Toshkent davlat sharqshunoslik institutida oʻzbekistonlik va hindistonlik olimlar hammuallifligida tayyorlangan “Urdu sheʼriyati” monografiyasining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida chop etilgan monografiya Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Muhayyo Abdurahmonova va Hindistonning Javoharlal Neru universiteti professori Xoja Ikromiddin oʻrtasidagi ilmiy-ijodiy hamkorlikning mahsulidir. Kitob urdu tilida yozilgan boʻlib, Hindistondagi ilmiy adabiyotlarni tayyorlashga ixtisoslashgan “Brown book publications” nashriyotida bosmadan chiqdi. Kitobda XIII asrdan to hozirgacha boʻlgan davr mobaynida urdu sheʼriyatining shakllanishi va tadrijiy rivojlanishi batafsil yoritilgan.
Taqdimotda Hindistonning Oʻzbekistondagi Laʼl Bahodir Shastri nomidagi Madaniyat markazi direktori, professor Chandra Shekhar, Javoharlal Neru universitetining professorlari Xoja Ikromiddin va Axlaq Ahmad Ansoriy ham ishtirok etdi.
Chandra Shekhar soʻzga chiqib, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Javoharlal Neru universiteti oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik samarali yoʻlga qoʻyilganini, ikki mamlakatning ilm-fan va taʼlim sohasidagi aloqalari izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Hindistonlik professor Xoja Ikromiddin esa 2018/2019 oʻquv yilidan Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat olib borayapti. U mazkur institut oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati, hindiy va urdu tili boʻyicha tahsil olayotgan talabalar, magistrlarning bilim darajasi yuqori ekanini qayd etdi.
Barno MELIQULOVA, OʻzA