daraxtlar, butalar, koʻp yillik va bir yillik ekin turlari tanlab olinmoqda.

Sahrolarda oʻrmonlar barpo etish evaziga atmosferada kislorod koʻpayadi. Iqlim oʻzgaradi, yumshaydi, dala-dashtning koʻrinishi yaxshilanadi. Ekilgan daraxt va butalarning ildizi oʻz atrofida boʻlgan qum, tuzni koʻchishdan saqlaydi.  Daraxtlarning tanasi va ildizlari yerning ustki qismini mustahkamlaydi, eroziyaning oldini oladi. Daraxt va butalar yiriklashgandan soʻng sahro shamoli sekinlashadi. Saksovulning 7-8 yillik bir tupi atrofidagi 4 tonna qumni ushlab qolish xususiyatiga ega. Daraxtlarning soyasida har xil bir yillik oʻt-oʻlanlar oʻsadi. Bundan tashqari, saksovulning bir yillik novdalari toʻkilib, sekin-asta qum organik qoldiqlar yordamida tuproqqa aylana boshlaydi. Bir tup saksovul oʻzidan 0,8 tonna kislorod chiqaradi va atmosferadan 1,1 tonna karbonat angidridni oʻzlashtiradi. Demak, saksovul yoki boshqa daraxtlar ekish va koʻkartirish havoni zararli gazdan tozalashga yordam berish bilan birga  yerning tarkibini yaxshilaydi. 

Mutaxassislar taʼkidlashiicha, Oʻzbekistonda yangi oʻrmonlar barpo etish dunyodagi boshqa hududlarga qaraganda 2-3 marta arzon tushadi. Bizda bir gektar yangi oʻrmon barpo etish uchun 150-200 dollar sarflansa, boshqa mamlakatlarda bu xarajat 500 dollarni tashkil qiladi.

Joriy yil mamlakatimizda «Atrof-muhitni asrash va ”yashil” iqtisodiyot“ yili» deb nomlandi. Xoʻsh, bu yildan qanday umidimiz bor? Atrof-muhitni saqlash uchun nima qilishimiz kerak? Shu oʻrinda bir oʻylab koʻraylik: bu borada biz nima ish qildik? Hech boʻlmasa, bir tup koʻchat ekdikmi yoki ekilgan bir tup koʻchat parvarishini zimmamizga oldikmi? Ekinlarga quyiladigan suvni oz boʻlsa-da, isrof qilmay sugʻorishning yangi usuliga oʻtdikmi? Chelakka suv olib, mashinalarni yuvishni odatga aylantirdikmi? Afsuski, bugun bu savollarga ijobiy javob bera olmaymiz. 

Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, madaniy ekinlar ekilgan dala cheti hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish tizimini yoʻlga qoʻyish belgilab berildi. Endi qayerda boʻsh maydon boʻlsa, albatta, shu joyga koʻchat yoki boshqa ozuqa ekinlari ekish mumkin.

Mamlakatimizda 4 million gektar sugʻoriladigan maydon bor. Uning hududidan oqadigan ariqlar, zovurlar chetida  namligi yetarli joyda turli daraxt koʻchatlarini ekish imkoniyati ham bor. Masalan, barcha viloyat ekin maydonlarining oʻqariqlari boʻyida hech narsa ekilmay, boʻsh yotibdi. Shu joylardan suv oqib oʻtadi, demak, ekilgan koʻchatlar koʻkarib ketishiga 90-100 foiz kafolat bor. Ana shu boʻsh joylarga turli daraxt koʻchatlari ekilsa, albatta, bir kun kelib, ularni yogʻoch sifatida ishlatish mumkin. Bundan tashqari, bu daraxtlar atrof-muhit havosi tozalanishiga ham xizmat qiladi.

Shuningdek, joylarga ekiladigan daraxt va buta turlarini ekologik nuqtai nazardan oʻylab rejalashtirish kerak. Chunki, ayrim daraxtlarning hasharot va kasalliklari shu atrofda oʻsayotgan madaniy ekinlarga zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, bir necha ming kilometrlab choʻzilgan yoʻllar yoqasining birinchi va ikkinchi qatoriga manzarali, keyingi qatorlariga mevali daraxtlar ekilsa, juda foydali boʻladi. Sababi birinchi va ikkinchi qatordagi manzarali daraxtlar orqa tomonda qolgan mevali daraxtlarni koʻchadan koʻtarilayotgan chang va gazdan himoya qiladi. Oradan uch-toʻrt yil oʻtgach, pishib yetilgan mevalarni isteʼmol qilish yoki qayta ishlash mumkin. Shu oʻrinda bir misol keltirib oʻtsam. Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari boshida Samarqand -Toshkent yoʻlining Samarqand viloyatiga kirish chegarasida oʻrik koʻchatlari ekilgan. Bu daraxtlar hozir bahorda oʻtganingizda ham chiroyli gullab, bahri dilingizni ochadi. Elni toʻyintirishga xizmat qiladi. Demak, bu borada bizda tajriba yetarli.

