Urganch shahridagi 35 ta mahallaning teng yarmini namunaviy mahallaga aylantirish boʻyicha qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Ularning biri “Yoshlik” – koʻchasidir. “Yoshlik” koʻchasining zamonaviy meʼmoriy uslubi koʻzni qamashtiradi desak xato boʻlmaydi. Mazkur koʻcha oʻrnida uch-toʻrt yil burun pastqam eski turar – joylar mavjud edi. Qisqa davrda uning qiyofasi tubdan oʻzgardi. Bu yerda kottej tipidagi turar-joylar bilan birga “Yoshlik” sport majmuasi, Turizm va mehmonxona xoʻjaligi kasb-hunar kolleji, bolalar bogʻchasi, 2-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi, bir-biriga uygʻun namunali turar-joylar qurildi. Bu yerda bunyodkorlik bosqichma bosqich amalga oshirilayapti. “Yoshlik” koʻchasidagi turar-joylarning aksariyati auksion asosida aholiga sotildi va bir xil meʼmoriy loyiha asosida qurish sharti bilan berildi. Hozir bu yerda bir yuz yigirma sakkiz xonadon istiqomat qilayapti. Turar-joylar ikki qavatli kottej uslubida boʻlib, uning birinchi qavati maishiy xizmat koʻrsatish shaxobchalari uchun moʻljallangan. Ularning birida muzqaymoq sotilsa, birida kompyuter tuzatish ustaxonasi, yana birida maishiy asbob – uskanalar tuzatish ustaxonasi yana birida shirin pishiriqlar doʻkoni, goʻzallik saloni, toʻy liboslari saloni joylashgan. Xullas, bu shaharcha odamlari oʻziga kerak barcha narsani shu yerning oʻzidan topishlari mumkin. Shuningdek, har bir xonadon egasi tadbirkorlik bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega. Bu esa oilalarga qoʻshimcha daromad, qut-baraka olib kelmoqda
Xorazmliklar urfu odatiga koʻra kechki mahalda eshigi oldiga suv sepib yurgan ayol bilan salomlashdik. U uyiga taklif qildi. Uy bekasi Zulayxoning besh farzandi boʻlib, eri Shavkat Solayev quruvchi ekan. Zamonaviy tipda qurilgan xonalarni bir-bir aylanib chiqib orqa hovliga chiqdik. Hovlida sozanda Xushnud Solayevga duch keldik. Ikki aka-uka yonma-yon uy olgan boʻlib, oʻrtada devor qurishmagan ekan.
– Termiz koʻchasida eski koʻp qavatli uylarda yashaganmiz, uning yonida bu uyimiz jannatga oʻxshaydi. Birinchi qavatda muzqaymoq sotadigan doʻkon ochdim. Bu xam oilamga qoʻshimcha daromad keltiryapti. Bu yerdagi har bir xonadonda ana shunday imkoniyat bor. Koʻrib turibsiz uylarning tashqi qiyofasi bir xil, uyning ichki xonalarini esa har kim oʻzining didi va oilasining talabiga qarab qurishga ruxsat berildi. Koʻchamizda “Yoshlik” sport majmuasi va Turizm va mehmonxona xoʻjaligi kasb-hunar kolleji joylashgan. Bular bolalarimiz taʼlim-tarbiyasida bizga qoʻl kelishiga aminman. Biz yashashga qulay va soʻlim ana shunday mahallada yashayotganimizdan juda xursandmiz, – deydi Xushnud Solayev.
Uyimiz yonida “Yoshlik” sport majmuasi borligi bizning, bolalarimizning baxti degim keladi. U yerda sportning barcha turlari boʻyicha toʻgaraklar mavjud ekan… – deydi xonadon sohibasi.
Bizga tikilib suhbatlarimizni qiziqish bilan eshitib turgan qizcha Ozodaxon etiborimni tortdi. U 28-maktabning 6-sinfida tahsil olar ekan. “Umid nihollarida qatnashdingmi?, – soʻradim undan. “Bu safar qatnashmadim. Kelgusi safar albatta qatnashaman. Bu tadbir uyimizning yonida boʻlib oʻtdi. Qiziqib tomosha qildim. Badiiy gimnastika bilan suv sportiga qatnashishni orzu qilyapman, u esa yonimizdagi sport majmuasida mavjud ekan.-deydi u.
Orzulari bir olam bu oila bilan xayrlashar ekanmiz, xonadon obodligi, toʻkinligi, orzularning qanot qoqishi mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlik ifodasi ekanligini yuragimizdan his qildik.
“Yoshlik” sport majmuasi. Ushbu maskan Urganch shahrining ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash va arxitektura qiyofasini oʻzgartirish maqsadida bunyod etilgan maskanlardan yana biri boʻlib, uni “Sport shaharchasi” deb nomlasak ham boʻladi. Zero, bu inshoat 10 gektar yerni egallaydi. Atrofi bogʻ-rogʻlarga burkangan. Majmua – shaharchada 1 ta yopiq sport maneji, 2 ta yopiq sport zallari, 1ta yopiq suzish havzasi va yozgi stadionlar barpo etildi. Unda gimnastika, suv sporti, boks, tennis, voleybol, futbol, ogʻir va yengil atletika, milliy kurash, dzu-do, yunon-rum kurashi, trenajyor zallari uchun alohida alohida yozgi va qishqi mashgʻulot zallari mavjud. Har bir bino sportning qay bir turiga moʻljallangan boʻlsa shunga moslashtirib bezatilgan.
Majmuaning bosh maydoniga “Sport – tinchlik elchisi” deb yozilgan. Yana shuni alohida taʼkidlash kerak – ki. ushbu shaharchada goʻzal yashil maydon yaratilgan. Xorazmda yerning shoʻrlik darajasi kuchli, ekin-tikin, bogʻ-rogʻ yaratish qiyin. Bu yerdagi manzarali yashil maydonlarni barpo etish uchun ularning tuprogʻi yuzasi bir metr olib tashlanib, serhosil dalalarning serunum tuprogʻi bilan almashtirildi. Bu yerda 42,2 milliard soʻmlik bunyodkorlik va obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlari bajarildi.
U yerda suzish boʻyicha trener Shavkat Xoʻjayev bilan suhbatlashdik, u bu yerga Toshkentdan taklif etilganligini faxr bilan gapirdi.
– Toshkentda ishlagan ekansiz poytaxt basseynlari bilan bellasha oladimi? – soʻradik undan.
– Inshoat Germaniya mutaxassislarining loyihasi asosida qurilgan. Ularning masʼuliyatli xalq ekanligini jahon tan oladi. Suv havzasiga kelsak, yuring oʻz koʻzingiz bilan koʻring, mana bu hovuz suvini isitish va tozalash xonasi. Hovuzdagi suv shu yerdan boshqariladi. Unga besh xil modda qoʻshiladi. Suv nihoyatda tiniq boʻlishi kerak, sportchilarning mashqlari, suv ostidagi har bir nozik harakati koʻrinib turishi lozim. Bu borada jahon talablariga javob beradi. Bu yerdagi birinchi musobaqa – “Umid nihollari” ishtirokchilarining bellashuvi boʻldi. Urganchlik sakkiz nafar oʻspirin yigit – qizlar gʻoliblar safidan oʻrin oldi. Ular orasida Madina Ibrohimova, Dilafroʻz Sayidova, Komila Qalandarova, Mexriniso Qoʻziyeva, Denis Galkin, Muhammad Abduraimov, Jalolidddin Shavkatov va Javohir Shaxnazarovlar bor. Ularni kuzatib mashqlarini muntazam davom qildirsa, jahon arenalarida javlon uradi, degan umiddaman. Men viloyatimiz yoshlari bilan faxrlandim. – deydi u.
Yangidan bunyod etilayotgan Yoshlik koʻchasining bir qismi “Mashʼal” mahallasiga tegishli. Ushbu koʻchaning orqa tomonida ham xuddi shunday yana bir yangi koʻchada bir-biriga uygʻun uylar bunyod etilyapti. Ichki koʻchadagi uylarda maishiy xizmatga rejalashtirilgan xonalar yoʻq, xalos.
Yangidan bunyod etilayotgan Yoshlik koʻchasining ichki tomonlari “Temir yoʻlchilar” mahallasiga qaraydi. Bu mahallada yana bir koʻcha “Gʻalaba” koʻchasi qaytadan bunyod etildi. Bu yerda 19ta koʻp qavatli turar-joy namunali tipda qurildi. Bu koʻchani koʻrganimda bolaligim esimga tushdi. Yoshligimizda tandirlar koʻcha yuziga qurilardi. Goh u uy yonidan goh bu uy yonidan non hidi ufirib turardi. Oʻtgan ketganga “non tuzini totib keting», deya mulozamat qilinardi. Mahalladagi keksalarga, yotgan bemorlarga issiq non olib kirilardi. Bu yerda ana shu qadriyat qayta tiklangandek tuyuldi menga. Ikkita uyga bitta novvoyhona qurilgan. Novvoyxonaning atrofi gulzorga aylantirilgan, dam olib oʻtiradigan yoz kezlarida muzqaymoq yeb suhbatlashib dam oladigan joylari ham mavjud boʻlib, ushbu imkoniyatlarga havasingiz keladi. “Bu massivda oʻnta novvoyxonamiz bor. Bu mahallamiz ahli uchun yangi ish oʻrinlari ham desak arziydi. Koʻrib turibsiz tandirlar ham ikkita birida non yopilsa, birida samsa yopiladi”. – deydi mahalla masʼul kotibi Muyassar Polvonova. Shuningdek, mahalla uchun qurilayotgan bino ham shu yerda joylashgan ekan. Bu avvalgi mahallaga qiyoslasak butunlay oʻzgacha qiyofada, zamonaviy loyiha asosida qurilgan. “Bu yerda mahalla idorasi, militsiya tayanch punkti, turli xil oʻquv markazlari joylashgan. Mahalla bolalariga turli tasviriy sanʼat, tikuvchilik, toʻquvchilik, duradgorlik kabi turli xil hunarlar oʻrgatilishi koʻzlangan. Yonida futbol va basketbol maydonchalari sport maydonchalari ham mavjud. Bu mahallamiz bolalarini sogʻlom durkun oʻsishiga va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishiga yordam beradi, – deydi Muyassarxon.
