Qurolli Kuchlar akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi huzuridagi oliy va oʻrta maxsus harbiy oʻquv muassasalarining ilmiy-uslubiy kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Prezidentning davlat maslahatchisi Rustam Qosimov hamda barcha oliy harbiy taʼlim muassasalarining boshliqlari qatnashdilar. Tadbir davomida joriy yilning 13 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi bayonnomasida koʻrsatilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi huzurida ilmiy-uslubiy Kengash tashkil etish toʻgʻrisidagi vazifalar ijrosi borasidagi ishlar keng koʻlamda muhokama qilindi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasi huzuridagi oliy va oʻrta maxsus harbiy oʻquv muassasalarining ilmiy-uslubiy kengashi vazifalari, funksiyalari, shu jumladan, birinchi navbatda bajariladigan ishlar hamda respublikamizdagi hamda chet el ilmiy tadqiqot taʼlim muassasalarida harbiy pedagog kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash istiqbollari haqida maʼruzalar tinglandi.
– Oʻquv-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish, oʻqitishning eng zamonaviy innovatsion usullarini chuqur oʻzlashtirish va mashgʻulotlar jarayoniga tatbiq qilish, rivojlangan mamlakatlar harbiy qurilishi tajribalarini tahlil qilib, mavjud xavf-xatar va tajovuzlarning rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda tinglovchilarni boy nazariy va amaliy bilimlar bilan boyitish akademiyaning professor-oʻqituvchilari uchun dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolaveradi. Bu boradagi ilmiy ishlarni umumlashtirish maqsadida “Harbiy taʼlim va fanda innovatsiya” jurnalini chop etish taklifini kiritdik va bu yigʻilish ishtirokchilari tomonidan maʼqullandi, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari polkovnik Xomidjon Dadaboyev.
Yigʻilish soʻngida tegishli qaror qabul qilindi.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati