Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 fevral kuni tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibini tubdan takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Unda ilgʻor xorijiy tajriba asosida litsenziya va ruxsatnomalar turlarini qisqartirish, ularni berish tartibini soddalashtirish va tegishli talablar bajarilishini monitoring qilishning oshkora mexanizmlarini ishlab chiqish davr talabi ekanligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman tarkibidagi maxsus Ishchi guruh ishini tashkil etishdagi asosiy yoʻnalishlarni belgilab berdi.
Binobarin, avvalo inson sogʻligiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari litsenziyalashdan chiqarib tashlanishi lozimligi qayd etildi.
Masalan, oʻquv markazlaridagi oʻqitish jarayoni fuqarolarning hayoti va sogʻligiga ziyon yetkazmasa-da, litsenziyalanadi.
Ayni paytda, ayrim litsenziya shartlari sohada raqobatni ham cheklamoqda.
Xorijiy tajribada litsenziyalash oʻrniga xabardor qilish, majburiyatni sugʻurtalash, oʻzini-oʻzi boshqarish, texnik tartibga solish kabi muqobil usullar mavjud. Misol uchun, turar joy obyektlarini noturar sifatida qayd etish uchun tadbirkor alohida ruxsatnoma olishi kerak. Vaholanki, buning uchun davlat idoralari xabardor qilinsa kifoya boʻlishi mumkin.
Xuddi shunday, rieltorlik, auditorlik, sud boshqaruvchiligi kabi faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchilarning javobgarligini sugʻurtalash yoki oʻz-oʻzini boshqarish tizimlariga oʻtkazish mumkin.
Shu munosabat bilan, Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ikki oy muddatda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini joriy qilish vazifasi yuklatildi.