Bizda asli kelib chiqishi Oʻzbekistondan  boʻlgan bir daraxt bor. Koʻpchilik bu daraxtga koʻp ham eʼtibor beravermaydi. Bu — xandonpista. U biologik xususiyatiga koʻra juda issiq-sovuqqa chidamli. Olimlarning maʼlumotiga koʻra, 40 daraja sovuq va 55 daraja issiqqa chidaydi. Bugun pista kabi qurgʻoqchilik va sovuqqa chidamli daraxtni topib boʻlmaydi. 1960-yillarda Toshkent — Samarqand yoʻlining Zomin va Gʻallaorol hududidan oʻtgan qismi chetiga xandonpista koʻchatlari ekilgan. Bu butalar oradan qariyb 60-70 yil oʻtgan boʻlsa-da, hamon koʻkarib turibdi. Ular butun yoz boʻyi deyarli bir marta ham sugʻorilmaydi. Qanchadan qancha qattiq sovuqqa bardosh berganini yoshi katta mutaxassislar va shu yaqin orada yashovchi aholi yaxshi biladi. Demak, xandonpista qurgʻoqchilikka va sovuqqa oʻta chidamli. U 350-450 yilgacha umr koʻradigan daraxtlar turiga kiradi.

Bugun mamlakatimiz hududida “yashil” belbogʻlar barpo etish payti keldi. Albatta, buning uchun sovuqqa va qurgʻoqchilikka, barcha noqulayliklarga chidamli, uzoq yashaydigan oʻsimliklarni tanlash kerak. Mamlakatimizda iqlimi va ekologiyasi eng ogʻir hududlardan biri — Navoiy viloyati. Viloyatda yirik kimyo va sanoat korxonalari mavjudligi tufayli shahar atmosferasida zararli gaz miqdori ruxsat etilgan meʼyordan koʻp. Yana hudud quruq iqlimi, havo namligi pastligi, chang boʻroni tez-tez kuzatilishi va yozda harorat yuqori boʻlishi bilan ajralib turadi. Bunday sharoitda “yashil” hudud yaratish bilan ekologiyani, aholi turmush darajasini yaxshilash mumkin. Shu yil bahorda Navoiy shahrini “yashil” belbogʻ bilan oʻrash loyihasiga kirishilsa, juda zoʻr ish boʻlar edi. Buning uchun eni 12 metrli polosa olinadi va bu joyga toʻrt tupdan xandonpista koʻchati ekiladi. Albatta, bu aniq chegara emas. Qatorlar soni koʻproq boʻlsa yanada yaxshi. Shahar toʻliq “yashil” belbogʻ bilan oʻrab olinsa, bu holat ekologiyaga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Xullas, “yashil” belbogʻlarni dastlab ekologik holati ogʻir boʻlgan hududlardan boshlash zarur.

Viloyatdagi ikkinchi “yashil” belbogʻ bilan oʻraladigan hudud deb Zarafshon shahrini tanlash mumkin. Chunki shahar atrofini Qizilqumning katta konlari egallab yotibdi. Ammo, bu konlarga bir necha yuz kilometrdan, yaʼni Amudaryodan katta quvurlarda suv tortib kelingan. Ushbu quvurlar usti tuproq bilan yopilgan boʻlsa-da, atrofiga pista, oʻrik, qaragʻay daraxtlarini ekish ijobiy natija beradi. Chunki, suv oʻtgan joylar yopiq boʻlishiga qaramay, zax yetarli darajada boʻladi. “Yashil” belbogʻni nafaqat Navoiy va Zarafshon shaharlarida, balki Qashqadaryo, Surxondaryo yoki Qoraqalpogʻistondagi katta sanoat korxonalari joylashgan barcha hududlarda barpo etish mumkin. Qoraqalpogʻistonda Orolning qurigan tubidan tashqari ham degradatsiyaga uchragan maydon koʻp. Ana shu joylarda reja asosida ishlash zarur. Sanoat korxonasi atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqaryaptimi, demak, bu korxona oʻzida xizmat qilayotgan insonlarning sogʻligʻi, qolaversa, ularni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash uchun yashil polosalar tashkil qilishga kirishishi lozim.

Mamlakatimiz hududida “yashil” belbogʻlar tashkil qilsak, birinchidan, tabiatni, ekologiyani yaxshilaymiz. Ikkinchidan, oradan toʻrt- besh yil oʻtgach, tonnalab pista, oʻrik hosilini yigʻib ola boshlaymiz. Axir bugun bozorlarimizda eng qimmat quruq mevalardan biri xandonpista. Oradan yillar oʻtib, biz katta miqdordagi pista va oʻrik, turshak eksportchisiga aylanishimiz mumkin.

Uchinchidan, “yashil” belbogʻ barpo etish natijasida eko yoki agroturizm rivojlanib, sayyohlar jalb qilinadi. Yangi ish oʻrinlari ochiladi va xalq xoʻjaligining koʻplab tarmoqlari rivojlanadi. Xullas, “yashil” belbogʻlarni bosqichma-bosqich shakllantirishga kirishish zarur. Albatta, buning uchun texnika vositalari, koʻchatlar, mutaxassislar va ishchi kuchi kerak. “Yashil” belbogʻlar natijasida sekin-asta yangi yer maydonlari paydo boʻladi. Shuningdek, shaharlarda havo harorati nisbatan yumshaydi. Bundan tashqari, salqinlash va ozuqa topish uchun qushlar, hayvonlar kela boshlaydi, yangi ekotizimga asos solinadi.

Biz bu ishlarni bugun bajarishimiz kerak. Ertaga kech boʻlishi mumkin. Dunyoda bu borada katta ishlar boshlangan. Har bir mamlakat oʻz aholisi, sogʻligʻi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishning turli yoʻllari va usullarini izlab topmoqda. Oʻtmishda Orol dengizini quritish bilan bogʻliq katta xatoga yoʻl qoʻyganmiz. Endi bu kabi xatolarni takrorlamaslik, kelajak avlodga yashil va obod mamlakat qoldirish uchun bu ishlarni bajarishimiz shart.

Dilorom YORMATOVA, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.