Shahardagi “Jingavuz” mahallasi viloyatda oʻtkazilgan “Eng namunali fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi” tanlovda gʻolib boʻldi. Bu mahallada ham faqat koʻp qavatli uylar joylashgan. Mahallaning oʻziga xos tomoni shundaki, oʻz duradgori, oʻz novvoyi, oʻz tikuvchisi, oʻz toʻquvchisi bor. Bu mahalla patent olib ishlayotgan hunarmand-tadbirkorlar juda koʻpligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun bu mahallada tarbiyasi ogʻir bolalar, jinoyat sodir etgan bolalar, ichki ishlar roʻyxatida turgan jinoyatchilar yoʻq. Eng namunali mahallalardan biridir.
Bu mahallaning oʻziga xos tomoni shundaki, yaqin-yaqingacha axlatxona boʻlib yotgan tashlandiq yerlar oʻzlashtirilib, sport maydonchalari, bolalar maydonchalari mahalladoshlarining kuchi bilan bunyod etildi. Mahalla atrofi ham turfa gullar bilan oʻrolgan boʻlib, moʻjazgina bogʻlarni eslatadi.
Shahar bilan bellashayotgan qishloqlar
Yuqori doʻrman. Urganch tumanidagi Yuqori doʻrman qishlogʻida 50ta uy foydalanishga topshirilib, uning har biri 2014 yilda 112 million soʻmdan narxlangan boʻlib 15 yilga kreditga berildi.
– Uyimiz Urganch shahridagi Guzar ota maqbarasi yonida boʻlib, eski uylar edi, mahallamiz buzilib ketdi. Mahalladoshlarimning barchasiga uy qurilishiga yer ajratishdi, hamda 70-80 milliondan mablagʻ berishdi. Ammo, uy qurishning oʻzi boʻladimi!. Koʻp qavatli uylarda yashashni taklif etishdi. Biz shahar bilan yonma – yon joylashgan Yuqori Doʻrman qishlogʻidagi namunali uylardan ajratishni hokimiyatdan iltimos qildik. Nafaqaga chiqishimda menga shunday goʻzal va shinam tayyor uy nasib qiladi deb hech oʻylamagan edim. Bir oʻgʻlimiz va ikki qizimiz bor, erim shofyor. Ikkala qizimni uzatganman. Koʻnglim tinchib maza qilib yashayapman. – deydi mamnunlik bilan Zamira Bekchanova.
– Biz ham shahardan koʻchib keldik. Bu uy bankda ishlaydigan oʻgʻlimga Umrbek Yusupovga berildi. Yosh oila sifatida oʻgʻlimga rasmiylashtirilgan uyda oʻgʻlim, kelinim va nevaralarim bilan yashaymiz. Qurilish boshlanganida 25 foyizini toʻladik. Qolganini 15 yil davomida toʻlaymiz. Eng asosiysi bunday uyni qurish oson emas. Qurilish materiallari juda qimmat. Agar oʻzim uy qurganimda bunday narxga shunday goʻzal uyni yigirma yilda ham qurib tugata olmasdim. Yangi uyning pulini birgalashib toʻlayapmiz.” – deydi Otaboy Yusupov.
– Men yurtimiz rahbarlaridan juda minnatdorman. Bu uylar yurtboshimiz taʼkidlagan soʻzlarning yaʼni shahar bilan qishloqning borib-borib farqi qolmaydi. Aksincha qishloq afzal boʻlib boradi, deganlarining aynan isbotidir” – deydi erining soʻzini qoʻllab quvvatlab Zulfiya Yusupova.
Xuddi ana shunday uylar Xorazmning har bir tumanida, har bir qishlogʻida qurilmoqda. Masalan, Xiva tumanining “Shomaxulun”, “Julyon”, “Sayot”, “Eskiqiyot” qishloqlarida qator naʼmunali uylar qurilib foydalanishga topshirildi. Xonqadagi “Olaja” qishlogʻida “Istiqlol” nomli yangi mahalla bosqichma bosqich bunyod qilindi
Rejalar, loyihalar, ulugʻvor qurilish maydonlari bilan tanishar ekanmiz, shunday xudosaga keldik: ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka erishilgan mamlakatdagina iqtisodiyot baravj rivojlanadi, yurt obodligi, xalq farovonligi yoʻlidagi saʼy-harakatlar koʻzlangan natijalarni beradi.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist