Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz tomonidan yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni ragʻbatlantirish boʻyicha keng imkoniyatlar yaratilayapti. Jumladan, 14 ta Prezident maktabi, 185 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabi tashkil etildi. Ulardagi oʻqitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta umumtaʼlim maktabida ham joriy etildi. Iqtidorli bitiruvchilar uchun “Yangi Oʻzbekiston” universiteti ochildi.
Bular – yoshlarimizning jahon darajasida bilim olishi uchun zamin. Endi ularni toʻgʻri yoʻnaltirib, dunyodagi eng ilgʻor universitetlarda oʻqishiga koʻmaklashish zarur.
Oʻtgan oyda yoshlar bilan uchrashuvda Prezidentimiz shu borada qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Taqdimotda buning amaliy va tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Xususan, shu maqsadda joriy yil sentyabrdan xalqaro maktab faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar oʻgʻil-qiz saralab olinadi. Taʼlim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan – asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni oʻrgatuvchi fanlardan iborat boʻladi. Oʻquv yili 3 davrga boʻlinib, 11 oy davom etadi.
Prezidentimizning yana bir tashabbusiga muvofiq, yoshlarimizni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi. Bu yil dastlab 3 ming nafar oʻquvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.
Oʻquvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv oʻquv kurslarda oʻqitiladi. Yaxshi natija koʻrsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.
Keyingi muhim masala – chet elda oʻqigan yoshlarni vatanimizda oʻz sohasi boʻyicha munosib ish bilan taʼminlash. Bu borada “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzish taklif etilmoqda. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi. Xorijda taʼlim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25 mayda hamjamiyat qurultoyi oʻtkazilib, unda taʼlim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yoʻlga qoʻyiladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni tizimli yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.
Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 750 nafar vatandoshimiz xorijda oʻqiyapti. Mutasaddilarga yoshlarimiz uchun bu imkoniyatlarni yanada oshirish, jamgʻarma faoliyatini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.