Ilm, qaror va amaliyot: Bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli

0
318
marta koʻrilgan.

Abdulla Avloniy hikmati: Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmoq – tanini pok tutmoq, yosh vaqtidan maslakini tuzatmoq,  yaxshi xulqlarni oʻrgatmoq, yomon xulqlardan saqlab, oʻstirmoqdir.

 Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Oila kichik Vatan, oila tinch boʻlsa, baxtli boʻlsa, Vatan tinch boʻladi” deganlarida ming bora haq edilar. Xaqiqatdan ham Bolalar va yoshlarning tarbiyasi, ayniqsa, maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi barcha davrlarda jamiyatning ustuvor vazifalaridan boʻlib bu eng avvalo oilada shakllangan.

 Davlatimiz tomonidan bugungi kunda farzand tarbiyasi, yoshlar tarbiyasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi  Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashkil etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi  Qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi ” tasdiqlandi. Mazkur Konsepsiyada oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muxitni yaxshilash, ayniqsa, yosh avlodda maʼnaviy-axloqiy, odob qadriyatlarini tarbiyalash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi boʻyicha olib boriladigan ishlarning samaradorligini oshirish  ikki yoʻnalishda ish olib borishni taqozo etadi.

Birinchidan, ota-onalar bilan olib boriladigan ishlar. Avvalam bor, ota-onalar farzandlari uchun masʼul ekanliklarini his qilishlari zarur. Farzandlarini, faqatgina, moddiy jihatdan taʼminlash, nazorat qilish emas, ularga yaqin doʻst, sirdosh boʻlishlari, muammolarini hal etishda koʻmakdosh boʻlishlari, tushunmagan narsalarini tushuntirish uchun maslahatgoʻy boʻlishlari lozim. Buning uchun ota-onalarning oʻzlari zamon bilan teng qadam tashlashlari, oʻz faoliyatini yuksaltirish maqsadida muntazam ishlashlari zarur. Ota-onalar bilan oʻtkaziladigan tadbirlarda mana shu holatlarga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Hozirgi vaqtda farzandlari bilan birga chet tillarni, kompyuterdan foydlanishni oʻrganayotgan, birgalikda sport bilan shugʻullanayotgan ota-onalarimiz talaygina.

Ikkinchidan, bolalar va yoshlar bilan olib boriladigan ishlar. Bu yoʻnalish eng masʼuliyatli boʻlganligi sababli, batafsilroq toʻxtalib oʻtamiz. Bugungi kunimizni “informatsion xurujlar davri” desak toʻgʻri boʻladi.Yoshlarimiz internet tarmoqlari orqali xoxlagan maʼlumotlarini olish imkoniyatiga ega boʻlgan bugungi kunda ularning eʼtibori va hurmatini, ishonchini qozonish uchun har birimiz bilimli, salohiyatli, izlanuvchan va keng maʼnoda tadbirkor boʻlishimiz kerak. Yoshlarni qiziqtirishni oʻziga xos usullarini amalda qoʻllashimiz zarur.

Xamkorlik. Bolalar va yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi natijador boʻlishi uchun   oilalarga qator tashkilotlarimiz yordam berib kelmoqdalar. Xususan, Yoshlar ittifoqi, taʼlim muassasalari, tuman mahallalar Kengashi, mahalla fuqarolar yigʻinlari, tibbiyot muassasalari va boshqa hamkor davlat va nodvavlat tashkilotlari.

Zamonaviy maʼlumotlardan foydalanish. Yoshlar bilan oʻtkaziladigan tadbirlarda ularning qiziqishlarini eʼtiborga olgan holda suhbatni tashkil etish. Masalan, qanday musiqani yaxshi koʻradi, nima uchun? Chet ellik sayyoh Oʻzbekistonni taʼriflab berishni soʻrasa, qanday taʼriflagan boʻlar eding? Oʻzbekistondagi ( viloyatdagi, tumandagi) eng goʻzal binolarni aytib ber va taʼriflab ber. Jamiyatdagi eng xurmatli inson qanday inson deb oʻylaysan? Kelgusida qanday ixtirolar boʻlishini istaysan va nima uchun? Ota-onangga mehringni qanday soʻzlar bilan ifodalar eding? Ota-onaga yordam nima? Siz ota (ona) boʻlsangiz nimalarga eʼtibor bergan boʻlar edingiz? kabi mavzudagi savol-javob kechalari oʻtkazilmoqda.

Internetdan foydalanish qoidalari boʻyicha tadbirlar. Bunday tadbirlar viloyatning “Nurli hayot”, “Oqtepa”, “Gulshan” kabi qator mahallarida, kasb-hunar kollejlarida xamda “Yoshlar ittifoqi ” yetakchilari bilan oʻtkazildi.

Asrlar davomida shakllangan urf-odatlarga, qadriyatlarga mehr uygʻotish.

Yoshlar bilan amaliy tadbirlar xam koʻp oʻtkaziladi. Xamir qorib, non yopish jarayonida ishtirok etish, chuchvara, koʻk somsa kabi oʻnlab milliy taomlarimizni tayyorlashga oʻrganish, milliy jihozlarni tikish, tomorqada ishlash kabi xayotiy jarayonlarni kuzatish, oʻrganish. Bunday tadbirlar “Beruniy”, “Navroʻz”, “Maʼnaviyat” mahallarida oʻtkazildi.

Kitobxonlik. Hamma uchun tanishdek koʻringan bu jarayon turli  shakl va uslublarda oʻtkaziladi(yoddan sheʼrlar va sitatalar aytish, tarifga qarab qaxramonlarni topish, qisqa tekst mazmunidan kitobni topish, maʼlum asarlar boʻyicha muhokamalar oʻtkazish, ota-onalari bilan oʻqigan kitoblari va undagi qaxramonlarga ota-onalarining va oʻzlarining munosabatlari  kabi oʻnlab shakllarda). Koʻp hollarda yoshlar kelgusi uchrashuv uchun tadbir shaklini oʻzlari belgilaydilar. Bunday tadbirlar tumandagi 1-sonli, 22-sonli, 20-sonli maktablarida, iqtisodiyot kasb-xunar kollejida oʻtkazildi.

Taniqli va el-yurt xurmatiga sazovor boʻlgan insonlar bilan uchrashuvlar, savol-javob kechalari. Masalan, Oʻzbekiston qahramoni Sh.Rajabov, “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sovrindorlari pedagog Sh.Razzaqov, shifokor N.Bekchonov va boshqalar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Bir soʻz bilan aytganda, barchamizning maqsadimiz — bilimli, vatanparvar, maʼnaviyati yuqori, odobli- axloqli farzandlarni tarbiyalashdir. Bu vazifani bajarishga juda koʻp tashkilotlar masʼul boʻlsalarda, biroq bolalar avvalo oilada tarbiyalanadilar. Shu bois, muhtaram Prezidentimiz alohida taʼkidlaganlar: “Oila kichik Vatan, oila tinch boʻlsa, baxtli boʻlsa, Vatan tinch boʻladi”.

Oʻylaymizki oʻtkazilayotgan har bir davra suxbati, uchrashuv, koʻrik-tanlov yoki xonadonlarga tashrif boʻladimi boʻlarning barchasining maqsadi farovon, baxtli oilani barpo etish, oilalarda vatanimizga xizmat qiladigan yoshlarni tarbiyalash va oilalar tinchligini mustaxkamlashga koʻmaklashishdir.

 Ravshonbek BABAJANOV

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi

Xorazm viloyat boshqarmasi boshligʻi

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.